Maktabga borish uchun 15 km. og`ir yo`lni piyoda bosib o`tayotgan O`zbekiston bolalari

22.12.2020 12:19

Rost24.uz axborot sayti muxbiri Samarqandning olis qishloqlaridan 10-15 km. uzoqlikdan, og`ir sharoitda maktabga piyoda qatnayotgan bolalar hayoti bilan tanishdi.

Hokimliklar “Trailbrezer” avtomobilidan foydalanishni ko`zlab yurgan bir vaqtda, Samarqand viloyatining Qo`shrabot tumanidagi olis qishloqlarda o`quvchilar 15 kilometr uzoqlikdagi maktabga piyoda qatnab kelmoqda.

14-15 km. uzoqlikka maktabdan uyiga qaytayotgan o`quvchilar

Aniqrog`i, Qo`shrabot tumanining Oqtosh qishlog`idagi 51-umumta`lim maktabiga boshlang`ich sinfni tugallagan maktab o`quvchilari olis va mashaqqatli yo`ldan qatnab tahsil olishadi. Ayni vaqtda ushbu maktabda 218 nafar bola ta`lim olib kelmoqda. 

Maktabning ikkita boshlang`ich filiali mavjud bo`lib, 4-sinfdan boshlab o`quvchilar Qo`shhovuz qishlog`idan naq 15 km. yo`l bosib umumta`lim maktabiga keladi. Dars tugagach esa yana 15 km.ga yayov qaytib ketadi. 

Qishloqlar jug`rofiyasini kuzating. Qo`shhovuz — 15 km., Birlik, Ustik, Otquloq — 14 km., Yong`oqli, Duoba —13 km., Noqi — 12 km., Jala — 6 km. Oqtosh qishlog`idagi 11 yillik umumta`lim maktabidan uzoqlikda joylashgan. Bundan bir necha yil avval Qo`shrabot tumanining o`sha paytdagi hokimi o`quvchilarning maktabga qatnashiga yordam berish niyatida "Gazel" mashina keltirishni taklif qiladi. Biroq, taklif taklifligicha qolib ketdi, amalga oshmadi. Bu qishloqlar bolalari hozirda piyoda yoki amallagani eshak va otlarda maktabga qatnamoqda. 

51-umumta`lim maktabi o`qituvchilari esa maktabni internatga aylantirishni bir necha yillardan beri taklif qilib kelishadi. 

“40 yilga yaqin qishloq maktabida dars berdim. To`g`risi, maosh kam bo`lsa ham, chidadik, boriga qanoat qildik. Bugun o`qitgan o`quvchilarim bilan faxrlanaman. Ammo, o`ylab ko`ring, olis tog`li joy – 14 -15 km.ga bola qatnab, yana uyiga qaytishi kerak. Tog`li hududlarda qishning qorli kunlari bor, sovuq kunlarni aytmaysizmi? Juda ko`p ota-onalar keksa faxriylar nomidan iltimosimiz, shuki, maktabning o`zida bolalar yotib o`qishlari uchun maktab internat yotoqxona qurilishi kerak. 

Shanba-yakshanba kunlari bolalar ota-onalari yoniga borishadi. Ular uchun maktabda ovqatlanish xonasi, yotoq joy bo`lishi zarur. Qish kunlari ba`zi bolalar Oqtosh qishlog`ida qarindoshlarining uyida yotib, qatnab o`qishadi. 

Tabiiyki, bola o`z uyidagi kabi bemalol, emin-erkin dars qilolmaydi, emin-erkin kirib chiqolmaydi. Hozir Prezidentimiz ta`limni qo`llab–quvvatlash yuzasidan jamoatchilik fikrini inobatga olayapti-ku. Internat qurilishi uchun mablag`ni ayamasligimiz, inson kapitalini qo`llab-quvvatlashga e`tibor qaratishimiz zarur», deydi o`qituvchi Karim Qarshiev. 

Bugun ko`pgina bolalar uchun maktabga borish oddiy bir ish. Ammo, Oqtosh qishlog`i 51-maktab bolalarining yomg`irli, qorli, sovuq kunlarda 15 km. piyoda yo`l bosib, maktabga qatnashlari haqiqiy qahramonlikdir.

Balki bu holga Xalq ta`limi vazirligi mutasaddilari va Samarqand viloyat hokimligi biror-bir izoh berib qolar...

Qo`shrobot tumanidagi 51-sonli maktab
“Tog`li hududlarda qishning qorli, sovuq kunlari bor. Juda ko`p ota-onalar, keksalar maktabning o`zida bolalar yotib o`qishlari uchun internat yotoqxona qurilishi kerak", deyishadi.
Qishloqlarga shahardagi imkoniyat emas, oddiygina maktabga kelib-ketishi uchun sharoit bo`lishi yillar davomida kutayotgan bolalar

 

 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
23.12.2020 12:16
Bu muommo halyam kup kishlok joy larda .
22.12.2020 19:21
Нахотки шунчалик эканлигини тепадагилар билишмаса? Шунча фармону карорлар бекорчи эканда-а