Komil Allamjonov O`zbekistondagi avtomaktablarni korrupsiyada va potensial qotillarni chiqarishda ayblamoqda
Sog`liqni saqlash vazirligi yoki Ichki ishlar vazirligi yo`llarda sodir bo`layotgan yo`l transporti hodisalari «mualliflari» aynan «Avtotest» maktabi yoki boshqa avtomaktab bitiruvchilari ekanligi bo`yicha hisobotni yuritmaydi. Shunday ekan, Allamjonov aynan «Avtotest» maktabi o`quvchilaridan qotil chiqmaganini qanday aniqlagan. Mass-media fondi vasiylik kengashi raisi axboriy manipulyasiya qilyaptimi?
Komil Allamjonovning yozishicha, bugungi kunda O`zbekistondagi mavjud avtomaktablarning bari «soqqa qilish», ya`ni pul ishlash bilan ovora. Qiziq, monopoliya orqali «soqqa qilish» ayb emasmi?
«Avtomaktablar soqqa qilish bilan ovora», deb yozadi Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov.
Allamjonov 4 yil avval «Avtotest» avtomaktablari faoliyatini monopollashtirishda ayblanib, tanqid ostiga olingan edi. Bugun u avtomobil yo`llarida yo`l transporti hodisalarining ortishi muammosini aynan «Avtotest» maktabini yo`q bo`lishi bilan bog`lamoqda. Allamjonovga ko`ra, «Avtotest» eng kuchli va sifatli o`qitadigan avtomaktab bo`lgan. Unga ko`ra, hozir ham «avtotest» monopoliyasi yashab kelganda, yo`llarda yo`l transporti hodisalari oldi olinishi mumkin yoki haydovchilar nisbatan ehtiyotkor va savodliroq bo`lishi mumkin edi.
Ayni damda mavjud avtomaktablar esa, Allamjonov fikricha, «soqqa qilish» va «potensial qotillarni chiqarish» bilan band.
«Amaliy darslar chala-chulpa o`tiladi. Benzinga pul, darsga qatnashmaslik pul, imtihon pul. Natijada har oyda yo`lga minglab "potensial qotillar" chiqariladi», deydi u.
«Bu o`limlar soni voqea joyida halok bo`lib, Ichki ishlar vazirligi hisobotiga kiritilgani. Yana qancha odamlar shifoxonada vafot etadi. Ularning soni va hisobini esa Sog`liqni saqlash vazirligi yuritadi. Yana minglab insonlar bir umrga nogiron bo`lib qolganini ham hisobga olsak, ahvol qay darajada dahshatligini tasavvur qilavering», deya izohlaydi Allamjonov.
Sog`liqni saqlash vazirligi yoki Ichki ishlar vazirligi yo`llarda sodir bo`layotgan yo`l transporti hodisalari «mualliflari» aynan «Avtotest» maktabi yoki boshqa avtomaktab bitiruvchilari ekani bo`yicha hisobotni yuritmaydi. Shunday ekan, Allamjonov aynan «Avtotest» maktabi o`quvchilaridan qotil chiqmaganini qanday aniqlagan? Mass-media fondi vasiylik kengashi raisi axboriy manipulyasiya qilyaptimi?
U yo`ldagi avtohalokatlarning echimini o`zining “Avtotest” monopoliyasini qayti tiklashda, deb bilmoqdami? Harholda uning ketma-ket chiqishlari yo`l transport hodisalarining ortib borishiga qayg`urishlari ortida “Avtotest” monopoliyasini tiklashga undov bordek ko`rinadi. Ayniqsa, uning bugungi postida “avtotest”dan o`zga avtomaktablar, ya`ni boshqalarning haydovchilik guvohnomasini sotishlarini ochiq tilga olgan hamda “...nomigagina dars o`tib, arzon narx belgilab, pravani sotib o`tirsa, shumi sog`lom bozor?”, deya iddao qilib, xohlagan avtomaktabga o`qitishga ruxsat berilishini qoralagan.
“Mana, xohlagan tashkilotga o`qitishga ruxsat berildi. Endi hammasi pul, o`qitish nol, imtihonlar pul, lekin jamoatchilik jim. Tushunmayman sababini. Xullas...“, deya ta`na qiladi Allamjonov. Aslida jamoatchilik bu xodisalarga hech qachon befarq bo`lgan emas, doimo o`z munosabatini bildirib keladi. Yuqoridagi fikrlar esa, ommani axboriy manipuliyasiya qilishga urunishdek ko`rinmoqda, xolos.