Andijon viloyati Andijon tumanidagi “Zamin Bio health” korxonasining ochilish marosimida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bosh-qosh bo`lgandi.
Shuningdek, 2018 yilning 19 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ham mazkur korxonada borib ko`rganida, mutasaddilar farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish, import qilinayotgan dori vositalarini mahalliylashtirish bo`yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirgan edi.
Markaziy Osiyo davlatlari ichida yagona, deb ishga tushirilgan insulin dori vositalari korxonasi bugun qanday ahvolda? Korxona dori vositasini ishlab chiqarmoqdami? Korxona dorilari Markaziy Osiyo tugul O`zbekistonni insulin bilan ta`minlay oldimi? Rost24.uz axborot sayti surishtiruv o`tkazdi.
Sog`liqni saqlash vazirligi bilan Andijon viloyati Andijon tumanidagi “Zamin Bio health” MChJ o`rtasida 2021 yil 6 mart kuni 2021/1-sonli odam insulini dori vositalarini etkazib berish bo`yicha 11 mlrd. so`mlik shartnoma imzolangan.
Shartnomaga ko`ra, “Zamin Bio health” MChJ tomonidan jami 451269 flakon insulin dori vositasini etkazib berishi kerak bo`lgan, ammo korxonada shu 3 yillik muddatda hech qanday ishlab chiqarish bo`lmagan va hech qanday mahsulot vazirlikka etkazib berilmagan. Lekin, shunga qaramay vazirlik jamiyat hisob raqamiga to`liq summani o`tkazib berganmi?
Bu voqeani ochiqlash uchun, zavod direktori Avazbek Nizamov bilan bog`landik.
Korxona rahbarining bergan ma`lumotlariga ko`ra, shu vaqtgacha zavodda taxminan 2 mln.ga yaqin flakon insulin dorisi ishlab chiqarilgan. Zavod Sog`liqni saqlash vazirligi buyurtmasiga binoan insulin dorisini ishlab chiqaradi. "Biz bir oyda qancha dori kerak bo`lishini bilmaymiz, vazirlik mana shu narsani bilib, biz bilan oldinroq shartnoma tuzsa, insulin dorisi etishmovchiligi bo`lmaydi", deb aytib o`tdi zavod rahbari. Rahbarning so`zlariga ko`ra, dori ishlab chiqarishda muammo yo`q, faqatgina oldindan buyurtma qilish rejaga kiritilishi kerak. Kechiktirilgan dori, avvaldan buyurtma miqdori berilmagan kabi muammolar sabab, zavod ishi sudga ham oshirilgan.
Zavod bir yilda 10 million dona insulin ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu haqida zavod ochilgan vaqtda matbuotda baralla bong urilgan edi. Biroq, bir yil tugil, 3 yil muddatda ham hatto 10 million dona ham mahsulot ishlab chiqarilmagan.
Ma`lumot o`rnida, 2018 yil 27 aprelda Andijonda insulin mahsuloti ishlab chiqarish zavodining ochilish marosimi bo`lib o`tgan. Korxonaning quvvati yiliga 10 million insulin flakoni ishlab chiqarish imkonini beradi, deb aytib o`tilgan. Bu mahsulot nafaqat O`zbekiston bo`ylab, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga etkazib berish belgilangan edi.
Vazirlik tuzgan shartnoma shartlari nima uchun bajarilmagan? Bunga kim aybdor? Katta va kerakli korxona qachon tizimli ish faoliyatini yo`lga qo`yadi? Shuncha sarmoya, shuncha harakat, mahalliylashtirish dasturi, davlat rahbarining ishonchi, va albatta, xalqning ko`z o`ngida berilgan va`dalarni kimdir oqlash haqida ham o`ylaydimi? Nazorat susaygani uchun, javobgarlik, mas`uliyat degan tushunchani unutdikmi yo…
Sog`liqni saqlash vazirligiga bu borada murojaat qilganimizda, Farmasevtika agentligi javob berishini, agentlik esa korxona ishlab chiqarishiga aralashish uchun bizda vakolat yo`q, deya javob qaytardi. Ikki o`rtada esa Markaziy Osiyoda yagona bo`lgan korxonamiz, tugatilish arafasiga kelib qolmoqda.