O`zbekistonda vaziyat qanday?
Yangi shtammning oldini olishga yana kechikamizmi?
Rossiya kechadan Afrikaning qator mamlakatlari chet elliklarning o`z hududiga kirishini cheklab qo`ydi. Isroil hukumati o`z chegaralarini 14 kunga yopib qo`yishini e`lon qilgan bo`lsa, Quvayt 9 davlat bilan aviaqatnovni to`xtatdi. Marokash ham bu safga qo`shildi.
Shveysariya yangi shtamm tufayli Chexiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Malavidan kelgan sayohatchilarga cheklovlar joriy qildi.
Yaponiya esa 30 noyabrdan mamlakatni xorijliklar uchun yopadi.
Bularning bariga Janubiy Afrika milliy yuqumli kasalliklar instituti olimlari tomonidan aniqlangan karonavirusning yangi “Omikron” shtammi sabab bo`lgan.
Sog`liqni saqlash vazirligi ma`lumotiga ko`ra, kasallik OITSga chalingan kishida aniqlanib, mutasiyaga kirishgan.
Shu sababli juma kuni Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti favqulodda yig`ilish chaqirdi. Unda jahonning etakchi olim va mutaxassislari tomonidan yangi shtamm muhokama qilindi.
Dastlabki xulosalarga ko`ra, "omikron" juda ko`p mutasiyalarni o`z ichiga olgan va "delta" shtammidan ham ko`ra yuqumliroqdir. Eng yomoni, yangi versiya allaqachon Afrikadan boshqa qit`alarga o`tib ulgurgan.
Masalan, o`tgan hafta so`nggida Belgiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Chexiya, Daniya singari qator davlatlarida "omikron" shtammi bilan kasallanish holatlari aniqlandi.
Shu sababli Rossiya, Germaniya, Isroil, Buyuk Britaniya, Singapur, Bahrayn, Italiya, Niderlandiya, Marokash, Fransiya, Chexiya, Avstriya, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Shveysariya, Turkiya, Kanada, AQSh, BAA, Misr, Argentina, Braziliya, Avstraliya kabi davlatlar aeroportlarda turli cheklovlar joriy qildi.
Buyuk Britaniyada istalgan xorijiy davlatdan kelgan kishi PSR testini topshirishi va salbiy natija olinmaguncha o`zini izolyasiya qilishi shart. Shuningdek, hukumat jamoat joylarida yana niqob taqishni joriy etadi. Bu erda vaksina olganidan buyon 6 oydan ko`p vaqt o`tgan va 40 yoshdan oshgan aholi vakillariga qayta emlanish tavsiya qilinishi ham aytilmoqda.
O`zbekistonda vaziyat qanday?
Sanitariya-epidemiologiya va sog`liqni saqlash xizmati matbuot kotibi Muhammadjon Bozorovning ma`lum qilishicha, O`zbekistonda hammasi yaxshi, hatto, koronavirusga chalinish holatlari ham kamaygan. Aeroportlar va boshqa chegara punktlarida O`zbekiston hududiga kirib kelayotgan sayyohlar 72 soatdan kam bo`lmagan vaqtda PSR testi topshirishi sharti saqlanib qolmoqda.
Sanitariya-epidemiologiya va sog`liqni saqlash inspeksiyasi boshlig`i Nurmat Otabekovning ma`lum qilishicha, O`zbekistonning Janubiy Afrika bilan to`g`ridan-to`g`ri avialoqalarimiz yo`qligi tufayli yurtimizda bu shtammga chalinganlar hozircha aniqlangani yo`q.
“Lekin ushbu kasallikning O`zbekiston hududiga kirib kelish ehtimoli yo`q emas. Ikkinchi, uchinchi mamlakat orqali kirib kelishi mumkin”, – deydi Nurmat Otabekov.