Ilk notariuslar uyushmasiga asos solinganiga yuz yil to`ldi

17.12.2020 05:47

Bundan roppa-rosa yuz yil muqaddam, 1920 yilda Evropada ilk bora notariuslar uyushmasiga asos solingan edi. Keyinchalik notarial faoliyat kafolatlarini ta`minlovchi qator xalqaro hujjatlar paydo bo`ldi. Ammo ikkinchi jahon urushining boshlanishi va erkin harakatlar cheklovlari bu jarayonlarning jadallashishiga yo`l bermadi.

Ammo 1945 yildan keyin xalqaro maydonda soha bo`yicha global faollashuv qayd etildi. Nufuzli Xalqaro notariuslar ittifoqiga (International Union of Notaries) 1948 yil 2 oktyabrda Argentina poytaxti Buenos-Ayresda ushbu shahar notariuslar hay`ati tashabbusi bilan bo`lib o`tgan Norariuslarning birinchi xalqaro kongressida asos solindi. 

Bu urushdan keyin millatlar o`rtasidagi munosabatlar tarmog`ini yaratishga imkon beruvchi eng taraqqiyparvar va yorqin xalqaro hodisa edi.

Uning ilk xalqaro kongressida Argentina, Belgiya, Boliviya, Braziliya, Kanada, Kolumbiya, Kosta-Rika, Kuba, Chili, Ekvador, Ispaniya, Fransiya, Italiya, Meksika, Paragvay, Peru, Puerto-Riko, Shveysariya va Urugvay davlatlari notariuslar palatalari ishtirok etishgan edi.

Bugungi kunda besh qit`aning 89 mamlakati notarial palatalarini o`zida birlashtiradi va o`z ta`sir doirasiga jahon aholisining uchdan ikki qismini, yalpi ichki mahsulotining 60 foizini qamrab oladi.

 Ittifoq nohukumat tashkilot maqomiga ega bo`lib, uning asosiy maqsadi butun dunyoda notarial vazifa va faoliyatga ko`maklashish, ular ishini muvofiqlashtirish va rivojlantirish, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda notariatlarni namoyon etish, milliy va notarial tashkilotlar bilan hamkorlik o`rnatish, soha qonunchiligini takomillashtirish, etika tamoyillarini keng tatbiq etish, xalqaro kongresslarni tashkil etishdir. Bundan tashqari, notarial sohada kasbiy tayyorgarlikni, targ`ibotni va ilmiy ishlarni faol qo`llab-quvvatlab kelmoqda.

Uning dastlabki nizomi 1950 yilda, 2007 yil 2 oktyabrda a`zo-notariatlar Assambleyasi tomonidan esa Madridda yangilangan variantda tasdiqlangan. Ma`muriyati Rim shahrida joylashgan.

Ittifoq a`zolari Assambleya tomonidan qabul qilingan milliy notariatlar hisoblanadi. Ular o`z mamlakatlari notariuslarining milliy instansiyasi hamdir. A`zolar uning tarkibidan erkin asosda chiqib ketishlari mumkin yoki ushbu nizomga amal qilish va faoliyati bilan bog`liq jiddiy muammolar bo`lsa, Assambleya qarori bilan a`zolikni yo`qotishi mumkin. 

Notariat-a`zolar Assambleyasi, Prezident, Rahbarlik kengashi, Bosh kengash, Kuzatuv moliya kengashi Ittifoqning asosiy organlaridir. Assambleya oliy organ bo`lib, har yili bir marotaba navbatdagi sessiyani o`tkazadi. 

Amaldagi prezident argentinalik taniqli professional notarius Noemi Armella xonim o`tgan yili noyabr oyida 29-Bosh assambleyada saylangan. Prezidentning Afrika, Janubiy Amerika, Osiyo va Okeaniya hamda Shimoliy Amerika, Markaziy Amerika va Karib havzasi mamlakatlari bo`yicha vise-prezidentlari bor.

Xalqaro ittifoqiga kirituvchi mamlakatlarda lotin notariati ya`ni roman-german huquq tizimi amal qiladi, hujjatlarni notarial rasmiylashtirish ommaviy tan olinadi va dalil sifatidagi kuchi oshadi.

Notariuslarning global tarmog`idan erkin foydalana oladigan tashkilot so`nggi yillarda xalqaro pul yuvish amaliyotlariga qarshi keskin kurashga ham faol ko`maklashmoqda. Chunki bunday jinoiy hatti-harakatlar ortidan olingan boyliklar odatda ko`chmas mulklarga katta moliya va sarmoya sifatida kiritiladi. 

Bu borada 1989 yilda tuzilgan Pul yuvishga qarshi moliyaviy harakatlar guruhi bilan hamkorlik katta samara bermoqda. Evropa Ittifoqining 2001 yil 4 dekabrda qabul qilingan Direktivasi notariuslar va yuridik masalalar bo`yicha mustaqil ekspertlarga pul yuvish bilan kurashish bandi bo`yicha jiddiy ishlash talabini o`rtaga qo`ymoqda.

O`tgan yillar davomida notariuslarning xalqaro uyushmasi jiddiy siyosiy kuchga ham aylandi. Ittifoqning manfaatlari BMT, YuNESKO, Xalqaro xususiy huquq bo`yicha Gaaga konferensiyasi, Evropa Komissiyasi va Evropa Parlamenti, Evropa Kengashi, Xususiy huquqni unifikasiya qilish xalqaro instituti kabi obro`li xalqaro tuzilmalarda ham ifoda etilmoqda. 

Mulkiy va oilaviy munosabatlar, savdo amaliyotlari, tadbirkorlik faoliyati va ularning huquqiy tartibga solish ishlari qanchalik rivojlanib borgani, aholining farovonligi oshib, xususiy notariuslar faoliyati kuchaygani sari bu kabi xalqaro tashkilotlarning ta`siri 
va ahamiyati ham tobora yuksalaveradi. 

Gulnoza ABDUSALYaMOVA,

Xususiy amaliyot bilan shug`ullanuvchi notarius

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар