Deputat janoblari, Markaziy Osiyo “orqa darvozangiz” emas...

14.12.2020 05:56

Kuni kecha Davlat Dumasi deputati Vyacheslav Nikonov “Birinchi kanal”da “Katta o`yin” ko`rsatuvida juda qo`rqinchli va xavotirlarga sabab bo`ladigan bir qaltis gapni aytib o`tdi. Emishki, “Qozog`iston hududi Rossiya va Sovet Ittifoqining katta sovg`asi” va “Qozog`iston esa shunchaki mavjud bo`lmagan”.

Kimsan Davlat Dumasining ta`lim va ilm-fan bo`yicha qo`mitasi rahbari tag`im davlatning birinchi rasmiy telekanalda ochiqdan-ochiq shunday mulohaza bilan chiqishi shunchaki bo`lmagan ko`rinadi. Bir paytlar «Chto? Gde? Kogda?» ko`rsatuvi bilimdoni bo`lgan Nikonov janoblari og`zidan o`zi tushunmagan gapni chiqaradigan anoyilardan ham emas.

Uning ortida puxta rejalarni ishlab chiqqan, tashqi siyosatni shakllantiruvchi qandaydir “ko`rinmas kuchlar turgan” bo`lishi aniq.

Vyacheslav Alekseevich Nikonov o`zi tarixchi olim, siyosatshunos va yozuvchi bo`lib, sobiq SSSR davrida taniqli davlat va siyosat arbobi bo`lgan Vyacheslav Molotovning ona tomondan nabirasidir. Vyacheslav Molotov esa 1939-1949 va 1953-1956 yillarda SSSR tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan.

Noyib o`zi xavfsizlik xizmatlariga aloqador bo`lib, 1991-1992 yilda SSSR Davlat xavfsizlik xizmati raisi yordamchisi bo`lib ishlagan. AQShning elchixonalarida eshituv qurilmalari bilan bog`liq mojarodan keyin salgina yo`nalishini o`zgartirgan, xolos.

U 1993 yildan buyon ichki va tashqi siyosat bobida amaliy va fundamental tadqiqotlar olib boradigan, ijroiya va qonunchilik organlariga tavsiyalar tayyorlaydigan, turli ijtimoiy tadqiqotlar olib boradigan, siyosiy hayotning monitoringi bilan shug`ullanadigan “Siyosat” jamg`armasining prezidenti hamdir.

Mazkur jamg`arma esa bir paytning o`zida Siyosiy texnologiyalar markazi, Siyosiy maslahatlashuvlar markazlari uyushmasi, Parlament dasturlari markazi, “Rossiya ijtimoiy-siyosiy markazlar” jamg`armasi, “Indem” jamg`armasi, Mintaqaviy dasturlar jamg`armasi ta`sischilaridan biri ekanligi hisobga olinsa, bunday bayonotlar qandaydir ishlab chiqilgan yoki tayyorlanayotgan puxta konsepsiyalar va strategiyalarning ajralmas bir bo`lakchasi ekaniga ham o`ziga xos ishora beradi.

Bundan tashqari, u “Rossiya nomi bilan birlik” jamg`armasi prezidenti, Tashqi va mudofaa siyosati bo`yicha kengashi rayosati a`zosi, Birinchi kanal ekspertlar klubi a`zosi, “Rossiya global siyosatda” jurnali tahririyat kengashi raisi o`rinbosari, “Rossiya strategiyasi” jurnali bosh muharriri, Xalqaro hamkorlik va xalq diplomatiyasi bo`yicha komissiya raisi, “Rus dunyosi” jamg`armasi boshqaruvi raisi kabi turli-tuman lavozimlari uning bayonotlari tarozida tosh bosishini bildiradi.

Deputat janoblari uch marotaba Davlat Dumasiga saylanganini va Putin va Medvedev rahbarlik qiladigan “Yagona Rossiya” partiyasi vakili ekanligi hisobga olinsa, u shunchaki o`zining shaxsiy fikrini aytmagani ham ro`y rost ko`rinadi.

U hashaki xalq vakili ham emas. Deputatlik davrida bir necha bor turli qo`mitalarga rahbarlik ham qilgan, 30dan ortiq qonunchilik tashabbuslari va federal qonunlarga o`zgartirishlar kiritish bo`yicha hammualliflardan sanaladi. 2009 yilda Evropa rus alyansi tomonidan xorijdagi vatandoshlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha faol ishlari uchun medal bilan taqdirlangan bo`lsa, 2013 yilda “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” 2-darajali ordeni bilan mukofotlangan.

Moskva davlat universiteti davlat boshqaruvi fakulteti dekani, tarix fanlari doktori demak butun yosh avlodni Qozog`iston haqida shu ruhda o`qitib kelayotgani ham anglashiladi.

Aslida bunday fikrlar Qozog`istonning hududiy yaxlitligiga va suverenitetiga ochiq tahdid, milliy xavfsizligiga xatardir.

Qozog`iston tashqi ishlar vazirligi bu masala bo`yicha keskin norozilik bildirib chiqdi. Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Marat Sizdikov RFning muvaffaqat ishlar vakili Aleksandr Komarovni chaqirib tushuntirish so`radi.

Tashqi siyosat mahkamasi tomonidan bunday mulohazalar ig`vogarona tusga ega bo`lib, ittifoqchilik munosabatlariga jiddiy ziyon etkazishi ta`kidlandi. Bu kabi chiqishlarga Rossiya tomonidan tegishli baho berilishi va yana qayta yo`l qo`yilmasligi bo`yicha nota yuborildi.

Vaziyat qaltis tus olgach, u o`z fikrlarini izohlab, “Qozog`istonning manfaatlariga Qozog`iston SSRning chegarasini belgilash chog`ida to`liq rioya etilgan deb hisoblayman. Birodar Qozog`iston xalqi nomiga eng iliq tuyg`ularimni izhor etaman”, deb to`g`irlashi bilan masala shunchaki yopilib ketmasligi kerak.

Albatta, bu masala bo`yicha haligacha munosabat bildirmagan Rossiya tashqi ishlar vazirligi, hamisha hozirjavob Rossiya Prezidentining taniqli matbuot kotibi va albatta Davlat Dumasi rasmiy munosabatini berishi shart.

Qolaversa, bizning partiyalarimiz ham, deputat (Rasul Kusherbaevdan boshqa albatta) va senatorlarimiz ham Qozog`iston qo`shni davlat, bizga aloqasi yo`q, Rossiya bilan munosabatlarimizda ehtiyotkorlik shart degan pozisiyalarga yopishib olmasdan, bunday qaltis va juda xatarli, keyingi paytlarda tobora ko`payib borayotgan noxolis va totuvlikka rahna soluvchi chiqishlarga qarshi o`z fikrlarini doimiy berib borishlari lozim.

Binobarin, Qozog`iston bizni ko`p asrlar davomida qudratli davlatlardan himoya qilib turadigan o`ziga xos qo`rg`on ham, bir-birini qo`llab-quvvatlab kelgan qardosh xalq hamdir. Yuz ellik yil avvalgi xatoni qayta takrorlamaslik, mustaqillikdek ulug` ne`matga zimdan va ko`rinmas toshlar otilayotgan axborot makonida ham qat`iy himoya qilish hammamizning ham burchimizdir.

Davlat Dumadagi katta amaldorlarning bundan mulohazalari aslida butun Markaziy Osiyo xavfsizligi va barqarorligiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.

Bir paytlar Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mutasaddisi Mariya Zaxarova xonimning O`zbekistonda davlat tili bo`yicha olib borilayotgan ishlarga bildirgan tanqidiy bayonoti ham Moskva bilan munosabatlarda doimo ehtiyotkorlik ortiqcha emasligini ko`rsatib kelmoqda.

Sherali Otaboev, jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар