Vazir Agrippina Shinning ortida kim turibdi?

07.12.2021 08:10

Maktabgacha ta`lim tizimi xarob ahvolga kelayapti, lekin hukumat vazirning kamchiliklariga negadir ko`z yumadi. NEGA?

Qishloqlarda bolalar haligacha bog`chalarda emas, chang ko`chalarda bolaligini o`tkazmoqda.

Maktabgacha ta`lim tizimidagi statistik ma`lumotlar bu yo`nalishda yillar davomida yirik o`zgarishlar kuzatilmayotganini ko`rsatmoqda. Sarflangan mablag`lar ko`lami esa katta.

O`zbekistonda eng kam oylikni MTM xodimlari oladi... 

Muammolar qachon hal bo`ladi?

Maktabgacha ta`lim tizimi O`zbekistonning eng og`riqli masalalaridan biri hisoblanadi. Bu tizimdagi muammolarni 2018 yildayoq Prezident Shavkat Mirziyoev ham sanab o`tgan edi:

 “Andijon, Namangan, Samarqand, Farg`ona va Jizzax viloyatlarida o`tkazilgan o`rganishlar natijalariga e`tibor qaratildi. Masalan, Andijon viloyatidagi 87 ta mahallada bironta ham bolalar bog`chasi yo`qligi, 84 ta bog`cha filialini mustaqil muassasaga aylantirish yoki davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog`chalarini tashkil etish bo`yicha tuman hokimliklari tomonidan aniq choralar belgilanmagani tanqid qilindi.

Viloyatda mavjud 451 ta maktabgacha ta`lim muassasasidan 200 tasida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun maxsus ombor yo`q, sovutkich, shkaf va stol-stullar etishmaydi. Shuningdek, hanuzgacha 123 ta bog`chaga ichimlik suvi tashib keltiriladi, 71 tasining atrofi o`ralmagan, 134 tasida musiqa xonalari jihozlanmagan, 420 tasida kichik kutubxonalar tashkil etilmagan.”

Yuqorida sanab o`tilgan muammolar bugungi kunga qadar o`z echimini topgani yo`q.

Yuqorida muammolar sanalganidan 3 yil o`tib, ya`ni 2021 yilda ham hali maktabgacha ta`lim bilan qamrab olinmagan  tumanlar talaygina.

“53 ta tumanda bog`chalar etishmaydi. Masalan, Surxondaryo viloyatining Bandixon, Denov, Qumqo`rg`on, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Qamashi va Kitob, Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumanlarida qamrov darajasi juda past”.

Rost24.uz saytiga fuqorolardan poytaxtimizning o`zida ko`plab bog`chalar ta`mirtalab ahvoldaligi haqida murojaatlar kelib tushgan. Ularga ko`ra, Yangihayot tumanidagi   248, 99, 21, 24, 53, 204, 206-bog`chalar qurilishi hali bitmagan. 

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi “Binafsha” bolalar bog`chasi, Chust tumanidagi 63-bog`cha esa uzoq yillardan buyon avariya holatida. Koson tumani matbuot kotibi bilan bog`langanimizda, qishloqda xususiy bog`chalar borligi, lekin davlat bog`chasini ta`mirlash uchun hali byudjetdan mablag` ajratilmaganini ma`lum qildi. 

“Navbatim kelgunicha bolam maktabni bitirdi”

Davlat bog`chalariga bolalarni berish oson emas. Avvalo bolangizni tibbiy ko`rikdan o`tkazasiz, ariza topshirib ro`yxatdan o`tasiz va uzoq muddat navbatingizni kutasiz. 

Bugungi kunda ota-onalar farzandlarini davlat bog`chalaridan ko`ra, xususiy bog`chalarga berishni afzal bilishmoqda. Sababi oddiy! Xususiy bog`chalar ovqatlantirish, sanitariya hamda ta`lim berish sifati bo`yicha davlat bog`chalaridan ancha ustun turadi. 

2021 yil fevral holatiga ko`ra, Toshkent shahrining o`zida 147 ta xususiy bog`chalar mavjud bo`lib, ularning narxi oyiga 1,5 milliondan boshlanib 5,5 milliongacha. Bunday narxni hammaning ham cho`ntagi ko`taravermaydi. Chunki o`zbek xalqi bolajon bo`lib, agar bitta oilada ikkita bog`cha yoshidagi bola bo`ladigan bo`lsa farzandining yaxshi ta`lim olishini, yaxshi ovqatlanishini istagan ota-onadan 11 million so`m faqat bog`cha uchun to`lash talab etiladi. Agar narx qimmatlik qiladigan bo`lsa farzandingizni davlat bog`chalariga berishingiz mumkin. Faqatgina bog`chaga olib borishdan avval farzandingizning qornini yaxshilab to`ydirishingiz, qaytganda ham yana ovqatlantirishingiz kerak. Chunki davlat bog`chalarida farzandingiz uchun to`yimli bo`lgan, u yoqtiradigan oziq-ovqatlar doim ham bo`lavermaydi. Ta`lim berish sifati haqida-ku gapirmasa ham bo`laveradi. 

Biz yuqorida sanab o`tgan kamchiliklar ko`proq Toshkent shahri va boshqa viloyat markazlaridagi davlat bog`chalariga tegishli. Qishloqlarda esa bunday kamchiliklar yo`q. Chunki qishloqlarda bog`chalarning o`zi yo`q! Bo`lganda ham xususiy va ularning narxi qishloq odamlari uchun qimmatlik qilmoqda.

 

Statistik ma`lumotlar to`g`rimi? O`zbekistonda bolalarning necha foizi maktabgacha ta`lim bilan qamrab olingan?

Maktabgacha ta`lim vazirligining ma`lumotlariga ko`ra, 2021 yilga kelib bog`cha yoshidagi 2,7 million nafar bolaning 61 foizi maktabgacha ta`lim bilan qamrab olingan. 

Ammo bunday yuqori raqamlarga ishonish juda qiyin.

Bizning tahlilimizcha,

 2019 yilda tug`ilgan bola bugun 2 yosh – 815,9 ming nafar,

2018 yilda tug`ilgan bolalar 3 yosh - 768,3 ming nafar 

2017 yilda tug`ilgan bolalar 4 yosh – 715,5 ming nafar

2016 yilda tug`ilgan bolalar 5 yosh – 726,2 ming nafar

Demak, 2016 — 2019 yillarda jami 3 million 26 ming bola tug`ilgan va ularning 2 million 995 mingtasi bugun bog`cha yoshida. (jami 30,8 ming bola o`lgan)

Statistika qo`mitasining yana boshqa ma`lumotida qayd etilishicha, 2021 yil yanvar holatiga ko`ra, maktabgacha ta`lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarning jami soni 1.2 million nafarni tashkil etishi yozilgan. Bu esa bugungi kunda bog`cha yoshidagi bolalarning atigi 40 foizi maktabgacha ta`lim bilan qamrab olinganini isbotlaydi. Prezident esa 2023 yilda maktabgacha ta`lim qamrovini 75 foizga etkazish topshirig`ini bergan. 

Eng kam oylik bog`cha xodimlarida

Maktabgacha ta`lim tashkilotlarida jami 116 996 nafar tarbiyachi ishlaydi. Rost24.uz sayti tomonidan “Qaysi sohada ishlovchilar eng kam oylik olmoqda?” nomli so`rovnoma o`tkazilgan va unda qatnashgan 27752 respondentlarning 50 foizi Bolalar bog`chalari xodimlari, deya ovoz bergan.

Agrepina Shinning o`zi ham Kun.uz saytiga bergan intervyusida Maktabgacha ta`lim sohasi xodimining nufuzi past bo`lishiga uning maoshi kam bo`lgani ham muhim omil bo`lganini aytib o`tgan edi.  Ammo uning aytishicha, 2018 yilda tegishli xodimlarning oylik ish haqi ikki marta 40 foizdan 70 foizgacha oshirildi. Kadrlar hamma narsani hal qiladi. 

Prezident 2021 yil yakunida maktabgacha ta`lim qamrovini 65 foizga, 2023 yilda esa 75 foizga etkazish lozimligini aytgan va  byudjetdan 600 milliard so`m subsidiya ajratilishini ma`lum qilgandi. 

Ajratilayotgan mablag`lar bog`cha qurishga, ta`lim, oziq-ovqat sifatini yaxshilashga, tarbiyachilarning maoshini ko`tarishga sarflanmayotgan bo`lsa, qaerga sarflanyapti?

Maktabgacha ta`lim vazirligi bilan bog`langanimizda bog`chalarning qurilishi bitmayotganiga covid-19 pandemiyasini sabab sifatida keltirdi. Pandemiya vaqtida qanchadan-qancha ko`p qavatli imoratlar qurilishi tugallanayotgan bir paytda, bolalarning bilim oladigan, o`ynab-kuladigan joyi – bog`chalarning bitmayotgani juda kulguli holat. 

Yuqorida tizimda kuzatilayotgan muammolar talaygina ekani dalillar bilan keltirib o`tildi. Ammo, bu kamchiliklarga qaramay Agreppina Shin lavozimi ham huddi tizimdagi muammolar kabi yillar davomida o`zgarmas qolmoqda. Vazir Shinga bunday immunitetni kim bergan?

Ma`lumot o`rnida, Bosh vazir Abdulla Aripov va Maktabgacha ta`lim vaziri Agripina Shin qachonlardir hamkasb bo`lishgan. Aripov 2012 yil avgustda MTS aloqa operatori bilan bog`liq mojarolar sabab Bosh vazir o`rinbosari lavozimidan bo`shatilgan. Podrobno.uz dagi xabarga ko`ra, hukumatdan haydalgan Aripov 2013 yildan 2016 yilgacha Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida katta o`qituvchi bo`lib ishlagan. 

Bu vaqtda esa kollej direktori Agrippina Shin edi. 

Hukumatga Aripov qaytgandagn so`ng, ya`ni 2017 yilda Agripina Shin Maktabgacha ta`lim vaziri lavozimiga tayinlandi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
29
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
25.08.2022 11:38
Maktabgacha ta'lim nomi uluğvor tepadan pastga qarasang ayanchli Gap 9-10soat ishlaysan oyligi hatto davolanishi nisbatan ham yetmaydi Maktabdada 11darsini o'tadi gruppaga topshirib ketadi Nimaga bog'chalarda shuni yo'lga qo'yilsa bo'ladikiuchun Bu yerdagilar pensiyani olaman deb uyog'i kornib qoladi 😭😭😭😭😭😭
04.08.2022 11:39
Ўз ишини севган одамга ойлик баҳона эмас. Фақат пастки буғиндаги раҳбарлар айниқса МТБ мудирлари ишлаган одамларни ўз ўрнига қйҳўйиб беришса унинг меҳнатини қадрласа Хурматли Президентимизнинг фармон ва қарорларини ўз вақтида ижросини таъминлаб, "Соф" виждон билан раҳбарлик қилишса "Таълим сифати" ўз ўзидан кўтарилиб кетади.
04.08.2022 11:33
МТБда мудир вазифасида ишлаётган айрим номутахассис "Мудирлар" МТТ раҳбарлари томонидан йщл қўйилаётган молиявий хатоликларга кўз юмиб кетмоқда. Чунки улар "Билимдон иқтисодчи"ларда тарбиячи педагогларнинг 1 ёки 1,25 ставкаларини ҳам ҳудди "Тухумни қил билан бўлгандек" бўлиб ташлаганлар. асл мутахассислар соҳани яхши билганлари учун ўрин йўқ. Чунки улардан "МТБ мудир"ларига ва ёки "МТТ директор"ларига фойдаси йўқ. бу ҳолатлардан МТВнинг хабари бормикан. Ҳатто юқорига қилинган мурожаатларни ҳам "Қузичоқни бўрига ем қилдиргандек" мурожаатчининг рахбарига ем қилдиришади... қачонки МТТларга соҳага ўзининг кўп йиллик етук мутахассиси келганда МТТларда таълим сифати янада ошади... Аксинча кечагин " ...... " битириб қайта тайёрловдан ўтган "Болажон"нинг психологиясини тушунмаган ёки кимнингдур жияни, келини, қизи, бўлмаган "Хақиқий мутаххассислар" МТТга директор бўлганда балки бу ҳолатлар рўй бермаган бўларди. МТБнинг айрим номутахассис тулки ўз нафсининг қули бўлган "Мудир"чалари бундай хақиқатни ҳар доим чўнтагида бекитиб келмоқда.
29.05.2022 17:34
Таниш билишчилик йуколмас экан ривожланмаймиз!
01.01.2022 06:08
Ассалому алайкум,айни хакикат.Бугунги кунда энг паст ойлик мактабгача таълимда.Мен манашу мактабгача таълим ташкилотида олий маълумотли методист вазифасида ишлаб келмокдаман.Маошим олий маълумотли тарбиячидан анча кам,оила бюджетини харажатларига копламайди,лекин жавобгарлик 100%.Качондир куриб чикилишига ишонаман.
30.12.2021 20:52
Yig'lagim kelyapti. Hammasi bir go'r-a?!
16.12.2021 20:42
Bunaqa maqola yozishdan oldin bog'cha yoshini o'rganib keyin yozmaydimi? Qanaqa OAV bu
09.12.2021 23:32
Ойлик масаласи аянчли ахволда, банк фарроши МТТ директоридан кўп ойлик олар экан, бу шармандалик албатта. Фаррош албатта лойик ўша маошга, гап бўлиши мумкин эмас. Таълим пойдеворини кўйувчилар маоши кулгили даражада кам. Озиқ-овқатга келсак хақиқатдан бўртирилган. Давлат МТТлари таъминоти назоратга олинганлигини хамма яхши билади. Кадрлар топиш жуда қийин. Чунки бу ойликка хаммахам ишлайвермайди. Жавобгарлиги эса отнинг калласидай котта.
09.12.2021 20:25
Zòr☺
07.12.2021 14:31
рост.узга минг рахмат.Энг ачинарлиси ҳали ҳам боғчаларни сулолага айлантириб олганлар жуда кўп. Масалан бувадан қизга кейин келинга амма хола ва ҳакозо мудиралар боғчани бериб қўймаслик учун ҳар бир разиллика тайёр...албатта-да чунки бутун сулоласини боқиб турган боҳчани ким бергиси келади? тағин бегона қўлларга-я...
07.12.2021 11:13
Aytilgan gaplar togriyu ammo oziq ovqat masalasida juda bo'rtirib yuborilgan bizfa davlat bog'chasi oziq ovqati xususiyga qaraganda anchaaayam yaxshi ammo oylik masalasi to'g'ri bu og'riqli nuqtamiz😪🤐😒