Saylov o`tdi endi adolat kerak emasmi?
“Mening farzandlarim, nevaralarim Rossiyada mardikor bo`lib yurishini istamayman. Qishlog`imizda 15 ming aholiga mo`ljallangan na bir maktab va na bir bog`cha bor. Bolalar uzoq va xavfli joydagi maktabga qatnamoqda, yo`lda yo`l transporti hodisasiga uchramoqda. Bu muammoni hal etuvchi bironta vijdonli amaldor bormi?”, deydi Nazarbek qishlog`i “Farobiy” mahalla fuqarolar yig`ini hududida yashovchi Ma`mura aya.
Rost24.uz axborot saytida Toshkent viloyati Nazarbek qishlog`i, “Farobiy” mahallasida 40 yil avval maktab uchun ajratib bo`sh qolayotgan er Zangiota tuman hokimi tomonidan “Besh tashabbus” ijtimoiy ob`ektlarini qurish uchun berib yuborilgani haqida yozilgan edi.
Besh tashabbus asosida ijtimoiy ob`ektlar qurilishi kerak bo`lgan joyga ayni damda 40 ta turar joylar va 200 kishilik maktab va 100 kishilik bog`cha qurilishi kutilmoqda. Ammo, qizig`i shundaki, besh tashabbus loyihasi asosida er olgan tadbirkorga na zamonaviy turar joylar va na maktab, bog`cha qurishga ruxsat etiladi.
Mazkur masala ko`tarilgach, qurilish ob`ektiga 9 ta vazirlikdan vazir o`rinbosarlari ishtirokida komissiya tuzilib o`rganildi. Jumladan, Qurilish vaziri o`rinbosari N.Babaev, Vazirlar Mahkamasi apparatining bosh mutaxassisi S.Jumaniyozov, Toshkent viloyati hokim o`rinbosari Sh.Hakimov, Adliya vaziri o`rinbosari M.Ikramov, Xalq ta`limi vazirining birinchi o`rinbosari U.Sharifxodjaev, Maktabgacha ta`lim vaziri o`rinbosari N.Muslitdinov, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o`rinbosari T.Nabiev, Davlat soliq qo`mitasi huzuridagi Kadastr agentligi raisi o`rinbosari A.Abdullaev, Toshkent viloyati prokurori o`rinbosari, adliya katta maslahatchisi Sh.Turdaliev kabi mutasaddilar ishni ko`rib chiqishga jalb etildi.
Shuningdek, qurilish jarayonini vaqtincha to`xtatib turishga og`zaki ko`rsatma berildi. Yig`ilish yakunida bayonnoma tuzilib, aholini maktab va bog`cha bilan ta`minlash, qayta sud ishini appelyasiya orqali ko`rish joizligi bo`yicha ko`rsatma berildi. Ammo, ayni damda, qurilish avjida, 15 ming aholining maktabsiz qolayotgani bo`yicha Zangiota tuman hokimligi biron ish qilgani yo`q. “Saylovgacha odamlarni tinchlantirib turish” vazifasini 9 ta vazir o`rinbosarlari uddaladi. Ammo aholining maktabsiz qolayotgani ular uchun nisbatan muhim bo`lmagan ish bo`lib qolmoqda.
Adolat izlagan Nazarbek qishlog`i fuqarolari, oddiy konstitutsion huquqlari bo`lmish maktab va bog`chaga ega bo`lish huquqlaridan mahrumligicha qolmoqda.
Eslatma: saytimizda avval mazkur masala yuzasidan qator materiallar e`lon qilingan. Voqealar oxirigacha qanday tugashini kuzatishda davom etamiz. “Toshkent viloyatida hokimlik Prezident farmoni bilan nayrang ishlatib, 12 ming aholini maktabsiz qoldirmoqda”