Avval davlatga tegishli bo`lgan, ya`ni xalq mulki hisoblangan bir qancha yirik ob`ektlar Prezidentning muxsus farmoniga ko`ra, 2021 yilda xususiylashtirildi. Rost24.uz sayti o`tgan yilda sotilgan eng yirik ob`ektlar ro`yxatini jamladi. Xalq mulkini sotib olganlar orasida hukumat vakillariga yaqin shaxslar ham bor.
1. Coca-cola Uzbekistan 252,28 million AQSh dollari
O`zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Koka-kola Ichimligi O`zbekiston» MChJ (Kompaniya) ustav kapitalidagi 57,118 % davlat ulushini «Coca-cola Içecek kompaniyalar guruhiga, 252,28 million AQSh dollariga sotish (bitim) bo`yicha kelishuvga erishilganini ma`lum qildi.
Ushbu kompaniyaning sotilishiga Mirziyoevning 2019 yilda davlat hissalarini investorlarga sotish to`g`risidagi qarori asos bo`lgan.
2. Chilonzordagi harbiy shaharcha 266,4 milliard so`m
Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan harbiy shaharcha dastavval 204,9 milliard so`m boshlang`ich narx bilan auksionga qo`yilgan edi.
Deyarli bir yarim soat davom etgan savdoda ushbu davlat mulki 266,4 milliard so`mga “Do`mbirobod City Group” MChJga sotilgan. Rezerv g`olib "Build power" MChJ.
Eng qizig`i, auksionda g`olib bo`lgan “Do`mbirobod City Group” MChJ aslida 2021 yilning 2 dekabr kuni ochilgan. Auksion esa 13 dekabr kuni bo`lib o`tgan. MChJning ustav kapitali 1 trillion so`m.
Harbiy shaharcha 1940 yilda qurilgan bo`lib 27,86 gektar hududni egallagan, undagi bino va inshootlarning umumiy maydoni 29,8 ming kvadrat metrga teng. Barcha kommunikasiya – elektr energiyasi, gaz, suv ta`minoti va kanalizasiya mavjud. Ob`ekt hududida qorovulxona, bir nechta bostirma, oshxona, ma`muriy bino, omborxona, ustaxona, garaj, rezervuarlar mavjud.
Avvalroq O`zbekiston Mudofaa vazirligining foydalanilmayotgan avtomototransportlari ham sotuvga qo`yilgan edi.
3. “Toshkent savdo markazi” 242,8 milliard so`m
Xalq orasida “GUM” nomi bilan mashhur Toshkent Savdo markazi joriy yil yanvar oyidayoq 242,8 milliard so`mga sotildi.
Uning narxi dastavval 273,1 milliard edi. Biroq arizalar yo`qligi sabab yozda uning narxi 30 milliard so`mga arzonlashtirilgan. Uni sotib olgan “Buyuk Eko Savdo” MChJ yagona arizachi bo`lib 2019 yilda xalq xo`jaligi mahsulotlarini import qilish maqsadida tuzilgan.
“Toshkent savdo markazi” sotilgan vaqtida O`zbekistondagi onlayn-auksion maydonchasi faoliyati tarixidagi eng yirik va qimmat lotlardan biri hisoblanadi. Savdo markazi 3,9 gektar hududda joylashgan bo`lib, binolar egallagan maydon 40,7 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bino avvaliga “Davlat universal magazini” sifatida qurilgan. 2000 yildan 2011 yilga qadar u erda Turkuaz do`koni joylashgan edi.
4. DXXning sobiq binosi. 210 milliard so`m
Toshkent shahri, Sayilgoh ko`chasi manzilida joylashgan sobiq "Markaziy bino" bo`yicha 210 milliard so`m sotib olish narxi bilan "METROPOL GROUP" MChJ savdo g`olibi, deb topildi. Ushbu g`olib MChJ O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o`g`liga qarashli ekani haqida ma`lumotlar bor.
Shuningdek, OAVda mazkur bino madaniy meros sifatida ro`yxatga olingani va uning hech kimga sotilmasligi haqida tegishli organlar ham munosabat bildirib o`tgan edi.
5. «Gazetalar ishlab chiqarish majmuasi» 78 milliard so`m
Tenderda "Metro Plaza" kompaniyasi g`olib bo`lgan.
«Gazeta korpusi» nomi bilan mashhur binoni sotib olish bo`yicha tenderda g`olib bo`lgan kompaniya asoschilari qatorida aka-uka Mamasaidovlar va Mirodil Fazilov bor.
Ma`lumotlariga ko`ra, “Metro Plaza” MChJ 2021 yil 21 aprelda 20 milliard so`mlik ustav kapitali bilan ro`yxatdan o`tgan. Asosiy faoliyati - biznes va menejment masalalari bo`yicha konsalting. Kompaniya asoschilari Mirodil Fozilov (50%), Xasan Mamasaidov (25%) va Husan Mamasaidov (25%), rahbari Oyatullo Asqarov.
Oyatullo Asqarov shuningdek, "Burchmulla resorts" MChJ ga ham rahbarlik qiladi.
Hasan-Husan Mamasaidovlar Office Market (poligrafiya), «Dekos» (reklama mahsulotlari va biznes sovg`alarini etkazib berish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan) kompaniyalariga hamda «MFactor» loyihasi (biznes va tadbirkorlik haqidagi YuuTube loyihasi)ga asos solgan taniqli tadbirkorlar hisoblanadi.
Mirodil Fozilov ham turar joy binolari qurilishiga ixtisoslashgan Oazis Lux Investments (50 foiz, Oazis mehmonxonasi) va Royal Centeral Development (100 foiz) kompaniyalarining ulushiga egalik qiladi.
Bino poytaxtning Mirobod tumanidagi Buxoro va Nuroniylar ko`chalari kesishmasida joylashgan. Umumiy er maydoni 1,2 gektarni, bino va inshootlarning maydoni 19152 kv.m ni tashkil etadi, shundan qurilish uchun 17863 kv.m ajratilgan.
6. “Ichan qal`a” mehmonxonasi 74,2 milliard so`m
Bu yirik ob`ekt ham avvallari O`zbekistonning Birinchi Prezidenti qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo`lgan. Biroq 2017 yilda davlat hisobiga o`tkazilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining joriy yil 17 iyundagi axborotiga ko`ra Birlashgan Arab Amirliklarining “Kuadro” kompaniyasi poytaxtdagi «Ichan qal`a» mehmonxonasini sotib olish bo`yicha tenderda g`olib chiqdi. Boshqa OAV ham, mehmonxona ilgari Gulnora Karimovaga tegishli bo`lganligini yozishdi.
«Ichan qal`a» mulk kompleksi poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi Yusuf Xos Hojib ko`chasida joylashgan.
“Kuadro” kompaniyasi – BAAning to`g`ridan to`g`ri investisiyalar jamg`armasi boshqaruv kompaniyasi “Kuadro Capital Partners”ning bir qismi bo`lib, Rossiya va boshqa MDH mamlakatlarida o`sish va inqirozni boshqarish investisiyalariga ixtisoslashgan. Kompaniya 2009 yilda "Troika Dialog" investisiya kompaniyasining vakillari tomonidan tashkil etilgan.
O`tgan yillar davomida “Kuadro Capital Partners” Rossiyaning bir nechta loyihalariga, masalan, Fix Price do`konlari tarmog`i, «Monetka» supermarketlar tarmog`i, MX Group, Fix club avtomobil mahsulotlari bozori va boshqalarga sarmoya kiritgan.
Bir so`z bilan aytganda omadli sotuvlardan biri aynan "Ichan qal`a" mehmonxonasi bo`lgan
7. Chorvoqdagi ikki davlat aktivi. 15,576 milliard so`m
“Geoburtexnika” dam olish maskani va “Gidroenergetik” sport-sog`lomlashtirish oromgohi ham 2021 yilda sotilgan davlat aktivlari qatoriga kiradi.
Bo`stonliq tumanida joylashgan, “Geoburtexnika” auksionida atigi 2 nafar talabgor ishtirok etgan va natijada 8,499 milliard so`mga sotildi.
Shuningdek, boshlang`ich narxi 3,574 milliard so`m bo`lgan “Gidroenergetik” sport-sog`lomlashtirish oromgohi ham 7,077 milliard. so`mga xususiy sektorga sotildi.
Auksion g`olibida 5,2 gektar er maydoniga ega bo`lgan ushbu ob`ektda 24 oy mobaynida turistik xizmat ko`rsatish majmuasi, shu jumladan, 3 yulduzli, kamida 3 qavatli, 100 o`rinli mehmonxona faoliyatini tashkil etish majburiyati mavjud.
Ayrimlar uning sotilgan narxi juda arzonligini aytsa, boshqalar bu qachonlardir bolalarning dam olishi uchun juda qulay joy bo`lganini aytishgan.
Shuningdek, hozirda Chorvoqning o`zi ham to`laligicha sotuvga qo`yilgan.
Bularning hammasi ehtimol yaxshidir. Axir davlat aktivining xususiy sektorga berilishi bu bozor iqtisodiyotidan darak. biroq ularni sotishdan tushayotgan mablag`lar nimalarga yo`naltirilyapti? Davlatning muhim, yirik ob`ektlari shaffof auksion orqali sotilyaptimi, mana shu savol ham ochiq qolmasligi kerak bizningcha?