O`zbekiston davlat telekanallari qonunni buzib kelmoqda

14.12.2020 11:15

Yoxud mayda qonunbuzarliklarga chora ko`riladi-yu, yirik kompaniyalarning yirik noqonuniy ishlariga qonuniy tus beriladi. NEGA? 

Ko`cha-ko`yda disk sotib yuruvchilar tutilib, mualliflik huquqining buzilishi, kontrabanda sababli jazoga tortiladi. Ammo, davlat va xususiy telekanallar tomonidan uzatilayotgan xorijiy kino va dasturlarni ommaga uzatishda mualliflik huquqlari himoya qilinmoqdami? 

Telekanallar ham ko`chadagi kontrabanda disk sotuvchilari kabi shartnoma asosida sotib olinmagan ko`rsatuv yoki serial, kinolarni ommaga uzatmayaptimi?

Yaqinda “Uzreport tv” telekanali bosh muharriri Gulnoza Husanova Xalqaro press-klubning matbuot erkinligiga bag`ishlangan anjumanida ham ayrim telekanallarda mualliflik huquqiga rioya etilmasligi haqida fikr yuritgan edi. 

«Biz shartnoma asosida sotib olgan ko`rsatuvni tarjima qilgunimizcha, boshqa xususiy kanallar uni mualliflik huquqlarisiz ko`chirib olib, efirga uzatib yuborishdi», degandi Gulnoza Husanova.

Qaysidir telekanallarning shartnoma asosida ishlashi va boshqalarining to`g`ridan-to`g`ri ko`chirib olishlari ommaviy axborot vositalari o`rtasidagi sog`lom raqobatga ham ta`sir qiladi.

O`zA muxbiri ayni masala yuzasidan Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi raisi To`lqin Abdusattorovga murojaat qildi.

To`lqin Abdusattorov davlat telekanallari va boshqa ijtimoiy media tarmoqlarida mualliflik huquqlarini buzilishida Intellektual mulk agentligi yolg`iz o`zi kurasha olmasligini va bunda axborot va ommaviy kommunikasiya agentligi ham chetda turmasligi kerakligini aytib o`tdi.

“Hozirgi kunda televidenie va radioda mualliflik huquqlariga rioya etilmasligi jiddiy masala. Agentligimiz tomonidan 11 ta davlat kanallariga taqdimnoma xati yuborilgan. Unda telekanallarda namoyish etilgan film va boshqa xorijiy ko`rsatuvlar shartnomasini ko`rsatish va bir oy muddat ichida murojaatni olgan telekanallardan javob xatini berishlari so`ralgan. Xususiy telekanallarda ham mualliflik huquqlarining buzilishi ko`p uchraydi, lekin biz xususiy tadbirkorlar faoliyatiga aralashishimiz mumkin emas.

Telegram kanallarda ham hikoya yoki boshqa mualliflik materiallarini egasini ko`rsatmagan holda tarqatilishi ko`p kuzatiladi. Bu borada Axborot va ommaviy kommunikasiya agentligi chora ko`rishi lozim. Intellektual mulk agentligi yolg`iz o`zi bu kabi kamchiliklarga qarshi kurasha olmaydi. Qolaversa, agentlik mustaqil ravishda xususiy telekanallar faoliyatini tekshirishga haqli emas. Bu tadbirkorlik faoliyatiga aralashuv hisoblanadi. Bizga fuqarolardan yoki mualliflik huquqi buzilgan ikkinchi tarafdan murojaat bo`lsa, ishni sudga oshirishimiz mumkin.

Undan tashqari, qo`shni davlatlarda bizning kinolar ham mualliflik huquqi qoidalari buzilgan holda namoyish etiladi.

O`zbekiston "Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to`g`risida"gi Bern Konvensiyasiga a`zo bo`lgan. Unga ko`ra asardan foydalanayotgan yuridik shaxs yoki tashkilotlar huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan shartnoma tuzishlari so`raladi”, deydi To`lqin Abdusattorov. 

YaNIChAR

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар