O`zbekistonda so`kong`ich amaldorlarni javobgarlikka tortuvchi Kodeks ishlab chiqiladi

13.12.2021 20:18

Endi davlat organlari xizmatchilari odob-axloq normalariga amal qilmasa qat`iy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Yaqindagina Asaka tuman hokimining aholi bilan bepisand muloqot qilgani videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Qiziq jihati, ushbu holat yuzasidan javobgarlikka hokim emas, matbuot kotibi tortildi. Aniqrog`i, matbuot kotibi “o`z arizasiga ko`ra” ishdan ketdi.

Qonunlarimiz barcha uchun teng ishlaydimi?

Bundan bir muddat avval davlat xizmatchisini “ment” deb haqarot qilgani uchun bloger Bobur G`anievga huquqiy chora ko`rilib, 15 sutkaga qamalgan edi. Shu bilan birga IIB xodimlari tomonidan tiz cho`ktirilib kechirim so`ragan videosi tarqatildi. Ammo majlisda vazirlarni so`kkan Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovga, fuqaro bilan telefonda so`kishib gaplashgan Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarovga, 45 minutlik majlisda 126 marta so`kingan Parkent tuman hokimi Ne`matulla Abdullaevga, Yangibozor hokimi O`ktamboy Qurbonovga bunday huquqiy chora ko`rilmadi. Chirchiq tuman hokimligi matbuot kotibi Farhod Qodirov birgina “tupoy” degani uchun ishdan ketgan.

Qonunlarimiz amaldorlar qarshisida ojizmi?

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining «O`zbekiston Respublikasi davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksini tasdiqlash to`g`risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga quyildi.

Ammo bu yangi kodeksning to`liq ishlashiga kafolat bormikan... 

Chunki 2016 yilda bosh vazir Sh.Mirziyoev tomonidan “DAVLAT BOShQARUVI ORGANLARI VA MAHALLIY IJRO ETUVChI HOKIMIYaT ORGANLARI XODIMLARINING ODOB-AXLOQ NAMUNAVIY QOIDALARINI TASDIQLASh TO`G`RISIDA”gi qaror qabul qilingan edi. Biroq, yuqori lavozimli davlat xizmatchilariga ushbu qarorning kuchi etmadi.

Yangi kodeksda esa davlat xizmati uch turga bo`linmoqda:

– davlat siyosiy xizmati – ichki va tashqi siyosatni belgilash hamda siyosiy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bilan bog`liq davlat hokimiyati vakillik organiga saylanadigan va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to`lanadigan kasbiy xizmat faoliyati bo`lgan davlat xizmatining bir turi (O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputat va senatorlari, mahalliy xalq deputatlari Kengashi deputatlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Administrasiyasi hamda Vazirlar Mahkamasining xodimlari);

– davlat fuqarolik xizmati – O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat organlaridagi davlat fuqarolik lavozimlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to`lanadigan kasbiy faoliyatini nazarda tutuvchi davlat xizmatining bir turi;

– davlat maxsus xizmati – O`zbekiston Respublikasi qurolli kuchlaridagi harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi hamda sud organlaridagi yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to`lanadigan kasbiy faoliyatini nazarda tutuvchi davlat xizmatining bir turi.

Shuningdek, ushbu kodeksda davlat xizmatchilarining ishdagi va ishdan tashqaridagi kasbiy odob-axloq qoidalari ham belgilanmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
14.12.2021 12:27
Nima o'zgarardi? Hamisha "holvani hokim yegan, kaltakni yetim yegan"