Sog`liqni saqlash vazirligiga yangi vazir sifatida tanishtirilgan Musaev Behzod Anvarovichga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishlari nima bilan tugadi?
Behzod Musaev mansab vakolatlarini suiste`mol qilish va o`ta yirik miqdorda soliqlarni yoki boshqa majburiy to`lovlarni to`lashdan bo`yin tovlash kabi ayblovlar bo`yicha qiduruvda bo`lganmidi?
OAVning Behzod Musaevni AQShdan boshpana so`ragani haqida yozgani qanchalar rost?
Albatta, jamoatchilik barcha tafsilotlardan xabardor bo`lishga haqli.
Bugun, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida deputatlar Musaev Behzod Anvarovichni Sog`liqni saqlash vaziri lavozimiga tasdiqladi. Yangi vazir shu vaqtga qadar Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo`yicha o`rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Behzod Musaev Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini iqtisodchi mutaxassisligi bo`yicha tamomlagan. 1995 yilda ish faoliyatini O`zbekiston TIF “Milliy banki”dan boshlagan va 1998 yildan moliya vazirligiga o`tgan. 2010 -2011 yillarda Davlat soliq qo`mitasida ish boshlaydi. Oradan bir necha yil o`tib, 2018 yilda qo`mita rahbari etib tayinlanadi.
Aynan 2018 yillarda Fergana.ru saytining Ichki ishlari vazirligi ma`lumotiga tayanib xabar berishicha, Behzod Musaev Anvarovichga nisbatan O`zbekistonda qidiruv e`lon qilingan. Axborot sayti Behzod Musaevga nisbatan qachon qidiruv e`lon qilingani haqida ma`lumot bermagan. Saytning yozishicha, vazirlik bu haqida ma`lumot taqdim qilmagan.
Rost24.uz axborot sayti Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibiga murojaat qilib ayni damda mazkur qidiruv ishi qaysi jarayonda ekanini surishtirdi.
Matbuot kotibning ma`lumotlariga ko`ra, agar bu shaxs ma`lumotlari saytda topilmasa u holda qidiruvlar ro`yxatidan o`chirilganini anglatishini bildirdi. Shu bilan birga to`liqroq ma`lumot uchun rasmiy xat bilan murojaat etishni so`radi. Rost24.uz mazkur so`rov javobini ham e`lon qiladi.
2011 — 2016 yillar davomida Behzod Musaevning qaysi mansabda bo`lgani haqida ma`lumotlar yo`q. U bu yillar davomida qaerda bo`lgan? "Ozodlik" radiosining ma`lumotlariga tayanadigan bo`lsak, Musaev AQShdan siyosiy boshpana so`ragan. Norasmiy ma`lumotlarga ko`ra, Musaev AQShdan so`ragan siyosiy boshpana sabab, hatto uni olgan. Xorij nashrining yozishicha, Musaev davlat dasturi asosida soliq sohasida malaka oshirish va tajriba almashish maqsadida xorijga ketgan, jinoiy javobgarlikka tortish tahdidi tufayli vatanga qaytmaslikka qaror qilgan.
2018 yilda uzoq vaqt davomida ko`rinmagan mansabdor yana qayta O`zbekiston Davlat soliq qo`mitasiga rahbar etib tayinlanadi. Aynan shu vaqtda u haqida bir qancha xorijiy nashrlarda (fergana.ru, centrasia.net) unga nisbatan Ichki ishlar vazirligi qidiruv e`lon qilingani haqida xabarlar tarqalgan.
O`sha vaqtda vazirlik saytiga ko`ra, Behzod Anvarovich Musaev O`zbekiston Jinoyat kodeksining olti moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilingani aytiladi. Unga nisbatan 167-modda 3-qismi “A” bandi (“O`zlashtirish yoki o`zlashtirish, o`ta yirik miqdorda o`g`irlik qilish”), 175-qism 2-qism “A” bandlari (“O`zbekiston Respublikasi manfaatlariga zid bo`lgan bitim tuzish, qayta-qayta"), 178-moddasi 3-qism ("Uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko`zlab sodir etilgan chet el valyutasini yashirish"), 179-modda ("Soxta tadbirkorlik"), 184-moddasi 3-qismi ("O`ta yirik miqdorda soliqlarni yoki boshqa majburiy to`lovlarni to`lashdan bo`yin tovlash" shkala ”), 205 2-qism, A bandi (“Hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste`mol qilish") kabi ayblovlar e`lon qilingan.
Behzod Musaevga nisbatan qo`yilgan ayblovlar u ichki ishlar saytidagi shunchaki familiyadosh emasligini bilish mumkin. Chunki, o`sha vaqtda saytda e`lon qilingan ma`lumotga ko`ra, Musaev mansab vakolatini suiste`mol qilish ayblovi bilan qidiruvda bo`lgan.
Bugungi kunda jiddiy va ahamiyatli mansabga ko`tarilgan O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri va shu vaqtgacha egallab kelingan Bosh vaziri o`rinbosari lavozimlarida bo`lgan Behzod Musaev Anvarovichga nisbatan ochilgan jinoyat ishlari haqida Ichki ishlar vazirligi ochiq va shaffof ma`lumot berishlarini kutib qolamiz.
Yuqori va o`ta ma`suliyatli lavozimga ega bo`lgan shaxs haqida jamoatchilik to`liq, shaffof ma`lumotga ega bo`lishga haqli. Mansabdor shaxsga nisbatan ochilgan bir qator jinoyat ishlari nima uchun ichki ishlar vazirligi saytidan o`chirilganligi ochiqlanishi va jamoatchilikka ma`lumot berilishi lozim. Balki, Behzod Musaevga nisbatan o`sha davrda qo`yilgan jinoiy ayblovlar asossiz bo`lib chiqqandir. Bu haqida rasmiy manbalar to`liq ma`lumot berishi va nima uchun Musaev nomi qidiruvdagi shaxslar ro`yhatidan o`chirilgani, unga ochilgan jinoyat ishlari qanday yopilganini tushuntirishi kerak.