O`zbekiston yoshlari 50 dollarga sotib olayotgan «Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021» diplomlari aslida soxta edi

25.11.2021 11:16

Barcha etakchi rasmiy va nodavlat OAVlarda «Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021» diplomini olgan o`zbekistonlik yoshlar haqida maqtovli materiallar e`lon qilingan edi. Ammo afsuski, 50 dollar qiymatga sotib olinayotgan mukofot haqida hech kim bafurja surishtiruv o`tkazmagan.

Rost24.uz muxbirlari soxta diplom o`yinlarini fosh qildi.   

O`tgan ikki yildan beri ko`plab talabalar «Bobek» nomli umummilliy harakat (Qozog`iston) tomonidan berilayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligining «Eng yaxshi yosh olimi» maqomi, ko`krak nishoni va birinchi darajali diplomlarini ko`z-ko`z qilishayotganini guvohi bo`lyapmiz. 
Hatto davlat va notavlat OAV ham bu tanlovda g`olib bo`lgan talabalar haqida xabarlar tarqatdi. Masalan, Zo`r Tv telekanalida bu haqida maxsus lavha ketgan bo`lsa, O`zA, Kun.uz, Xalq so`zi kabi OAV da hamda Xalq ta`lim vazirligi, oliy ta`lim muassasalari saytlarida maqtov ma`nosidagi materiallar joylandi. Lekin, MDHning «Eng yaxshi yosh olim»lari yomg`irdan keyin chiqqan qo`ziqorindek ko`paydiki, ularni qaysi biri aslida eng yaxshisi?», degan tabiiy savol tug`iladi.

Ma`lumotlarni tahlil qilsangiz, bir yo`nalishda qatnashgan bir nechta talabalarning hammasi «Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021» diplomini olishganiga guvoh bo`lasiz. Haqiqiy tanlovlarda odatda bunday bo`lmaydi va bir yo`nalishda bir kishi g`olib bo`ladi.

Bu «mukofot»larni taqdim etayotgan tashkilot joylashgan manzil Qozog`istonning Nursulton shahri, Almat tumani, E-49 ko`cha, 3/1 uy, 1 pode`zd, 3 etaj, 24 xonadon bo`lib ya`ni bu manzil turar joy tipidagi uy sanaladi. Assosiasiya shaklidagi yuridik shaxslar birlashmasi «Bobek» umummilliy harakati" rahbari Abiev Erkebulan Muratovich bo`lib, hozirda 29 yoshda, Moskva davlat universiteti aspiranti. Tashkilot 2018 yil 19 iyunda ro`yxatdan o`tgan.
Eng qizig`i ushbu tashkilot saytida Tahrir hay`ati bo`limida  (http://bobek-kz.com/team) hech kimning ismi, familiyasi yo`q. Hamdo`stlik davlatlarining ilmiy integrasiyasini kuchaytirib, olimlar, doktorantlar, talabalarning maqolalarini qabul qilib ko`plab to`plamlar chop etganlarda tahrir hay`ati yo`q. Buni qanday tushunish mumkin. Demak, pulini bersa, xohlagan maqolani e`lon qilish va ko`krak nishoni olish mumkin degan gaplar rost.
Bu ilmni biznesga aylantirganlarni esa na bu talabalarni ko`klarga ko`tarib maqtayotgan oliy ta`lim muassasasi va na vazirlik mutasaddilari surishtirmagan, nazoratga olmagan.  
Eng yomoni respublika tanlovlarida yoki maxsus stipendiyalar tayinlanishida bu diplomlar ham topshirilgan. Ularni ha`yyat a`zolari inobatga olmagan deb kim kafolat bera oladi?
       
MDHda «yagona» bo`lishning narxi qancha?

Tanlovda ishtirok etish uchun to`lov haqida ma`lumotlarni tashkilotchilarning saytidan topa olmadik. Biroq, ushbu tanlovda qatnashib, «g`olib» bo`lganlar bilan suhbatlashilganda ular 50-70 AQSh dollari atrofida pul berganliklari aniqlandi. Bu haqda Andijon davlat universiteti tadqiqotchisi, tarixchi Sharofiddin Hoshimjonov o`z tajribasida bo`lgan voqeadan misol keltirdi:
- Avval Andijon davlat universiteti axborot xizmatida ishlar edim. Iyun oyida bir talabamiz MDHda «Yilning eng yaxshi yosh olimi» deb topilgani haqida xabar qilishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qildik. Hammasi shundan keyin boshlandi. Ketma-ket shu tanlovda g`olib bo`lgan talabalar haqida xabarlar kela boshladi, hammasining ilinji bir, universitet rasmiy sahifalarida e`lon qilish kerak. Shundan so`ng o`ylanib qoldik va tekshirishga qaror qildik. Bildikki, o`zimizning talabalarimizdan biri ularning ko`piga o`rtada turib ushbu «medal»ni pulga olib beryapti. Talabalar rasmiy sahifalarda yoritilmasligini eshitgach, tanlov yolg`on asosiga qurilganini aytib unga bosim o`tkazishgan.  U har bir nomzoddan 65 AQSh dollaridan olib, 50 AQSh dollarini to`lov uchun, o`ziga 15 AQSh dollarini xizmat haqi uchun olib qolgan. 
Yana bir e`tiborli jihati birgina ilmiy maqola bilan eng yaxshi yosh olimni aniqlash mumkinmi? Tashkilot saytidan esa unda ishtirok etish va o`tkazilish tartibi haqida ma`lumotni yo biz ko`rmadik yoki rostdan ham ular yo`q. Bunday qalbaki g`oliblarni katta-katta rasmiy axborot agentliklari, internet nashrlari tekshirib o`tirmay yulduzga aylantirishdi, qaysidir viloyat hokimi qo`sha-qo`sha sovg`alar ham berdi. O`zi kimdir bu tanlovda 2 yoki 3 o`rinni oladimi? Bunday tanlovlarda aslida bu o`rinlar ham maqtasa arzigulik ish, lekin negadir bunday o`rin olganlar hech qaerda e`lon qilinmadi.

Saytimizga bu ma`lumotlarni ochiqlagan Sharofiddin Hoshimjonov tanlovda ishtirok etganlardan biri bilan suhbatlashgan:

Sizni izlanuvchan talaba sifatida aytishadi, ilmiy tadqiqot ishi bilan shug`ullanishingizni ham eshitganman. Ular bilan qanday bog`landingiz?
Ismi sir qolishini iltimos qilgan talaba esa bu tanlovda qatnashishni unga ilmiy rahbari tavsiya qilganini aytgan. 
-  Maqola yozdim, tarjima qildim, plagiatda tekshirdim. Keyin, yutuqlarim to`la papka ya`ni (pdf. formatda) maqola bilan birga yubordim. Ular 40$ to`lasangiz maqola chop etilgan jurnalning aslini yuboramiz deb yozishdi. O`ylab qoldim chetga maqola chiqarish ham 350 ming atrofida, keyin ha mayli, - deb yubordim. 1, 2, 3 o`rinni  olish olmasligim noaniq dedi. Keyin, Allohga tavakkal qilib topshirdim. Ilmiy ishim mavzusi va maqola haqiqatda zo`r edi, afsusdaman. Men ular bilan elektron pochta orqali gaplashganman, to`lovni o`zlariga bank orqali to`laganman. O`rtakashlar 55 yoki 60 AQSh olyapti. Ular pochtadan yuborishdi, omborga borib olib keldim. Nomi ulug` surpasi quruq ekan, mana yuribmiz. Maqolamni keyin OAK jurnaliga berdim. Og`zim kuydi.

Nega yoshlar o`rtasida bu tanlovga qiziqish juda kuchayib ketdi deb o`ylaysiz?

-  Bilmadim, katta-katta saytlar, hatto televizorda ham ko`rsatishdi buni g`oliblarini. Navoiy viloyatidamikin hokim sovg`a ham berdi. Bu esa boshqalarning pulini sarflab bo`lsa ham shunaqa shuhratga erishish uchun harakat qilishiga sabab bo`lyapti.

Siz shunaqa tanlov g`olibi bo`lgan  universitetimizning nechta talabasini bilasiz? Kimdir sizdan qanday olganingizni so`raganmi?

-  O`hho`, anchaku. 11 kishini bilaman ekan. Deyarli hamma fakultetdan bor. Masalan, Fizikadan ikkita talaba olgan. Ismlarini aytaman sizga, lekin chiqarmang maqolangizga. Men olgandan so`ng, maslahat so`rashdi keyin aytdim. Pul sizniki undan biron jurnalga bering. Agar medal kerak bo`lsa Leninskiyda 15 ming so`mga beradi dedim. Yozuvi bilan kerak bo`lsa, shunga bering.  Lekin mana bizniki ham uyda sandiqni bezab turibdi, - dedim. Men olganman. Keyin boshqalarga maslahat bermaganman. Olishmadi.

Xullas, talab bo`lmasa taklif bo`lmaydi. Shunday oson yo`l bilan, pul to`lab yolg`on maqom olishdan qayting!!!

Saytimiz bilan yaqindan hamkorlik uchun Andijon davlat universiteti tadqiqotchisi, tarixchi Sharofiddin Xoshimjonovga minnatdorchilik bildiramiz!

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
27
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
05.12.2021 00:19
Бизда хам шунака олган бор биз хам ишонмадик бу нима иш килиб олим буьибди деб
29.11.2021 19:57
Haqiqat yuzaga chiqibdi
28.11.2021 17:05
Bu hali holva, odamlar doktorlik dissertasiyalarini sotib olyapti.
28.11.2021 05:14
Men ham bir necha tanishlarimning shunday mukofot bilan taqdirlanganini koʻrdim. Rosti, ular orasida yaqindagina mendan maqola qanday yozilishini soʻrab yurgan bittasi ham borligini koʻrib hayron qolgandim.
26.11.2021 00:09
Sizlardan iltimos. Maktab o'quvchilari o'rtasida o'tkazilayotgan bo'lmag'ur va vaqtni oluvchi ko'rik-tanlovlar va TADBIRLAR haqida ham materiallar tayyorlang. Iltimos.
25.11.2021 19:26
Axmoq odam "bo'bek" (o'zbekchasiga "go'dak") gapiga ishonadi