O`zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti rektori, Xalqaro press klub raisi Sherzod Qudratxo`jaev o`z familiyasidagi –ev qo`shimchasidan voz kechdi. U «O`zbekiston 24» radiokanali efirida bu haqida izoh berar ekan, endi o`zligini topganini va bundan buyon uning sharifi Qudratxo`ja deb yuritilishi ma`lum qildi.
– Men hozirgina Davlat xizmatlari agentligida o`z huquqimdan foydalanib shuni rasmiylashtirdim, – dedi Sherzod Qudratxo`ja. – Biz o`zligimizni anglamas ekanmiz, milliy g`ururni his qilmas ekanmiz, hech qachon rivojlanmaymiz.
FAMILIYaLAR TARIXI...
O`zbekistondagi familiyalar borasida Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Orif Tolibning sahifasida berilgan maqolada qayd etilishicha, Sobiq Ittifoqqacha O`rta Osiyo xalqlari, jumladan, o`zbeklar familiyadan deyarli foydalanmagan. Familiya tushunchasi Chor Rossiyasi hukmronligida kirib kelgan.
O`rxun-Enasoy yodgorliklarida Kultegin, Bilga xoqon, Tunyuquq kabi ismlarga, «Devonu lug`atit turk»da esa Alp Er To`nga ismiga duch kelamiz. Demak, bu paytlarda nomlar qisqa va lo`nda, otlarga qo`shiladigan qo`shimcha so`zlar esa sifat, unvon va nisbalardan iborat bo`lgan. Alp Er To`nga «yo`lbars kabi kuchli bahodir» degan ma`noni bildiradi.
VIII asrdan boshlab ismlarni arabcha ifodalash urfga kirgan. Masalan, buyuk muhaddis Imom Buxoriyning to`liq, kengaytma ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mag`iyra ibn Bardazbeh al-Juafiy al-Buxoriydir. Ismlarni bu tarzda berish kishining nafaqat otasi yoki bobosi, balki bir necha avlod bobokalonlarini ham keltirish imkonini beradi. Og`zaki tilda esa qisqa shakl ishlatilaveradi: Ahmad Farg`oniy, Muso Xorazmiy, Ahmad Yassaviy.
Ayollarning to`liq ismida ibn o`rniga bintu, binti, bint so`zlari ishlatilgan.
Abu falonchining otasi ma`nosi anglatgan. Abu Ali – Alining otasi. Bu so`z ba`zida otalikni ko`rsatish uchun emas, qo`shimcha ta`rif-tavsif berish uchun qo`llangan.
Kishi ismlariga nisba sifatida u tug`ilgan, yashagan, mansub bo`lgan joy nomlaridan tashqari, kasb-korni bildiruvchi so`zlar, laqab va unvonlar ham qo`shilgan.
Adiblar esa o`zlariga olgan taxalluslar bilan atalgan: Alisher Navoiy, Lutfiy, Muhammadrizo Ogahiy, Maxtumquli Firog`iy, Muhammad Aminxo`ja Muqimiy va hokazo.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Chor Rossiyasi ta`sirida hozirgi tushunchadagi familiyalar iste`molga kirdi. Ota ismlariga -ov, -ev qo`shimchalarini qo`shish boshlandi. Bu paytda -iy qo`shimchali familiyalar ham ko`p qo`llangan: Abdulla Qodiriy, Said Ahroriy, Hamza Hakimzoda Niyoziy. Familiyalar ba`zida -zoda so`zi bilan tugagan: Muhammadsharif So`fizoda.
Bu davrdagi manbalarda ota ismidan so`ng o`g`li so`zi ham ishlatilganini ko`rish mumkin.
Bugun biz familiyalarimizda ishlatadigan -ov, -ev ruschadan kirgan. To`g`rirog`i, kiritilgan.
Familiya lotincha "familia" so`zidan, asliyatda qullar, tobelar; xonadon; merosiy nom; avlod, oila kabi ma`nolarni anglatadi. Qadimgi Rimda bu so`z bir xo`jayinga tegishli qullarni, keyinchalik xo`jayinning oilasi va qullarini, vaqtlar o`tib esa bir oila boshlig`i, uning qondoshlari va yaqinlaridan iborat jamoani bildirgan.
Bugungi tushunchadagi familiya X-XI asrlarda Shimoliy Italiyaning iqtisodiy rivojlangan viloyatlarida paydo bo`lgan. Keyinchalik Evropaning boshqa mamlakatlarida ham familiyalar urfga kirgan.
Rossiyada hatto XIX asrda ham krepostnoy dehqonlar xo`jayinlarining familiyasini olgan. Shu asrga kelibgina rus tilida familiya hozirgi mazmunni – «nasl-nasabni ifodalovchi oilaviy nom» ma`nosini ifodalay boshlagan. 1897 yilgi aholini ro`yxatga olish ma`lumotlariga ko`ra, mamlakat aholisining 75 foizga yaqinida familiya bo`lmagan.
Familiya Sobiq Ittifoqda XX asrning 30 yillarida pasportlashtirish tufayli ommalashdi. Biroq boshqa millat vakillarining familiyalari ham ruscha qo`shimchalar orqali yasaldi. Bu kechmishni boshdan kechirgan o`zbek ismlari boshqa ko`rgiliklarga ham ro`para keldi: ismlar ruscha talaffuzga mos ravishda o`zgartirib yozildi. Xodjaev, Axmedov, Muxamedov, Irgashev, Iminov, Giyasov, Alimdjan, Sagdulla, Burxan, Mamasidigali va hokazo.
-ov, -ev qo`shimchali so`z rus tilida sifat ko`rinishida kimniki, kimlarniki, kimga yoki kimlarga tegishli so`roqlariga javob beradi. Ivanov – Ivanovlar oilasiga tegishli odam demakdir.
RUSChADA...-in/-n, -skiy/-skiy qo`shimchalari bilan ham familiyalar hosil qilinadi. -ov qattiq undoshlar bilan, -ev, -yov yumshoq undoshlar bilan, -in esa -a, -ya bilan tugagan ismlarga qo`shiladi.
Ayollarning familiyalariga yuqoridagi qo`shimchalardan so`ng -a, -ya, -aya qo`shiladi.
Ma`lumotlarga ko`ra, rus familiyalarining 60-70 foizi -ov, -ev ga, 30 foizga yaqini -in ga tugaydi. -skiy/-skiy qo`shimchali familiyalar nisbatan kam.
Mustaqillikdan so`ng ba`zi mamlakatlarda, jumladan, Ozarbayjon va Tojikistonda ruscha qo`shimchalardan voz kechildi. Ma`lumotlarga ko`ra, 2017 yili 33 mingdan ortiq qirg`izistonlik familiyalaridagi -ov va -evni -uulu/-kz yoki teginga o`zgartirgan. O`zbek tili esa faqat ota ismlaridagi -vich, -ovnadan qutula oldi, ular o`rniga o`g`li, qizi so`zlari ishlatila boshladi. Lekin hozir ham "Falonchi Pistonchievich" shakli urfda, ayniqsa, katta-kichik amaldorlarga murojaatda, deya xulosa bergan Orif Tolib o`z maqolasida.