Dubay shahzodalarining ovi O`zbekiston uchun qimmatga tushyaptimi? Ekologiya qo`mitasi tuvaloqlar ovini nega oqlamoqda?
Har yili oktyabr oyida O`zbekistonga Dubay shahzodalari lochinlari bilan tashrif buyuradi. Ular Navoiy shahridan qariyb 50 kilometr uzoqlikda 300 gektar er maydonidagi Amirliklar markazida «Emirates Center for Conservation of Houbara» (AYTAM) yo`rg`a tuvaloqlarni ovlashadi. O`zbekiston Ekologiya qo`mitasi tomonidan ov uchun maxsus kvota ajratib beriladi.
Shuningdek, AYTAM markazi tomonidan har yili ma`lum miqdordagi inkubatorda etishtirilgan tuvaloqlar ochiq tabiatga qo`yib yuboriladi. 2020 yilda yo`rg`a tuvaloqlarni ilmiy maqsadda tabiatdan ajratib olish uchun jami 357 dona kvota ajratilgan. Bu son tabiatga Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan qo`yib yuborilayotgan tuvaloqlar sonning 10 foizini ham tashkil etmaydi.
Ekologiya qo`mitasi shahzodalar ovi uchun maxsus kvota ajratib, ularning faoliyatini qonuniylashtirgan. Dubay shahzodalarining Navoiy cho`llaridagi ovi O`zbekiston tabiati uchun qimmatga tushmaydimi? Ekologiya qo`mitasining shahzodalar ovini qo`llashi qanchalik to`g`ri? Rost24.uz shu haqida mulohaza yuritish uchun mutaxassislarga yuzlandi.
Sharqiy Angliya universiteti olimi Robert J.Bernsaydning fikricha Dubay shahzodalari tashkil etgan tuvaloqlar inkubatorining O`zbekiston tabiatiga etarlicha foydasi yo`q. Chunki Amirliklar markazida etishtirilayotgan yo`rg`a tuvaloqlar yovvoyi tabiatda uzoq yashay olmaydi. Buni ustiga ularning nasl qoldirish imkoniyati ham yaxshi o`rganilmagan.
Olimning ma`lumot berishicha, qo`yib yuborilgan tuvaloqlar yovvoyi tabiatga to`liq moslasha olishmaydi. Yaqinda o`tkazilgan bir qancha tadqiqotlar shuni ko`rsatdiki, asirlikdan olingan yo`rg`a tuvaloqlar muhim demografik xususiyatlari bilan yovvoyi turdoshlaridan farq qiladi. Masalan, uzoq muddatli omon qolish imkoniyati yovvoyi qushlarga qaraganda pastroq. Yil fasllariga qarab ko`chib yurish xususiyati ham ancha sust va juda ko`p qismi qishning sovuq kunlarida halok bo`ladi. Omon qolib erkin tabiatga moslasha olganlari esa kelasi yilgi lochin ovining qurboni bo`lishi mumkin.
Ov vaqtida Dubay shahzodalarining lochinlari faqat markazdagi “inkubator” yo`rg`a tuvaloqlarni tanlab ovlashiga kafolat bormi? Asl yovvoyi tuvaloqlar ham, endigina tabiatga moslashgan yo`rg`a tuvaloqlar ham Dubay lochinlarining o`ljasi bo`lishi hech gap emas. Shu boisdan ham AYTAMning 13 yildan buyon faoliyat yuritib kelishiga qaramay, tabiatimizda tuvaloqlar ortib borayotgani yo`q.
Masalan, O`zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo`qolib ketish xavfi ostidagi yo`rg`a tuvaloq qushlarining 2019 yilda 4132 donasi hamda 2020 yil 13 avgustga qadar 4069 donasi, 2021 yilda 1000 dan ortig`i tabiatga qo`yib yuborilgan. Ammo ularning qanchasi omon qolgani va bugungi kunda tabiatimizda bu turdagi qushlarning soni qanchaligi haqida aniq ma`lumotlar oshkor qilinmagan.
Robert J.Bernsaydning xulosa qilishicha, AYTAM markazi tabiatimizni to`liq yo`rg`a tuvaloqlar bilan ta`minlay olmaydi. Eng yaxshi usul esa bu qushlarni erkin hududda ko`paytirishdir. Bu esa ularning ovlanishini to`liq cheklash deganidir. Shuningdek, ekojurnalist Nargiza Qosimovaning aytishicha “Boshqa mamlakat fuqarolarining O`zbekiston tuproqlarida ov qilishiga ruxsat berish hech qaysi etiket qoidalariga to`g`ri kelmaydi”.