Changli bo`ronlari hukumat vakillarini uyg`ota oldimi? Xalq sog`-salomat yashashi uchun kim qayg`uradi?
Daraxtlardan ayovsiz tozalangan poytaxt ikki kundan buyon qum bo`roni qurshovida qolmoqda. Sog`liqni saqlash vazirligi ma`lumotiga ko`ra, shu kunlarda chang to`zonli shamol oqibatida tez tibbiy yordamga murojaatlar ham ko`paygan. Buxoroda esa changli kuchli shamol imoratlarning tom qismlarini uchirib ketgan.
"O`zgidromet"ning Toshkent shahrida joylashgan havo sifatini ifloslantiruvchi moddalar tahlilini yurituvchi avtomatik stasionar kuzatuv postlarida chang miqdori keskin ko`tarilib, avvaliga ruxsat etilgan me`yordan 5 baravarga, keyinroq mahalliy vaqt soat 21:00 va 23:00 orasida 30 barobargacha ko`tarilgani qayd etilgan.
Mutaxassislar fikricha, qum va chang shamollarining qishloq xo`jaligiga ham etarlicha zarar keltirishi xavfi bor. Ma`lum bo`lishicha, hozirda kuzatilayotgan qum bo`ronlari xavfi haqida olimlarimiz avvaldan barchani ogohlantirib kelgan.
Changli shamollar shu kecha kunduzda paydo bo`lgan muammo emas. Ammo, mazkur muammo shu vaqtgacha hukumat darajasida ko`rib chiqilganmi?
Ekologlarimiz qum bo`ronlarini oldini olish uchun hukumat tepasida bong urishganmi? Javob o`zingizga ayon.
Biologiya fanlari doktori Baxtiyor Abdug`ofur qum bo`ronlari oldin ham bo`lib turgani, bu O`zbekiston iqtisodi uchun zararli ekani haqida gapirdi. “Qum bo`ronlari har doim bo`lgan. Vaqti-vaqti bilan bo`lib turgan. Unutilgan. Lekin zamonaviy dunyodagisi ancha xavfli? Nega? Sababi, bu chang-to`zonlar orasida tuzlar ham uchadi, miqdori ham ancha yuqori. Qum-chang zararli bo`lmasligi mumkin, lekin tuz uchsa yomon.
Birinchidan, o`simlik va daraxtlarning bargini qoplaydi, zararlaydi, quritadi. Qishloq xo`jaligi muhim soha hisoblangan O`zbekiston uchun bu juda jiddiy holat”, deydi Baxtiyor Abdug`ofur.
Biolog olim bu safar changli shamol talofati nisbatan kam bo`lganini aytadi. Chunki ayni damda o`simliklar uyquda. Agar bu chang to`zonlar bahor yoki kuzda kuzatilsa, qishloq xo`jaligiga va oqibatda tabiiyki, O`zbekiston iqtisodiga jiddiy zarar etishi mumkin.
Baxtiyor Abdug`ofur chang bo`ronlari muammosi avvaldan bashorat qilingani va ularga echimlar ham taklif qilinganini aytadi. Biroq, takliflar, ishlanmalar laboratoriyada qolib ketgan. Olim quyidagi ikki usulni aytadi:
1. Tuz uchadigan hududlarda o`sha mintaqa o`simliklarini ekish;
2. Tuzni uchmaydigan holatga o`tkazish;
Bir vaqtlar, taxminan o`n-o`n besh yillar avval cho`l o`simligini qumda o`stirish, o`sha o`simlikni bakteriyalar bilan oziqlantirish biotexnologiyasi ishlab chiqilgan. Lekin ishlanmalar laboratoriyada qolib ketaverdi.
“Tuzlar yoki og`ir metallarni bakteriya polimerlari yordamida “qotirish” (yutish) ishlari ham olib borilgan, jarayon va bu jarayonda qo`llanadigan biologik vositalarning fundamental natijalari ilmiy nashrlarda ham e`lon qilingan”, deydi olim.
Biologiya fanlari doktori Baxtiyor Abdug`ofur bir ikki kun ko`tarilgan changli shamolga befarq bo`lmaslikni aytadi. Chunki, olimning ta`kidlashicha, biz tuz zaxirasi markazida joylashganmiz.
“Bu tuzli chang-to`zonlar hali ko`p o`zini eslatadi. Qaysi faslda qo`zg`alishi qarab xavf ko`lami turlicha bo`ladi. Agar bahor yoki yozning boshida bo`lsa, unda unda iqtisodiy zarari juda katta bo`ladi. Butun boshli dalalardagi o`simliklar, daraxtlar xavf ostida qoladi. Jiddiy masala shuki, biz potensial tuz zaxirasi markazida joylashganmiz. Bu kabi ekologik tahdidlar bor va biz kelajakda ko`p yuzlashamiz...”, deya ogohlantiradi olim Baxtiyor Abdug`ofur.
Olimlar ogohlantirmoqda va echimlar ham taklif etmoqda. Birgina savol ochiq: O`zbekistonning bir necha hududlarida kuzatilgan qum bo`ronlari hukumat vakillarini uyg`ota oladimi?