Qo`nim topmas talaba, qachon qilar g`alaba?! – Toshkentdagi talabalarning salkam 90 foizi talabalar turar joyidan quruq qolgan

17.10.2021 06:11

Talabalar muammosiga kim echib topib beradi?

Hukumatning joriy yil 24 sentyabrdagi tegishli qarori bilan 1 maydan boshlab davlat oliy ta`lim muassasalarining ijarada yashayotgan talabalariga oylik ijara to`lovining bir qismini Davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. 

Xo`sh, O`zbekistonda talabalarni eng ko`p qiynaydigan masala – turar joy muammosini hal etish uchun shuning o`zi etarlimi?

O`zbekistondagi Oliy ta`lim: Raqamlar nima deydi?

2020-2021 o`quv yili uchun tasdiqlangan davlat buyurtmasi parametrlariga binoan bakalavriat ta`lim yo`nalishi bo`yicha 150 375 nafar talaba qabul qilish rejalashtirilgan edi. Mazkur ko`rsatkich o`tgan yili 138,1 ming nafarni tashkil qilgan. Raqamlarning o`sib borishi, albatta, yosh-kadrlarni ko`paytirish, mamlakatimizda ijtimoiy qatlam rolini yanada oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Biroq, talabalarning 4 yil mobaynida qay tartibda tahsil olishi, yashab kun kechirishi masalasi esa hali hamon to`laqonli ijobiy hal etilmagan, og`riqli masalalar esa bisyor.

Talabaning iste`mol savatchasi, uning kunlik, haftalik, oylik va yillik ehtiyojlari, chiqim va xarajatlar hamda hamma uchun tanish va sira ham dolzarbligini yo`qotmaydigan muammo – talabalarning turar joy masalasi.

Yil boshida qayd etilgan ko`rsatkichlarga ko`ra, O`zbekistonda 129 ta OTM mavjud bo`lib, ularda tahsil olayotgan talabalarning umumiy soni 500 ming nafarni tashkil etgan. «2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida»gi qonunga muvofiq esa, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi uchun 3 trillion 314 milliard 709,3 million so`m yo`naltirilishi rejalashtirilgan edi.

Toshkent «talabalar inkubatori».

2018-2019 yillar Oliy ta`lim muassasalarida 114,5 ming nafar, 2019-2020 yillar 138,1 ming, 2020-2021 yillarda esa 150,3 ming nafar yoshlar talabalikka qabul qilingan. Bu ko`rsatkichdan bilsa bo`ladiki, yildan yilga Oliy o`quv yurtlariga olinayotgan talabalar soni 2 barobarga oshgan. Bu o`sishning yuqoriligi bo`yicha Toshkent viloyati 40,3 foizni tashkil qilib birinchi o`rinda turibdi. Toshkentda 85 ta talabalar turar joyi mavjud bo`lib, bu 13% talabani qamrab oladi. Qolgan 87% talaba ahvoli haqida esa kim qayg`uradi?

Prezident Shavkat Mirziyoev 2021 yil 28 yanvarda bo`lib o`tgan yig`ilishda bu bo`yicha topshiriq bergan.

«Bu masalani shaxsan bosh vazir o`z nazoratiga oladi. Yoshlar ko`paymoqda. Yotoqxonalar sonini ko`paytirish kerak. Bitta xonada to`rt kishidan bo`lsin, plaskartaga o`xshab… Biz «boy» davlatmizku – bizda ikki kishiga, bir kishiga xonalar bor… To`rt kishiga xonalar bo`lsin — plaskartaga o`xshab ikki etaj… Boyroq bo`lsak, yuqoridagisini olib tashlaymiz», – degan edi Prezident.

Bosh vazir Abdulla Aripov Xitoy tajribasini misol qilib keltirgan. Uning aytishicha, u erda yotoqxonalar 4 kishilik xonalar bilan quriladi degan edi.

Toshkentdagi 85 ta talabalar turar joyi 13% talabani qamrab olish imkoniyatiga ega bo`lsa, bu raqam kamida 78% bo`lishi uchun 425 ta yotoqxona qurilishi kerak ekan. Shunda ham bu 100 foiz natijani bermaydi. Demak, na Xitoy tajribasi, na yapon tajribasi hali ishga tushmagan ko`rinadi…

Kirim-chiqimlar: Cho`ntagi chang bosgan talaba.

Hozirgi kunda Toshkent shahrida o`rtacha ikki xonali uyni 200-300 dollarga olish mumkin. Shunda bir kishiga o`rtacha bir oylik yashash 50 dollarga tushadi. Bu 535 ming degani. Endi bir kunlik chiqimini o`rtacha olib hisoblasak. Bir kunda o`qishga borib kelishi uchun (metro,avtobusda) 2800 so`m sarflaydi (borib va kelishi uchun). Ertalab nonushtasi uchun o`rtacha 15 ming so`m. tushlik 20 ming, kechki ovqat uchun esa 25 ming sarflaydi (bu to`g`ri ovqatlanish tartibida ovqatlanganda shunga rioya qilish kerak). Shunda bir kunda 62800 so`m chiqim qilyapti. Buni bir oyga ko`rib chiqsak, 1 884 000 so`m pul sarflaydi. Kvartira puli bilan esa 2 444 000 so`m bo`ladi. Demak, talaba bir oyda o`rtacha 2 444 000 so`m sarflaydi.

E`tibor bering, bu raqamlar faqat kichik kunlik xarajatlar uchun hisoblandi. Qo`shimcha til va boshqa kurslarda o`qisa, bu son yanada ko`payadi. Talabaga shartli ravishda beriladigan stipendiya miqdori 400 000 so`m. bunda talaba kontraktda o`qisa, stipendiyasiz qilib yozdirishi va stipendiya olmasligi mumkin. 5 bahoga yopgan talabalarga esa, 96 000 so`m alohida stipendiya mavjud.

1-kurs, endigina uyidan kelgan, hali shaharning hech qaerini bilmaydigan talaba bu pullarni qaerdan oladi? Ota-onasi topgan puli kvartirasi uchun etsinmi yoki kunlik xarajati uchun? U ota-onaning o`zi 2,5 mln oylik olsa ham katta gap...

Iroda Farxodova,

muxbir
 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
18.10.2021 15:02
Talaba hech qachon g'alaba qozonmaydi: juda yengil vaznli kurashchi (talaba) o'ta og'ir vaznli superpolvon (OTM)ga qarshi kurashadi, bunda raqib(OTM)ga har qanday g'irrom usullardan foydalanishga ruxsat berilgan (KOMENDANTNING "KVARTIRANT"LARIN SANANG)I
18.10.2021 14:49
Zamondan ancha orqada qolibsizlar: OTMlar ma'muriyati iloji boricha kam talaba sessiyani "5"lik yopishi bo'yicha domlalarga og'zaki buyruq berishgan, sababi ma'lum
16.10.2021 23:28
Baraka toping