Bozorlar atrofini tozalash ortidan strategik ahamiyatga ega bozor ko`chirilmoqda

12.12.2021 18:04

Bozorlar atrofi tozalandi. Atrofiga qo`shib poytaxt uchun katta ahamiyatga ega Qo`yliq dehqon bozorini ham “tozalashmoqda”mi?

Prezidentning tanbehidan manfaatli maqsadlari yo`lida foydalanuvchilar bu safar ham unumli foydalanishdi.

Ikki qop hosilini sotmoqchi bo`lgan kambag`al Yangi Qo`yliq dehqon bozoriga 103,5 million so`m oldindan to`lov qilishi kerak ekan.

Rost24.uz axborot sayti zamonaviy va gavjum bozorlarimiz atrofidagi joylar xarobaga aylanib borayotganligi haqida bir necha marotaba chiqish qilgan edi.

Bozorlar atrofida ro`y berayotgan bunday o`zboshimchaliklar va “soliqchi”larga Prezidentimiz ham jiddiy e`tiroz bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Shayxontohur tumaniga tashrifi davomida poytaxtda jinoyatchilik holatlari oshgani haqida gapirib, shahar IIBB boshlig`i hamda shahar prokurorining faoliyatini tanqid ostiga olgan.

Oradan biroz o`tib Poytaxtimiz bozorlari atrofidagi "bardak"larni ommaviy tozalash boshlandi.

Asosan xalq tilida "Ippodrom" deb ataluvchi bozorlar majmuasi, Chorsu va Qo`yliq bozorlarining atrofi tartibga keltirildi.

AMMO...

Prezidentning o`zgalarga bergan tanbehidan manfaatli maqsadlari yo`lida foydalanib qoladiganlar bu safar ham unumli foydalanishdi.

Bozorlar atrofini tozalash fonida Qo`yliq dehqon bozorini ham ko`chirish harakatlari boshlab yuborildi.

Ko`pgina aholining og`ir kuniga yarab kelayotgan bozorni yo`q qilib minglab odamlarni amaldorlar qurgan joyga majburlab olib borish feodalizmning ko`rinish emasmi?

To`g`ri, poytaxt biqinidagi bozor bir qancha noqulayliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Jumladan kundan-kunga ko`payib borayotgan mashinalar uchun tirbandliklar hosil bo`lmoqda.

Ammo Qo`yliq dehqon bozorining o`z maqsadi, yanada aniqroq qilib aytganda, o`z falsafasi bor.

Bunday bozorlar o`z-o`zidan paydo bo`lmaydi. Bozorlar zarurat va sharoitga qarab jamiyat uchun eng qulay va ma`qul joyda vujudga keladi.

Shu jihatlarini olganda Qo`yliq dehqon bozorining odamlar uchun o`z zaruratlari bor.

Qo`yliq dehqon bozori aslida bir parcha eriga ekib olgan hosilini sotib tirikchilik qiluvchilar uchun mo`ljallangan bozor edi. Bunday hammaga aniq va ravshan maqsadini butun O`zbekistonga unuttirish uchun odamda chek-chegarasiz vakolat bo`lishi kerak.

Bir o`ylab ko`raylik, ikki qop hosilini sotmoqchi bo`lgan odam Yangi Foodcity bozorining hisobiga oldindan 100 million so`m qo`yib, yana 3,5 million so`m ijara to`lash kerak ekan.

Yoki bu kambag`allikni tag-tubi bilan yo`qotishning bir usulimikin?

Hadsiz vakolatni qo`lga kiritgan amaldorlarimiz “soqqa” ilinjida oddiy mantiqni ham oyoq osti qilib tashlamoqda.

Amaldorlarimizning eng zamonaviy va eng jozibali bozorlar qurishi tahsinga sazovordir balki. Ammo qurayotgan bozorlarning maqsad va vazifasi bilan hisoblashmog`i lozim. Qo`yliq dehqon bozorida aksariyat savdo qilayotganlarning maqsadi boyish emas, aslida TIRIKChILIK.

Bozorga uch qop hosilini yig`ib borgan dehqonning cho`ntagida 100 million so`mi bo`lganda qop ko`tarib yurmas edi.

Yangi qurilgan Foodcity bozorining feodalizmga xos qonun-qoidalarini tahlil qilib ko`rilsa, dehqonga shart-sharoit yaratish emas, aksincha, dehqonni talon-taroj qiluvchilar makoniga o`xshamoqda.

Qo`yliq dehqon bozorini yangi joyga ko`chirish “islohoti” poytaxtda oziq-ovqat narxining keskin ko`tarilib ketishiga xizmat qiladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар