Yil boshidan beri is gazidan zaharlanish bilan bog`liq jami 46 ta noxush holat sodir bo`lgan, ularda 96 kishi vafot etgan va 35 kishi jabrlangan.
Har gal shunday noxush holatlar yuz berganda aybdorlar qidiriladi va aksariyat holatda aybdor vafot etgan jabrlanuvchi bo`lib chiqadi
2021 yilgi davlat dasturiga asosan, aholi xonadonlarini metan, propan va is gazini barvaqt aniqlaydigan, xabar beradigan va gazni tarmoqdan klapan orqali uzib qo`yadigan gazoanalizatorlar bilan ta`minlashga doir prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi kerak edi. Yil yakunlanmoqda, ammo hamon loyihadan darak yo`q.
Joriy hafta oxirida yana havo sovishi mumkinligi haqidagi axborot tarqaldi. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham. Aslida XXI asrda 14-16 darajagacha sovuq bo`lishi unchalik ham xavotir uyg`otmasligi kerak. Lekin, qishloqlarda bu haqiqiy “fojia”ga aylanadi.
Texnologiyalar asri deyilgan bir davrda O`zbekistonda odamlar hamon tezak va ko`mirdan chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etishayotgani hech kimga sir emas.
Bu holat qachongacha davom etadi? Bunga kim aybdor?
Bir necha yil avval Qarshi shahrida bir xonadonda 7 kishi, jumladan 5 va 3 yoshli qizaloqlar ham is gazidan zaharlanib jon berishgani haqidagi xabar barchaning qalbini larzaga keltirgan edi. Shundan buyon ham holat o`zgarmadi, har yili havo sovishi bilan odamlar uylarini isitish dardida turli usullardan foydalanishadi, sovuqdan jon saqlash maqsadida topilgan yo`llarning ba`zisi is gazi “qopqoni”ga tutilish bilan yakunlanadi.
Jinoiy ishlar qo`zg`atiladi, turli tushuntirish ishlari olib boriladi, majlislar o`tkaziladi, hisobotlar beriladi, kimlardir ishdan bo`shatiladi, va`dalar beriladi, ammo vaziyat o`zgarmaydi, aholi is gazidan, uyni isitish maqsadida qilingan turli holatlarda chiqqan yong`inlardan vafot etaveradi.
Raqamlar esa dahshatli. Ammo undan ham yomoni bu statistikalar to`liq emas, barchaga ma`lum bo`lganlaridan tashqari yana qancha holatlar bor.
Shu yilning 20 fevralida Xorazm viloyatining Shovot tumanida bir oila is gazidan zaharlandi. Uch kishi vafot etgan, ulardan ikki nafari bolalar edi. 27 fevral kuni Yunusobod tumanida ijarada yashagan besh talabaning murdasi topildi, xonadon egasi 3 yil muddatga qamaldi. 6 mart kuni To`rtko`l tumanida yashagan ota va uning uch farzandi, shuningdek ularning uyiga mehmonga kelgan bir fuqaro xonadondagi isitish pechidan sizib chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etdi. 28 mart kuni Samarqand shahrida is gazidan 5 kishi zaharlanib, ulardan 4 nafari vafot etgan. Ularning barchasi yosh yigitlar edi.
Oktyabr oyida Samarqand viloyatida to`rtta holatda 8 kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi, ularning 5 nafari yosh bolalar edi.
Farg`ona viloyati Farg`ona tumanida 17 noyabrdan 18 noyabrga o`tar kechasi ota va o`g`il is gazidan zaharlanib vafot etdi. Samarqand viloyatida «Agrokimyota`minotservis» kompaniyasiga tegishli konteynerdan ikki ishchining jasadi topildi, ularning o`limiga qo`lbola pechkadan chiqqan is gazi sabab bo`lgani aniqlandi. Yaqinda Qoraqalpog`istonda bir nafar talaba is gazidan zaharlanib vafot etdi.
26 noyabr kuni Toshkent viloyati Oqqo`rg`on tumanida ikki fuqaro – 26 va 24 yoshli kelin-kuyov is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ular yaqinda turmush qurishgan edi. Bu kabi misollar qanchadan qancha umidlarni so`ndirib, qancha taqdirlarga ta`sir ko`rsatgan ekan? Aybdorlar esa bemalol yuraveradi.
Yil boshidan buyon 96 kishi!
Ma`lumotlarga ko`ra, 2021 yilning 8 oyida respublikada 6691 ta yong`in sodir bo`lgan, 97 kishi olamdan o`tgan va 159 nafar shaxs jarohatlangan. Yong`inlarning 31 foizi elektr uskunalar nosozligi, 28 foizi ochiq olovdan foydalanish, 22 foizi isitish pechlaridan noto`g`ri foydalanish, 10 foizi bolalar sho`xligi oqibatida yuz bergan.
Yil boshidan beri is gazidan zaharlanish bilan bog`liq jami 46 ta noxush holat sodir bo`lgan, ularda 96 kishi vafot etgan va 35 kishi jabrlangan.
Har gal shunday noxush holatlar yuz berganda aybdorlar qidiriladi va aksariyat holatda aybdor vafot etgan jabrlanuvchi bo`lib chiqadi. Sababi, yong`in xavfsizligi qoidalariga, isitish pechlaridan foydalanish ko`rsatmalariga amal qilinmagan. Mutasaddilar ko`plab majlislar o`tkazishadi va o`ta kulgili bo`lgan shunday hisobot bilan ishni yopishadi. Juda bo`lmasa eng quyidagi qaysidir “aybdor” jazolanadi.
Tezakdan qutulmagan ayollar...
21 asr, viloyatlarda, tumanlarda, ko`plab qishloqlarda tabiiy gaz yo`q. Odamlar isinish uchun daraxtlarni kesishadi, tonnasi 400 ming so`mdan bo`lgan ko`mir kukunini sotib olishadi, chunki ko`mirning o`zi qimmat. Yoz bo`yi qishloqlardagi ayollar tezak tayyorlashadi, qishda esa uni yoqib, ularning ba`zilari shu tezakdan yoki ko`mir kukunidan chiqqan is gazi oqibatida farzandlarini ham qutqarolmay vafot etishadi.
Gaz bor bo`lgan hududlarda ham gaz ta`minotidagi uzilishlar odamlarni qo`lbola pechlardan foydalanishga majbur qiladi. Qish kelishi bilan gaz quyish shaxobchalarida ham uzluksiz navbatlar, turli cheklovlar boshlanadi.
Bunday holatlar har yili takrorlanadi, ammo xuddi bu mutlaqo echimsiz muammodek indamay o`tib ketishga odatlanganmiz.
Bu hol qachongacha davom etishi mumkin?
“Hududgazta`minot” va energiya ta`minoti idoralari har yili ishchi guruhlar, ta`mirlash-tiklash otryadlari tashkil etadi. Boshqarma boshlig`i aholini xonadonlarda gazdan foydalanishda e`tiborli bo`lishga, nosoz elektr isitish moslamalaridan foydalanmaslikka, turli noxush vaziyatlarda darhol 104 raqami orqali xabar berishga chaqiradi. Aslida bu echimmikin?
Muammoga xalqning o`zi echim izlaydi
Yaqinda Urgut tumanida bir fuqaro pochvon pechka nomi bilan ataluvchi pechka yasab sotayotgani, uning pechkasi qo`shni viloyatlarda ham mashhur bo`lib, odamlar uni olish uchun oylab navbat kutayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Vaziyat jiddiy bo`lgach, odamlar o`zlariga shunday yo`llar topishadi, o`lmaslik uchun turli usullardan foydalanishadi.
Bizda Innovasiya vazirligi bor. Ular, Innovasiyalar har bir hududga etib borishi uchun katta ko`rgazmalar qilishadi. Lekin, bu innovasiyalar faqat ko`rgazmalar uchun yaratilgandek. Rivojlangan infratuzilmani esa xalq hanuz svet yoniq bo`lganda, ekranlardan ko`rayapti, xolos. Holat hamon “O`zing uchun o`l etim” holida qolar ekan, aholining hukumatga, yuqori idoralarga ishonchi kundan kunga kamayib bormaydimi? Bizning qishloqlarga qachon innovasiyalar etib boradi?