Shavkat Mirziyov ochayotgan zavod orqali O`zbekiston aqlbovar qilmas iqtisodiy yuksalishga erishish mumkin

25.12.2021 11:07

"Uzbekistan GTL" zavodi uchun foydalanilgan metall konstruksiyalaridan 4 ta "Eyfel" minorasi qurish mumkin.

Qiymati 3,6 milliard dollar bo`lgan ushbu majmua mintaqadagi eng yirik investision loyiha hisoblanmoqda.

Bu kabi ulkan quvvatlarni ishga tushirish orqali qisqa fursat ichida aqlbovar qilmas iqtisodiy yuksalishga erishish mumkin".

O`zbekiston uchun bu zavodning samarali qiymati qanchalik katta? Ushbu zavod haqida batafsil ma`lumot beramiz.

***

Jahon energetika tarmog`idagi eng yirik loyihalardan biriga Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrdagi “Sho`rtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilg`i ishlab chiqarish” investisiya loyihasini amalga oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan start berilgan edi.

Qashqardaryoda qurilgan "Uzbekistan GTL" zavodi tabiiy gazni chuqur qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytiradigan, uglevodorodlar importini keskin kamaytiradi. Ushbu majmuaning qurilishi yakunlandi. Bu erda eng zamonaviy markadagi aviakerosin, dizel yonilg`isi, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

Bu gigant loyihaning O`zbekiston aholisi uchun qanchalik foydasi bor?

Xalqaro konsultant bu bo`yicha o`z fikrlarini ham aytib o`tgan. Saravanan Suvermani uch yildan buyon mazkur qurilishda ishtirok etmoqda.

"Qashqadaryoda bunyod bo`layotgan sanoat majmuasi dunyodagi GTL loyihalari ichida eng ulkani. Mamlakat rahbariyati loyihani hayotga tatbiq etishga katta e`tibor qaratib kelyapti. Bizni qo`llab-quvvatlab, yuzaga keladigan har qanday masala va muammoni hal etib beryapti. Chunki bu mamlakat uchun ulkan iqtisodiy istiqbollarni belgilaydigan yirik quvvat. Zavod ishga tushgach, sanoat va qishloq xo`jaligi uchun zarur barcha yoqilg`i turlari ishlab chiqariladi. Tabiiyki, mamlakatning iqtisodiy rivojiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Bu kabi ulkan quvvatlarni ishga tushirish orqali qisqa fursat ichida aqlbovar qilmas iqtisodiy yuksalishga erishish mumkin".

Xo`sh, nima uchun “Uzbekistan GTL” zavodini sanoat giganti sifatida ta`riflayapmiz? Birgina qiyos. Qatarda GTL texnologiyasi asosida faoliyat ko`rsatuvchi zavodda bir yilda 1 million 200 ming tonna suyuq sintetik yonilg`i ishlab chiqariladi. Nigeriyadagi GTL zavodi 1 million 300 ming tonna shunday yonilg`i ishlab chiqarish quvvatiga ega. “Uzbekistan GTL” ishga tushgach, bu ko`rsatkich 1,5 million tonna bo`ladi.

O`zbekiston bozori uchun yangi, shu bilan birga, yuqori sifatli neft mahsulotlari —  724,6 ming tonna dizel yonilg`isi, 437,3 ming tonna nafta, 307,3 ming tonna aviakerosin, qolaversa, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi. Bu —  yiliga neft xomashyosi importi uchun sarflanayotgan 1 milliard dollargacha valyuta iqtisod qilinadi, degani.

— Loyihada neft hamda tabiiy gazni qayta ishlash zavodlari uyg`unlashgan, — deydi “Uzbekistan GTL” kompaniyasi bo`lim boshlig`i Nosir Zokirjonov. — Ya`ni zavodning yarmi gazni, qolgan qismi neftni qayta ishlaydi. Loyihaning noyobligi shunda.

Megaloyihaning yana bir ahamiyatli jihati, uning jahon bozorida eng arzon hisoblangan metan gazini qimmatbaho neft mahsulotiga aylantirish imkoniyatidadir. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, GTL texnologiyasi asosida qayta ishlangan uglevodorod xomashyosining qiymati kamida 2 barobar oshadi. Loyiha chin ma`noda gigant. Majmuaga jahonning eng oldi texnologiyalariga asoslangan zamonaviy uskunalar o`rnatilgan. Hisob-kitob qilinsa, ushbu uskunalar og`irligi 40 000 tonnadan oshib ketadi. Tasavvur qilish uchun aytish kerakki, mana shunday og`irlikdagi metall konstruksiyalarga Fransiyadagi mashhur "Eyfel" minorasidan 4 ta qurish mumkin.

GTL zavodini qurishda 24 ta davlatdagi 129 ta korxonada ishlab chiqariladigan eng zamonaviy texnologik uskunalardan foydanilgan.

Gigant va noyob deya ta`riflanayotgan zavodda ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarining sifati qanday bo`ladi?

Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda neft mahsulotlariga “evro 5” standarti talab etiladi. Tahlillar shuni ko`rsatyaptiki, “O`zbekistan GTL” zavodida tayyorlanadigan neft mahsulotlari hatto “evro 6” mezonlariga ham to`la javob beradi.

"Sasol" kompaniyasi vakili Yoxan Degenaar quyidagi fikrlarni aytmoqda:

“Bunday yirik loyiha qurilishi tarixda ilk marotaba kuzatildi. Zavod kuniga 37 ming barrel suyuq yoqilg`i ishlab chiqaradi. Shu tarzda O`zbekiston dunyo miqyosida mazkur yo`nalishdagi etakchi davlatga aylanadi”.

So`z o`rnida shuni ta`kidlab o`tamiz, "Uzbekistan GTL” mamlakatimiz neft-gaz tarmog`ida yangi davrni boshlab beradi. Bu strategik loyiha bilan mamlakatimiz energetika tarixida ilk bor yuqori sifatli sintetik yonilg`i ishlab chiqarilishi yo`lga qo`yiladi. Agar buni pulga chaqsak, gigant zavodda yiliga 7,8 trillion so`mlik mahsulot ishlab chiqariladi.

Ushbu zavodning ish faoliyati bardavom bo`lishiga tilakdoshmiz. Chunki bu loyiha butun Xalqaro hamjamiyatda yagona va strategik ahamiyatga ega.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
28.12.2021 19:40
Bilmadimu menimcha biz oddiy halqqa hech narsa ozgarmasa kerak. Sovet davrida olis qishloqlarga gaz etib normagan edi. Hozir ham etib bormayabdi. Lekin hozir tuman hokimlari qimmat avtomobillarda yurishadi. Maktab bolalari esa maktabga eshshakda qatnashadi. Hosh ulardan katta bolsa kim chiqadi.
28.12.2021 14:18
Ishqilib Andijon insulin zavodi kuni boshiga tushmasinda
26.12.2021 00:42
ШУ ИШГА ТУШАЕТГАН ЗАВОД ИШГА ТУШИБ МАМЛАКАТИМИЗ ИКТИСОДИЯТИ РИВОЖЛАНСИН! КУРАМИЗ ,КУЗАТАМИЗ БАЛКИМ БЕНЗИН НАРХИ ХАМ ТУШИБ КОЛАР.