Noshirlarga imtiyoz, sifatli tarjimaga mablag` yo`q
AOKA jurnalistka va PR bilan shug`ullanishga o`tdi, nashiryotlarning ahvoli nima bo`ldi? Balki, nashriyotlar faoliyatiga qayg`urmagan agentlikning keragi ham yo`qdir.
Noshirlar tarmoq soliq imtiyozlariga ega emasligidan nolishmoqda, tarjimonlarni esa sifatsiz tarjima adabiyotlari o`ylantirmoqda. Barini chetda kuzatib turgan axborot ommaviy kommunikasiya agentligi PR bilan ovoradek.
Prezidentning “Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi qarorida tarjima bo`yicha agentlikka alohida vazifa yuklangan:
milliy adabiyotimizning eng sara asarlarini chet tillarga tarjima qilish bo`yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqishni amalga oshiradi, chet el adabiyotini o`zbek tiliga tarjima qilishni tashkillashtiradi, ularni moliyalashtirish, sifatli chop etish va tarqatish tizimini yo`lga qo`yadi;
Rost24.uzga intervyu bergan bir guruh tarjimonlar badiiy tarjima agentligi tuzish kerakligini ta`kidlamoqda. Ular bugun bozorni egallayotgan sifatsiz kitoblar va tarjima maktabining yo`qolib ketayotganidan tashvishda.
TARJIMONLIK QILIB RO`ZG`OR TEBRATIB BO`LMAY QOLDI
Ziyoda G`ulomova, tarjimon:
– Bugun havaskor tarjimonlar orqali yoki "hashar" yo`li bilan qilingan sifatsiz tarjima kitoblar bozorni egalladi. Sifatli tarjima kitoblar ham yo`q emas, ammo oz. O`zbek auditoriyasi ayni damda shu kitoblarni o`qishga majbur bo`lyapti. Bu kitobxonning savodsizlashuviga, o`quvchining badiiy didini «majruh» qilishga hissa qo`shmoqda. Bu kabi kitoblarning ko`payotgani o`zbek jamiyati uchun ayanchli, chunki bu borada hech kim mas`uliyatni bo`yniga olmayapti. Yaqinda yangi tarjima qilingan «To seni topgunimcha» asarini qiyoslash uchun sotib oldim. Ingliz tilidagi asli bilan taqqoslaganimda bir varaqning o`zida o`nlab xato chiqyapti. Adabiyot – so`z durdonasi. Ammo bugungi tarjimalarning oddiy qo`llanmadan farqi qolmayapti, chunki tarjima sohasiga e`tibor yo`q. Tarjimonlik qilib ro`zg`or tebratib bo`lmaydi. Yaxshi tarjima uchun grandlar ajratilmaydi. Davlat kitobxonlikni rivojlantirishga rag`bat ko`rsatyapti: “Spark” sovg`a qilish, turli tanlovlar... Balki sifatli kitob uchun ham shunday rag`bat bo`lish kerakdir? Yaxshi tarjimonlar boshqa sohalarda yuribdi. O`tgan asrda tarjimonlarga rag`bat etarlicha edi. Masalan, Erkin Vohidov Gyotening shoh asari «Faust»ni tarjima qilish davomida asarni to`la tushunib, his etish uchun Gyotening vatani Germaniyaga borgan. Rossiyaga borib, uni rus tiliga o`girgan tarjimon bilan suhbat qurgan. Ikki yil faqat asarni tarjima qilishga vaqt sarflagan.
Universitetlarda «Tarjima nazariyasi» yo`nalishlari bor. Lekin tarjima bilan shug`ullanayotganlar orasida bu yo`nalishni tamomlaganlar uchramaydi. Asar tarjima qilaman, deganlarning boradigan aniq manzili yo`q. Yozuvchilar uyushmasi tarjimonlarni o`z atrofida to`play olmayapti. Bugun tarjima maktabini yo`qotyapmiz, chunki tarjimonlarni jamlashga, ustoz-shogird an`anasi davom ettirishga sharoit, imkon yo`q. Shunday ekan, internet asrida bizni birlashtiradigan biror markaz tuzilsa, o`rinli bo`lardi.
BIZDA NAShRIYoTLARGA SOLIQ QO`YILGAN, AMMO DUNYoNING 70 DAN ORTIQ DAVLATLARIDA KITOB SOHASIGA IMTIYoZLAR BERILGAN.
Firuz Allaev, “Asaxiy Books” xususiy nashriyoti rahbari:
– Bozor iqtisodiyoti sharoitida nashriyotlarga hech qanaqa moliyaviy yordam yo`q. Ularga hech qanday soliq imtiyozlari berilmagan. Natijada nashriyotlar o`zini-o`zi boqishga mahkum. Bugun kitob ham boshqa bizneslarga o`xshagan biznes. Xalq kitob kam o`qigandan keyin, kitobga talab kam. Oqibatda nashriyotlar moliyaviy tomondan og`ir ahvolda. Ular tarjimon, korrektor, muharrir kabi xodimlarga to`lanadigan haqdan, qog`ozdan, umuman, pul tejash mumkin bo`lgan hamma joydan pul tejamoqda. Pul tejalgan sari kitoblarning sifatida muammo bo`lyapti. Aksar nashriyotlar qarzga botgan, xodimlari bir necha oydan beri oylik olmayapti. Nashriyotlardagi professional muharrirlar va tarjimonlar axborot saytlariga o`tib ketdi. Masalan, nashriyot 3 million oylik to`lashga qiynalsa, axborot saytlari bemalol 5-6 million oylik bera oladi. Bitta kitob daromad keltirishi uchun kamida 10000 nusxada sotilishi kerak, lekin aksar kitoblarning tiraji 3000 taga bormayapti.
Bizda esa el qatori nashriyotlarga soliq qo`yilgan, ammo dunyoning 70 dan ortiq davlatlarida kitob sohasiga imtiyozlar berilganini kuzatish mumkin. Chunki bu – ijtimoiy muhim soha. Masalan, Buyuk Britaniyada nashriyotlar umuman soliqlardan ozod qilingan bo`lsa, Fransiyada 20 foiz o`rniga 5,7 foiz soliq to`lashadi. Shimoliy Evropa davlatlarida soliq imtiyozlaridan tashqari davlat byudjetidan har bir chiqqan kitobdan 2000 nusxada sotib olinib, kutubxonalarga tarqatiladi. Bizda esa nashriyotlar qanaqa moliyaviy holatda ekanini bilishi uchun aksarining ofisiga borib, ish sharoitlarini ko`rish etarli.
Agar kitoblar ustidan qattiq nazorat o`rnatilsa bu sifatning yaxshilanishiga emas, senzura va korrupsiya ko`payishiga olib keladi. Shuning uchun ham bu sohada butun dunyodagi kabi bozor qoidalari amal qilishi, haqiqiy bahoni iste`molchi berishi juda muhim. Kim sifatsiz mahsulot chiqarsa, o`shaning mahsuloti o`tmay qoladi.
"YoZUVChILAR UYuShMASI TARJIMONLARNI BIRLAShTIRA OLMAYaPTI"
Alisher Fayzullaev, tarjimon:
– Badiiy tarjima chala o`lik holatda hozir. Do`konlarni «gogle-tarjima» kitoblar bosgan. Mazmun yo`q, so`z ustida ishlanmagan, qaytariqlar ko`p, fikrlash o`zbekcha emas, faqat kitob dizayni ko`zni quvnatadi. Bitta asarni tarjima qilish uchun ba`zida yillab vaqt ketadi, shunda tarjimon til imkoniyatlaridan to`liq foydalanib, asarni «sayrata» oladi. Ayni kunda bir-ikki oy ichida havaskor yoki pulga muhtoj talabalar orqali qilingan tarjimalar peshtaxtalarni to`ldiryapti. Hozir qaysi kitobni tarjima qilish kerakligini kitob savdosi bilan shug`ullanayotgan tadbirkorlar tanlaydi. Bu borada ular didli bo`lsa, nur ustiga a`lo nur, aks holda, kitob bozori yana bir xontaxta tagiga ko`tarma bo`ladigan kitobga boyidi. Tarjimonning asosiy ishi tarjima bo`lsagina, u samarali ish qilishi mumkin. Ro`zg`or tashvishlari, sharoit haqida o`ylamagan kishigina yaxshi ijodkor bo`ladi. Buning uchun “gonorar” masalasini to`liq hal qilib olish kerak. Ya`ni buning uchun butun intellektual mehnat uchun beriladigan haq – gonorarni tartibga soladigan tashkilot – agentlik bo`lishi kerak. Shunda bechora tarjimonlar olishi lozim bo`lgan haqining ketidan bugungiday yugurmasdi, qilgan tarjimasini olib haqini bermay ketgan kitobfurushlarni izlab yurishga vaqtini sarflamasdi. Sudlashib, gonorar undirishga vaqtini ham, asabini ham ketkazmasdi. Tarjimonning huquqi ham, muallifligi ham himoya etilmayapti, professional tarjimani qo`llab-quvvatlaydigan birorta tizim yo`q. Yozuvchilar uyushmasidagi tarjima bo`limi shu soha mutaxassislarining boshini qovushtiradigan tizim sifatida ishlay olmayapti. Deylik, mamlakatda turli yo`nalishdagi qancha tarjimonlar bor. Ular nima bilan mashg`ul, har birining qo`lidan nima keladi, bu kabi savollarga javobni tarjima bo`limi bera olishi kerak. Shu orqali tarjimonlarning boshini biriktirib, biror loyiha uchun foydalanishi, yo`naltirishi mumkin bo`lar? Afsuski, hozir unday emas .
"BIZGA TARJIMONLIK AGENTLIGI KERAK"
Nodirabegim Ibrohimova, tarjimon:
– Texnologiyalar rivojlangan davrda imkoniyatlardan foydalansak to`g`ri bo`lardi. Bizga badiiy tarjimonlik agentligi kerak. Bu – xalqaro adabiy-badiiy aloqalarni rivojlantirish uchun ham muhim. Hozir tarjimonlikda ustoz-shogird an`anasida uzilish bor, shu tufayli yosh tarjimonlar qo`liga ilingan asarni tarjima qilyapti. Nashriyotlar ommabop kitoblarga ko`proq buyurtma berishadi, klassik asarlarni xaridori kam. Bir nodir kitob tarjima qilindi deylik, ammo noshir uning sotilishiga ishonmasa, chop etishga ikkilanadi. Bozor xaridorga bog`liq. Aksar kitobxonlar "engil hazm bo`ladigan", sodda kitoblarni tanlashyapti. Tarjimonlar ham arzimas gonorar oladi, bir necha oy kitob ustida tarjima jarayonini boshdan kechirgan odam buning qiyinchiligini yaxshi tushunadi. Ayrim adabiy jurnallarda sara asarlarni o`qib turamiz, chunki muharrirlar tarjimonlardan yaxshi tarjimalar so`rashadi. Ammo u erda ham qalam haqi kam, hammasi adadga bog`liq. Men o`n yildan beri tarjimachilik bilan shug`ullangan bo`lsam, o`nta tarjima kitobim chop etildi, hisoblab ko`rsam, gonorar mehnatimga arzimaydi, ammo bu mashg`ulotni yaxshi ko`raman, kitobxonlarga o`girmalarim etib borishini istayman. Ularning e`tirofi xursand qiladi. Yozuvchilar uyushmasida tarjima asarlar kamdan-kam chop etiladi, grantlar ajratilmaydi. Xalqaro adabiy aloqalarimiz juda sust. Aslida qanchadan-qancha o`zbek yozuvchilarini jahon maydoniga olib chiqish imkoni bor, bunga katta mablag` ham, vaqt ham ketmaydi, ammo shu ish negadir qilinmaydi. Men o`z hikoyalarimni rus, ingliz, turk, Vetnam, ispan tillarida jahonning turli davlatlari jurnallariga berdim, chop etishdi, iliq fikr bildirishdi. Ular hamisha adabiy aloqalar uchun tayyor.
Mazkur masala yuzasidan O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo`limi bilan bog`landik. Bo`lim mutaxassisi Risolat Haydarovaning aytishicha, chindan bugun bozorlarda sifatsiz tarjima kitoblar ortmoqda. Mutaxassis ham buning sababini nashriyotlarda tarjimonlarga etarli haq to`lanmayotgani, shu bois kitoblar “Gogle tarjimon” dasturida o`zbek tiliga sifatsiz o`girilayotanida deb izohladi.
Maftuna KARIMOVA