Qonunni buzmaydigan kasb egalari kamdan kam topiladi, balki topilmasa ham kerak. Ammo davlatning eng muhim bo`g`inida qonun ustuvorligini ta`minlashdek oliy vazifa zimmasida bo`lgan sudyalar ham muntazam qonunni buzib tursa-chi?
Fuqarolarning ishini bir kun kechikkanda qabul qilmaydigan sudyalarning o`zlari kodeksdagi muddatni 47 kunga buzdi. Sudyalarga qonunni buzish mumkinmi? Ayni masala yuzasidan hozirda rost24.uz so`rovi bilan Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatiga so`rovnoma yuborilgan.
Oliy sud yoki Sudyalar oliy kengashi rahbariyatidan turli tadbirlarda fuqarolarimizning sud tizimidan noroziligi kuchayib borayotgani sabablari haqida so`ralsa, doimo “sudyalarimizda hech qanaqa ayb yo`q, ular har doim ham qonun doirasida ishlashadi, ayrim qisqagina muddat buzilishlariga esa ish hajmining ko`pligi va sudyalar shtatlari etishmasligi sabab bo`lyapti”, degan bir xil javob aytiladi.
Fuqarolik prosessual kodeksining 202 va 207 moddalariga ko`ra mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar bo`yicha ishlar sud tomonidan eng uzog`i bilan bir oy ichida ko`rib chiqilishi shart. Bu muddatni har qanday asos bilan uzaytirishga qonuniy asos yo`q. E`tibor qiling, qonunda uzog`i bilan bir oy deyilyapti.
2021 yil 23 iyul kuni Sog`liqni saqlash vazirligi Yuridik bo`limi boshlig`i Ruslan Muhammadievning ishga tiklash haqidagi da`vosi kiritilgan va FIB Shayxontoxur tumanlararo sudida ko`rib chiqilgan. Bu bo`yicha holat qanday kechgan edi?
Bunga mas`ul sudya I.Qurbonboev bu ishni 77 kun ko`rib chiqqan. 2021 yil 8 oktabrda qaror chiqarilgan.
Tasavvur qilayapsizmi, bir kun kechikilsa, prosessual muddatni buzgansan, deb shikoyatingni qaytarib yuboradigan qonun himoyachilari o`zlari doim pesh qiladigan o`sha kodeksdagi muddatni roppa-rosa 47 kunga buzayapti.
Kimnidir xayoliga balki sud tizimi rahbarlari doim takrorlab keladiganday “sudyaning ish hajmi ko`p bo`lgandir yoki ish judayam murakkab bo`lsa-chi”, degan fikr kelishi mumkin. Lekin 47 kun kechishi bu asoslab bo`lmaydigan ish.
Sudya I.Qurbonboevda ish hajmi ko`p, boshka sudyada kam edi ham deya olishmasa kerak. Sababi Oliy sud rahbariyati “bizda ishlarni taqsimlash elektron shaklda amalga oshirib kelinmoqda, bu jarayonda inson omili to`liq istisno etilgan, bu dastur sudyalarning ish hajmidan kelib chiqib ishlarni taqsimlaydi”, deb jar solib kelishmoqda.
Qonunchilikning aynan sudya tomonidan buzilishiga kengash qanday javob berishini kutib qolamiz.