Jamiyat uchun yolg`onchi, davlat uchun samarasiz MTRK islohotga muhtoj
O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) 13 ta telekanal, 4 ta radiokanal, 13 ta hududiy telekanallarni bag`rida saqlab kelmoqda.
Undan tashqari “Respublika teleradiomarkazi”, “O`zbekiston MTRK mediamarkazi”, “O`zbektelefilm” “Maxsus avtokorxona” kabi alohida tizimlar ham mavjud.
Viloyat teleradiokanallari bilan birga jami 30ta tele va radiokanallarning jamiyat va hukumat uchun qanchalik foydasi tegmoqda? Aslida bu savolga teletomoshabin muxlislar javob berishi kerak. Vaholangki, teletomoshabinlardan televidenie haqida so`rasangiz, “Sevimli”, “Zo`r” MYu5, “Milliy” kabi xususiy telekanallar mavjudligini bilishadi.
Davlat telekanallari esa bugun tomoshabinlar nazaridan butunlay chetda qolmoqda. Bunga sabab esa – ko`rishga arzigulik ko`rsatuvlar mavjud emas. MTRK ko`rsatuvlariga munosabat bildirgan odamlarning 90 foizi yolg`on, qolgan 10 foizi esa gumon degan javobni berishmoqda. Hattoki, eng ishongan “O`zbekiston24” teleradiokanali ham xalq tilida “Susambil” maqomiga munosib ko`rilgan.
Bugungi kunda MTRKda tayyorlanadigan ko`pgina ko`rsatuvlarning asosiy maqsadi – efir vaqtini to`ldirish bo`lib qolmoqda. Tomoshabinni jalb qilish degan tushunchalar esa butunlay unutilgan.
Xususiy telekanallar maydonga chiqquniga qadar aholi MTRK tizimidagi telekanallarni ko`rishga majbur edi. Endi esa odamlar uyidagi televizor dasturidan davlat telekanallarining barchasini tozalab tashlagan. Amaldorlargina faqat “O`zbekiston24” telekanalini ko`rishga majbur. Xalqda esa bunday majburiyat yo`q.
Byudjetdan ajratilgan 561,4 milliard so`mga munosib nimadir qilishi zarur emasmi? Tomoshabinlar uchun nimadir berishi mumkin desak, tomoshabinning o`zi MTRK kanallarini ko`rmaydi. Hukumat uchun nimadir qilishi kerak desak, kimdir ko`rishi kerkku axir. Demak har yili ajratiladigan yarim trillion so`m havoga sovurilmoqda.
Shunday ekan hukumat tomonidan MTRKga topshirilgan missiya ham samarasiz bo`lmoqda. Byudjetdan ajratilgan pullardan bir qismi qaysidir xususiy telekanalga ajratilib berilsa, har qanday missiyani qoyilmaqom qilib uddalab berishi mumkin.
Bir zamonlar qo`shni respublikalarga hasad qilingan holda telekanallar soni ko`paytirilib tashlangan edi. 13 ta telekanalga zarurat va ehtiyoj ham yo`q aslida. Deyarli yarmi mavzu va maqsad jihatidan bir birini takrorlaydi.
Misol uchun, “Madaniyat va ma`rifat” va “O`zbekiston tarixi”, “Mahalla” va “Oilaviy” telekanallari mavzu va maqsad jihatidan bir biriga o`xshash. “O`zbekiston” hamda “Toshkent” telekanali esa barchasidagi mavzuni takrorlaydi.
MTRKning boshqaruv tizimi 73 yil jon saqlab kelgan sobiq SSSRning kommunistik boshqaruviga o`xshaydi. Bu tizim tagidan chirib bo`lgan desak ham adashmagan bo`lamiz. Hech kimga hattoki, hukumatga ham foydasi tegmay qolgan. Ammo ma`lum bir shaxslargagina zarur tashkilotligi sir emas.
Bugun esa bu sosialistik tizimga barham berib MTRKga toza havo kiritish lozim. Ammo shuni ham alohida ta`kidlash zarurki, bitta kanalni ikkita qilib yoki ikkita telekanalni bitta qilib isloh qilib bo`lmaydi. Tubdan isloh qilish zarur.
MTRK tizimida yana bir kommunistik uslubda ishlaydigan katta bir tashkilot bor. Telemarkaz degan tashkilot telekanallarga xona, montajchi, kamera ajratib byudjet pullarini ixtiyoriy-majburiy qaytarib oladi. Soatbay ajratiladigan kamera, montaj xonalari va injenerlar uchun belgilangan summa miqdori qaysi tamoyillar asosida belgilangan. Shu savol ham ochiq qolishi tabiiy. Umuman olganda byudjet pullarini kanallarga tarqatib, yana o`zlari yig`ib oladigan mexanizm kimgadir kerakmi? Qisqasi, davlatdan ajratilgan pul bir aylantiriladi va ... davomini aytishga fakt fakt yo`q.
“Maxsus avtokorxona” ham xuddi shu mexanizmni bajarib beradi. Birgina direktorga xizmat uchun ajratilgan neksiya mashinasining xizmat haqqi uchun telekanaldan tortib olinadigan bir yillik puliga yangi jentra mashinasini olish mumkin.
MTRKda mavjud 13 ta telekanalllarga o`zlari reklama qidirib topish vakolati yaqinda berildi. Ammo narxni birgina MTRK markaziy apparati belgilab beradi. Bu ham raqobatga qo`yilgan to`siqning belgisi emasmi? Shuningdek, katta miqdordagi reklama chegirma (skidka)lari ham faqat ma`lum bir reklama kompaniyalariga tortiq qilingan. Telekanallarning o`zlari chegirma qilish imkoniyatidan butunlay mosuvo. Bu esa reklama beruvchilarning bir joyga yig`ilib borishi uchun ixtiyoriy-majburiyat emasmi?
MTRKda 5 ming nafarga yaqin odam shtatda turadi. O`tgan yili MTRKning barcha teleradiokanali karantin sabab 450 nafar xodim bilan ishladi. Ammo efir jadvali o`zgarmadi. Shunday ekan bu tizimdagi shtatlar jadvali ham islohotga muhtojligini ko`rsatmoqda.
Yuzlab bekorchi xodimlarga arzimagan maosh bo`lsa ham plastigiga tushib turgani ma`qul. Ammo jonini jabborga berib ishlaydiganlar ham ana shu bekorchilar uchun tovon to`lashga majburdir. Chunki boshqa bir daromad qiladigan joyi yo`q, televidenie uchun ishlaydigan haqiqiy ijodkorlar tirikchilik sinovlariga bardosh berishi qiyin.
MTRKda deyarli barcha janjallar gonorar bois kelib chiqishi ko`pchilikka ayon. Gonorar mezonlarini belgilab beradigan MTRK raisining 118-buyrug`i o`tgan asrdan qolgan mexanizmlar asosida tuzilgan. Mazkur hujjatdagi bandlar shunday tuzilganki, uni har tarafga o`ynatish mumkin. Bu mexanizmda bugungi kunda davr talabi bo`lgan kompyuter grafikasi kabi zamonaviy yo`nalishlar o`rin olmagan.
Viloyat teleradiokanallari viloyat hokimlarining shaxsiy tomorqasi desak ham mubolag`a bo`lmaydi. VTRKlarining direktorlari hokimining chizgan chizig`idan chiqma olishmaydi.
Qisqasi, viloyat teleradiokanallarini hokimlar changalidan qutqarish kerak. Yoki, hech bo`lmasa, ijodkorlar ishlashi uchun sharoit qilib berishni viloyat hokimlari o`z zimmasiga olish kerak. Buning uchun albatta shu soha uchun jon kuydiradigan birgina rahbar kerak. O`sha rahbar esa qidirilmoqda.