“Atmosfera havosini muhofaza qilish strategik maqsadimiz bo`lib qoladi” – Narzullo Oblomurodov

11.10.2021 15:40

O`zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov qoraqalpog`istonlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Prezidentlikka nomzodning tarjimai holini Qoraqalpog`iston Respublikasi bo`yicha ishonchli vakili Leyli Seytova o`qib eshittirdi.

Narzullo Oblomurodov o`z saylovoldi dasturi bilan ishtirokchilarni batafsil tanishtirdi. Jumladan, Orolbo`yi mintaqasining ekologik muammolari masalasiga atroflicha to`xtalib o`tdi.

“Orol dengizining qurishi oqibatida paydo bo`lgan 5,5 million gektardan ortiq maydonni egallagan “Orolqum” sahrosi Orolbo`yi hududi va butun O`zbekiston hamda Markaziy Osiyo hududining atmosferasiga ta`sir ko`rsatayotgani barchamizga ma`lum. Ma`lumotlarga ko`ra, “Orolqum”dan zararli kimyoviy unsurlar, tuz va tuproq zarrachalaridan iborat chang havoga ko`tarilib, shamol bilan butun dunyoga tarqalmoqda.

Oxirgi yillarda Orolbo`yi mintaqasida ilk bor paydo bo`lgan “tuz yomg`irlar” aynan shu muammoning o`ta dolzarbligini yana bir bor ko`rsatdi.

Insoniyat hayoti uchun eng muhim omil bo`lgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat ko`rsatkichlarini ekologik normativlarga muvofiqligini ta`minlash strategik maqsadimiz bo`lib qoladi.

Xabaringiz bor, jahonning eng ilg`or mamlakatlari “yashil” iqtisodiyotga o`tish ishlarini allaqachon boshlab yuborgan. Chunki dunyoning bugungi qiyofasi, tiklab bo`lmas ekologik falokatlar va atrof muhitga etkazilayotgan ulkan zararlar mana shuni taqozo etadi. O`zbekiston 2019 yilda “yashil iqtisodiyot”ga o`tish strategiyasi”ni qabul qildi.

Tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, mamlakatda uglerod sarfini keskin kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo`yicha ko`rilayotgan choralar etarli emas. Shuning uchun ham “yashil taraqqiyot” saylovoldi dasturimizdagi eng muhim yo`nalishlardan biri sifatida belgilangan. Qoraqalpog`istonlik va mo`ynoqlik yoshlar bu ulkan vazifalarni amalga oshirishda faollik ko`rsatishiga, bizga ko`makchi bo`lishiga umid qilamiz,”— dedi Narzullo Oblomurodov.

Shundan so`ng turli soha vakillari o`zlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Xo`jayli tumani, 23-maktabi direktori, O`zbekiston Ekologik partiyasi a`zosi Klara Kazakbaeva:

"Ekologik ta`lim sohasida ekologiya va atrof muhit muhofazasi borasida uzluksiz ekologik ta`lim siyosatini olib borish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Dasturda uzluksiz ekologik ta`lim strategiyasini ishlab chiqish belgilangan.

Dasturda qishloq ayollariga ta`lim sohasida nazarda tutilayotgan imtiyozlar xotin-qizlarning ta`lim olishga qiziqishni uyg`otishi tabiiydir. Respublikamizda aholining ko`p qismi qishloqlarda istiqomat qiladi. Dasturda belgilangan vazifalarning tizimli amalga oshirilishi, xususan “yashil” iqtisodiyot, “aqlli” qishloq xo`jaligini rivojlantirish orqali “yashil” ish o`rinlarining barpo etilishi o`z navbatida qishloq ayolining mehnat qilish va qulay yashash sharoitlariga ega bo`lish imkoniyatlarini kengaytiradi."

 

Bolalar va Oilani qo`llab-quvvatlash Assosiasiyasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi hududiy boshqarmasi raisi Sholpan Asanova:

"Nomzodning saylovoldi dasturidagi jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish, ona tabiatni, jumladan o`simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo`lish hissini kuchaytirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish bo`yicha Milliy dasturni qabul qilish, oila va mahalla tizimida insonning tabiatga bo`lgan munosabatini tubdan o`zgartirishga qaratish kabi vazifalar ustuvor ahamiyatga ega.

Zero, atrof muhit barqarorligini ta`minlash bugun har qachongidan muhimdir."

Talaba Allayor Darmenov:

"Ekologik madaniyatni rivojlantirishda yosh avlodda go`daklikdanoq atrof muhitga, tabiatga, jonivorlarga mehr-muhabbat uyg`otish muhim. Nomzodning dasturidagi uzviy ekologik ta`limni yo`lga qo`yish g`oyasi ham ushbu maqsad yo`lida xizmat qiladi. Shu o`rinda men ekologik muammolarga qarshi kurashishda yoshlarning faolligini oshirish uchun “ Eko ertaklar” tanlovini o`tkazishni taklif qilaman."

Qiziljar OFY, Ali ovul qishlog`i oqsoqoli Bahodir Do`smurodov:

"O`zbekiston Ekologik partiyasi ko`pgina tashabbuslar bilan chiqib xalqimizning mehrini qozonmoqda. Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag`ishlangan “Mo`ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni buning yorqin misolidir. Eng muhim jihati shundaki, marafon doirasida jalb etilgan homiylik va xayriya mablag`lari Mo`ynoq tumanidagi Ali ovul qishlog`ini obodonlashtirish, sug`orish-irrigasiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmog`ini tortish, ish o`rinlari yaratish singari aholi farovonligini oshirish borasidagi ezgu ishlar uchun yo`naltirildi."

Qoraqalpog`istonlik saylovchilar bilan uchrashuv ham savol va munozaralarga boy bo`ldi. Ayniqsa, Mo`ynoq tumanida so`nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar, bunda Ekopartiya tomonidan olib borilgan faol tashabbuslar ham e`tirof etib o`tildi.

Uchrashuv yakunida Narzullo Oblomurodov Mo`ynoqning mehnatkash va sabr-bardoshda barchaga o`rnak bo`la oladigan xalqiga samimiy minnatdorchilik bildirdi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
12.10.2021 15:35
Daraxtlarning o'tin uchun kesilishiga qarsh kurashayotgan EKOPARTIYA tabiatning eng ajoyib mo'jizasi: ODAMning asta-sekin qirilib borishiga o'z hissasini faol qo'shmoqda. PS: Nega hech bir nomzod hammani quvur gazi bilan taminlash kerakligini aytmayapti
12.10.2021 15:21
Nurota tog'laridagi Qo'ytosh sh-cha allaqachon "yashil iqtisodiyot"ga o'tgan: gaz yo'qligi uchun tog' daraxtlar o'tinga kesilayapti, qishloq xo'jaligi ham "modernizatsiya"lanmoqda:yumaloq bo'ladigan tappi endi g'isht qolipga quyilmoqda:Ekopartiyagarahmat