Joriy yilning 31 dekabr kuni soat 17:00 da Farg`ona viloyati Uchko`prik tumani «Qorayantoq» MFY Qorayantoq qishlog`ida joylashgan hammomda gaz-havo aralashmasining chaqnashi yuzaga kelgan. Oqibatda hammom binosining tom qismi qulab tushgan.
Voqea joyiga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong`in-qutqaruv guruhi zudlik bilan etib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan. Afsuski, ushbu hodisa oqibatida uch nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, to`rt nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga joylashtirilgan.
Shuningdek, hodisa joyiga FVB, IIB, SSB, Prokuratura va boshqa tegishli xizmat xodimlari etib borgan.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Rost24.uz saytida bundan oldin "Muammoni hal etish uchun Davlat dasturi bor, ammo ijrosi yo`q. Odamlar esa halok bo`lmoqda" maqolasi e`lon qilingan edi. Unda har gal shunday noxush holatlar yuz berganda aybdorlar qidiriladi va aksariyat holatda aybdor vafot etgan jabrlanuvchi bo`lib chiqadi. Bu holat qachongacha davom etadi? Bunga kim aybdor? Deya savol qo`yilgan edi.
Eslatib o`tamiz, yil boshidan beri is gazidan zaharlanish bilan bog`liq jami 46 ta noxush holat sodir bo`lgan, ularda 96 kishi vafot etgan va 35 kishi jabrlangan.