Xalq bankining yangi raisi Shuhrat Otaboev bankni moliyaviy qiyinchilikdan chiqarishning yangi usulini o`ylab topdi.
U raislik kursisiga o`tirishi bilan qurilishi bitay degan Xalq banki Bosh ofisi qurilish ishlarini yakunlashi uchun yana 165.9 milliard so`mlik qo`shimcha loyiha ishlab chiqdi. Faoliyatini boshlaganiga 15 kun ham o`tar o`tmas yangi rais ilk ishini aynan 165.9 mlrd. so`mlik mablag`ni chiqarishdan boshlagan ko`rinadi.
Moliyaviy qiyinchilik tufayli xodimlarining salkam 50 foizini qisqartirishga majbur bo`lgan Xalq banki bugungi kunda 279,1 milliard so`mlik o`zining Bosh ofis binosini qurmoqda. Bino qurulishi uchun tender o`tkazilganmi? Pudratchi firma buyurtmani olishdan 5 oy avval ochilgan yangi firma ekanini qanday tushunish mumkin?
Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi farmoyishi va Toshkent shahar hokimligi qaroriga ko`ra, Xalq banki Bosh ofisini qurish uchun Toshkent shahrining Chilonzor tumanidan 1.8 ga. er ajratib beriladi.
2019 yildagi Vazirlar Mahkamasining yig`ilish bayoniga asosan bosh pudratchi etib “Gracia art stroy” MChJ va bosh loyihachi “Energy biulding” MChJ tayinlanadi. (“Gracia art stroy” MChJning nizom jamg`armasida bor yo`g`i 20 million so`m bor.) Bosh ofis binosiga o`zgartirishlar kiritilib, loyiha miqdori 113,2 milliard so`m etib belgilanadi.
Oradan ikki yil o`tib, yangi tayinlangan rais Shuhrat Otaboev pandemiyaning moliyaviy talofatlariga qaramay binoga o`zgartirish kiritishni taklif qiladi hamda yangi o`zgartirishlar qiymati binoning avvalgi asosiy ajratilgan mablag`dan ham ko`proq 165,9 milliard so`m etib belgilanadi. Shunday qilib hozirda 279,1 milliard so`m ajratilgan Xalq banki Bosh ofisi binosi qurilish ishlari yangi o`zgartirish loyihasi asosida davom ettirilmoqda.
Mazkur qurilishdagi ba`zi savollarning ochiq qolishi loyihada korrupsiya aralashganiga shubha tug`dirmaydimi?
Shuhrat Atabaev bunchalik tez va shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilishiga nima majbur etdi?
Nima uchun qurilish to`liq smeta qilib 113,2 milliard so`m etib belgilangan binoning qo`shimcha loyihasi mablag`i asosiy bino mablag`idan ham ko`p 165,9 milliard so`m bo`lib chiqmoqda?
Mablag`larni shubhali tarzda katta ajratilishi bo`yicha qarorlar aynan Vazirlar Mahkamasi tomonidan chiqarilgani davlatning o`zi korrupsiyani qo`llayotgandek tuyulmayaptimi?
Ochiq qolgan savollarga kim aniqlik kiritadi?