So`ngi 30 yilda ilk bor O`zbekiston haqida jahonning top OAV ijobiy materiallar e`lon qila boshladi
1. Cable.co.uk portalining britaniyalik ekspertlari tomonidan tuzilgan eng arzon elektr energiyasiga ega mamlakatlar reytingida O`zbekiston 7 o`rinni egalladi. Mamlakatda bir kilovatt-soat 0,027 dollar turadi. Bu o`zbek valyutasida 290,79 so`mni tashkil qiladi.
2. Britaniyaning “The Telegraph” gazetasining talqiniga ko`ra, 2022 yilda dam olish uchun eng yaxshi buyudjet shaharlari ro`yxatida Toshkent birinchi o`rinni egalladi. Maqolada britaniyalik sayyohlar uchun qulayliklar – London va Toshkent o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri reyslar hamda Britaniya fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim – mavjudligi qayd etilgan. Bu sayyohlarni mamlakat boyliklarini ko`proq ko`rish uchun uzoqroq muddatli sayohatlarga jalb qilishi mumkin. Material muallifi sayyohlarni ushbu “ikki ming yillik tarixga ega Markaziy Osiyo markaziga, O`zbekistonda ob-havo eng qulay bo`lgan bahor yoki kuzda” sayohat qilishga chorlaydi.
3. "O`zbekiston atrof-muhitni asrash va elektr tizimini qayta qurish bo`yicha qilayotgan ishlari hayratlanarli va ilhomlantiradi"- deya yozmoqda Forbes jurnali.
Forbes O`zbekistonning yashil energetika siyosatiga e`tibor qaratib, xorijiy kompaniyalarni bozorimizga kirishga undamoqda. Ta`kidlanishicha, Shavkat Mirziyoev mamlakat elektr tizimini sovet davridagi muhandislik qoldiqlaridan, quyosh energetikasiga e`tibor qaratgan holda yashil kelajak sari intilayotgan tizimga aylantirishga intilmoqda. Xususan, mamlakatimizning tabiiy gazdan elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaramligini hozirgi 83 foizdan 50 foizga keskin qisqartirish, atmosferaga chiqariladigan yuz minglab tonna parnik gazlari miqdorini kamaytirish rejalari keltirilgan.
4. O`zbekiston boshqa davlatlarni qo`shni Afg`onistonga yordam berishga chaqirmoqda – Amerika Ovozi. Amerika Ovozining ta`kidlashicha, qish kelishi bilan O`zbekiston xalqaro hamjamiyatni qo`shni Afg`onistonga yordam berishga faol chaqirmoqda.
Nashrning qayd etishicha, O`zbekiston Afg`onistonga yordam etkazish uchun o`z infratuzilmasini ochiq qoldirmoqda. Mamlakat BMT agentliklari va xalqaro tashkilotlarga o`z hududi, aeroportlari, temir yo`llari va eng muhimi, O`zbekiston va Afg`onistonni bog`lovchi “Do`stlik” ko`prigidan foydalanishga ruxsat bermoqda.
Xususan, Termiz yuk markazi (40 gektar) xalqaro tashkilotlarning afg`on xalqi uchun mo`ljallangan tovarlarini saqlashga mas`uldir. Yordam Termiz aeroportiga etib keladi, so`ngra Afg`onistonga avtomobil yoki temir yo`l orqali jo`natilishidan oldin markaz hududida saqlanadi. Yuklarni rasmiylashtirish tezlashtirilgan jarayonda amalga oshiriladi deya yozmoqda Amerika ovozi nashri.
5. ZF-UZ-VAC2001 o`zbek-xitoy vaksinasi “omikron”dan himoya qiladi deya yozmoqda o`zbek vaksinasini alqab Reuters nashri.
Tadqiqot natijalari shuni ko`rsatibdiki, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi virusning asl variantiga nisbatan reaksiya kuchsizroq bo`lsa-da, “omikron” variantiga qarshi antitanachalar ishlab chiqarishni qo`zg`atishi mumkin. Kompaniyaning ta`kidlashicha, bir oy oldin uchta kurs vaksina bilan emlangan odamlarning 78 foizidan olingan namunalarda “omikron”ga qarshi zararsizlantiruvchi antitanachalar topilgan.
6. Nufuzli The Korea Times gazetasida O`zbekiston-Koreya munosabatlariga bag`ishlangan maqola chop etildi. Materialda so`nggi yillarda erishilgan kelishuvlar fonida mamlakatlar o`rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanayotgani qayd etilgan. Xususan, tashqi savdo aylanmasi 2016 yildagi $1 milliarddan 2019 yilda 2,7 milliardgacha o`sdi, pandemiya ta`sirida biroz pasayib, 2020 yilda 2,1 milliardni tashkil etdi. 2016 yilga nisbatan o`sish 2019 yilda 258,6 foizni, 2020 yilda esa 200,9 foizni tashkil etdi.
7. CNN Travelning ta`kidlashicha, iqtisodiyoti tobora diversifikasiyalangan O`zbekiston so`nggi bir necha yil ichida tub o`zgarishlarni boshidan kechirmoqda. Buning zamirida G`arb sayyohlarining yana bir mashhur manziliga aylanishi mumkin bo`lgan Toshkent yotadi. CNN o`z o`quvchilariga “Chorsu” oziq-ovqat bozori va Osh markaziga tashrif buyurishni maslahat beradi – bu erda sayyohlar nafaqat mamlakatdagi eng mashhur, katta qozonda pishirilgan taomni tatib ko`rishlari, balki autentik fotosuratlarga ham ega bo`lishlari mumkin.
San`at galereyasi sifatida qaraladigan poytaxt metrosiga alohida e`tibor qaratilmoqda: "San`at asarlari, freskalar va mozaikalar mamlakat madaniyati va uning taniqli namoyandalarini ulug`laydi".
Toshkent sayr qilish uchun ham juda mos joy – “yangi savdo markazlari va ko`p qavatli uylar orasida bir paytlar shahar qanday bo`lganini eslatib turuvchi masjid va madrasalarni hamma joyda ko`rish mumkin”.
Ta`kidlanishicha, an`anaviy va zamonaviylik elementlarini o`zida mujassam etgan Toshkent butunlay yangi sayyohlar guruhi uchun ochilmoqda. Poytaxt yangi narsalarni his etish istagida bo`lgan sayyohlarga tashrif uchun zarur bo`lgan yangi maskan bo`lishi mumkin deya yozmoqda CNN nashri.
8. Amerikaning CNN telekompaniyasi butun dunyo iste`dodli va iqtidorli yoshlari haqidagi yangi “The Generation Next” loyihasini boshladi. Siklning birinchi dasturi O`zbekiston yoshlariga bag`ishlangan! Loyihaning ilk mehmonlaridan biri Amerikaning Super Dispatch texnologik kompaniyasida ishlaydigan muvaffaqiyatli dasturchi Durdona Bahronova bo`ldi. Uning so`zlariga ko`ra, u kodlash va dasturlashning kuchini anglab etganida, ortga yo`l yo`q edi. Keyingi 5 yil ichida O`zbekistonda yosh avlodni qo`llab-quvvatlash sohasida tub o`zgarishlar ro`y berdi. Hozir har qachongidan ham ko`proq dasturlar amalga oshirilmoqda. Ular yoshlarga hayotda o`z o`rnini topishga, etakchilarga esa hozirgi va kelajak avlodlar uchun jamiyatni yaxshilashga yordam beradi. Katta bir loyihaning aynan O`zbekistondan boshlanganligi ham bir ma`no anglatsa, ajabmas.
9. Qozog`istonning Kursiv nashriga ko`ra, jahon brendlari O`zbekistonda ham o`z filiallarini ochmoqchi. Chunki O`zbekiston bu brendlarni ishlab chiqarish uchun qulay joyligi aytib o`tilgan.
2022 yil bahorida O`zbekistonda autsorsing shartlari asosida Adidas va Nike sport poyabzallari ishlab chiqarila boshlaydi. Avvalroq Hugo Boss va Indetex guruhi (Zara, Massimo Dutti, Bershka, Stradivarius va boshqa brendlar) O`zbekistonda shartnoma asosida ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish rejalari haqida ma`lum qilgan edi.
10. O`zbekiston islohotlarning ikkinchi bosqichiga tayyor – Euronews bu haqda aytmoqda.
O`zbekiston islohotlar dasturining navbatdagi bosqichiga tayyorgarlik ko`rmoqda. Ayrim funksiyalarni mahalliy davlat hokimiyati organlariga o`tkazish bilan hukumat tarkibini tubdan qayta qurish kutilmoqda, ayrim funksiyalar esa butunlay bekor qilinadi. Islohotlarning birinchi bosqichida xorijiy kapital uchun eshiklar ochildi va yirik xususiylashtirish dasturi boshlandi. Ilgari tashqi siyosatda izolyasionizm pozisiyasini egallab kelgan mamlakat ko`p vektorlilik, qo`shnilar va uzoq hamkorlar bilan do`stona aloqalar o`rnatish konsepsiyasini qabul qildi.
Islohotlarning ikkinchi bosqichi qiyinroq, lekin, ehtimol, ahamiyatliroq bo`ladi. Ish o`rinlarini yaratish va qashshoqlik bilan kurashish dasturlari alohida ahamiyatga ega bo`ladi.
Iqtisodiyotni rivojlantirish rejalari doirasida hukumat O`zbekistonni aholi jon boshiga to`g`ri keladigan daromadi o`rtachadan yuqori bo`lgan davlatlar ro`yxatiga kiritish niyatini e`lon qildi.