"Muallimlar ham ovqat er ekan!"

01.10.2021 21:01

Hayotiy voqea

Bizga muallimamiz Fotima opa eng avval “O” harfini o`rgatdi.

− “O” harflarning eng soddasi, − dedi Fotima opa. − Qolgan harflar “O”ning bolalari”.

Ungacha “tayoqcha” va “ilmak” chizishni o`rgangan edik. Keyin “O”ga ilmakni qo`shdik, “a” bo`ldi. Keyin ikkita “tayoqcha”ning o`rtasiga bitta “tayoqcha”ni ko`ndalang chizsak, “n” harfi paydo bo`lishini o`rgandik.

Ertasiga men, etti yoshli bolakayning hayotida eng quvonchli voqea sodir bo`ldi. Hayotimizda ilk bor o`rgangan harflarimizdan SO`Z yozdik.

Bu “Ona” degan so`z bo`ldi.

O`sha kungi hissiyotlarimni hali-hali entikib eslayman. Uyga yurib emas, yugurib emas, uchib kelgandim o`shanda.

Akalarimga daftarimni ko`rsatib, ulardan so`radim:

− Rostdan ham mana shu yozganimiz so`zmi? “Ona”mi?”

− Ha, “Ona” degan so`zni yozibsan, shunga shuncha hovliqayapsanmi? − dedi Obloberdi akam. − Hali millionta so`z yozasan.

Onamga daftarimni ko`rsatib, yana bir marta haqiqatan so`z yozganimni tasdiqlatib olgim keldi:

− Onajon, qarang, mana shu yozuv nima?

Onam daftarimga ko`z yugurtirib, dedi:

− O`-ho`, ikki betni to`ldirib, “Ona” deb yozib chiqibsan-ku, bolam!

Demak rostdan ham so`z yozibman-da!

Rostdan ham “Ona” deb yozibman-da!

Onamni quchoqlab oldim.

− Onajon, hademay sizning otingizni ham yozaman!

“Qolgan harflar “O”ning bolalari” ekani rost ekan, ikkita “o”ning o`rtasiga tayoqcha chizsam “f” bo`ldi, ikkita tayoqchani bir-biriga mingashtirib chizsam, “t” bo`ldi, “o”ning ustiga ilmak chizsam, “b” bo`ldi. Ana shu harflardan onamning ismi chiqdi: “Oftob”. O`sha kuni daftarimning ikki betini “Oftob”ga to`ldirib, uyga chopdim.

Men onamga bergan va`damni bajardim.

Onam buning mukofotiga yangi ko`ylak tikib berdi.

*****

Beshinchiga o`tdik. Fotima opamiz “kichkina maktab”da qoldi. Biz “katta maktab”ga keldik. Bizlarga “katta maktab” yoqmadi. Matematikadan boshqa muallim, ona tilidan boshqa muallim, rasmdan alohida muallim kirar ekan. Hatto jismoniy tarbiyaning ham o`qituvchisi alohida ekan. Hammasining fe`li har xil. Yozishga ulgurdingmi, ulgurmadingmi, ishlari yo`q. Yoza olmayotgan narsangni bu maktabda hech kim qo`lingdan ushlab, yozishni o`rgatmas ekan. Oldin yaxshi edi, hammasini Fotima opa o`tardi. Ertasi kuni sinfdoshlarimiz bilan kelishib, “katta maktab”dan qochib ketdik.

− Endi sizlar katta yoshli o`quvchilar bo`ldilaring, qaranglar, mening ham endi boshqa o`quvchilarim bor, − dedi Fotima opa bir sinf kichkina bolalarni ko`rsatib. − Endi shunga ko`nikinglar, katta sinf o`quvchilariga har bir fanni alohida o`qituvchi o`tadi. Bundan keyin maktabdan qochib kelmanglar, meni uyatga qo`yasizlar. Yuringlar, sizlarni o`zim olib borib qo`yaman.

Fotima opa bizlarni katta o`qituvchilarning qo`liga topshirib ketdi. Biz bir-ikki kun onasi begonalarga tashlab ketgan bolalarga o`xshab yurdik. Keyin sinf rahbarimiz Nuriya opa Fotima opaning o`rnini bosdi. Biz hamma “dardimiz”ni Nuriya opaga aytadigan bo`ldik.

*****

Ettinchi sinfda o`qiyotganimizda Ziyodulla odamning ishonishi qiyin bo`lgan bir gapni topib keldi:

− Muallimlar ham ovqat er ekan!

Hammamiz toshdek qotib qoldik!

− Nahotki?

− Yo`g`-e?

− Ol-a! Rosa olib qochasan-a?

− O`lay agar! − qasam ichdi Ziyodulla. − Sultonov muallim kecha biznikiga bordi. Yashirinib oldim. Otam bilan gaplashib turuvdi, onam sho`rva suzdi. Sultonov muallim otam bilan birga bir kosa sho`rva ichdi. O`lay agar ichdi!

Bizlar angrayib qoldik. Ishonaylik desak, Sultonov katta muallim, ishonmaylik desak, Ziyodulla qasam ichib turibdi. Birgina Maysara bu holga hayron bo`lmadi.

− Nimaga ajablanasizlar, Fotima muallimamiz ham ovqat erdi, men bilaman-ku?

Ha, Maysara biladi, u Fotima opamizning singlisi edi.

O`sha kuni bir haqiqatni angladik: muallimlar ham ovqat er ekan!

*****

O`qituvchilarimizni qattiq hurmat qilar edik. To`ra muallim, Habib muallim, Nodirova, Bahriddinov kabi muallimlarimizni bilimi zo`rligi uchun, Meliev muallim, Dono muallim, Salimova muallima, Gulsara muallimalarni xuddi otamiz yoki onamizdek bizga g`amxo`r bo`lganliklari uchun sevardik. Nuriya opamiz esa bizga opamizdek mehribon, do`stimizdek sirdosh edi. U kishining o`rniga boshqa sinf rahbari qo`yamiz, deyishganida “O`qish tashlash” qilganmiz.

Bu o`sha zamonda olamshumul voqea bo`lgan, ammo Nuriya opamizni shundan keyin rahbarlikda qoldirishgan.

Nodirova bilan Bahriddinov muallimlarimizga nihoyatda havas qilar edik. Ular ham biz yurgan yo`ldan maktabga kelishardi, ammo ularning oyoq kiyimlariga gard yuqmas, doimo yaraqlab turardi. Biz ham shu yo`ldan kelib, ba`zan tizzamizgacha loy tekkanidan ajablanardik. Bir necha marta ular maktabga qaysi ko`chadan kelishar ekan, deb poylaganimiz esimda.

Biz Nodirovaning bilimi zo`rligini, muloyim so`zligini, chiroyli kiyinishini bemalol maqtar edigu, qizlar Bahriddinovning kiygan kiyimlari o`ziga yarashishini, doimo chiroyli dazmollangan kostyum, oppoq kuylak kiyib, chiroyli bo`yinbog`lar taqib kelishini, qaddini g`oz tutib yurishini maqtashganlarida ozgina rashk ham qilardik. Keyin bildirib-bildirmay, u kishidek kiyinishga harakat qilardik.

Eng qizig`i, xuddi o`quvchidek kiyinsa-da, bo`yniga biz taqadigan alvon bo`yinbog` taqib yursa-da, hatto ko`ziga ko`zoynak taqsa-da, eng yaxshi ko`rganimiz, biz uchun eng chiroyli kiyinadigan, o`zi ham eng chiroyli bo`lgan muallima Nuriya opamiz edi...

*****

Yuqori sinflarga o`tganimizda bizning ham ayrimlarimizga o`qituvchilarning alohida mehri tushdi. O`qituvchilar a`lochilarimizni tanlab olib, o`zlariga shogird tutishdi. Fanlaridan qo`shimcha darslar o`tib, bizlarni fan olimpiadalariga olib boradigan bo`lishdi.

Menga Habib muallimning mehri tushdi. Men maktabda-ku u kishidan uzoqlashmas edim, darsdan keyin uylariga ham borib, matematikadan masala echishni o`rganar edim. Maktabni bitiradigan yilim “Oliy o`quv yurtiga kiruvchilar uchun matematikadan misol va masalalar to`plami” degan kitobni ustozim bilan boshidan oxirigacha echib chiqqan edik.

Ustozimning mehnatlari zoe ketmadi, men imtihonni “a`lo”ga topshirib, universitetga o`qishga kirdim. Yaxshi o`qidim.

Biroz oldinga ketib, ustozimning yana bir mardligini aytaman.

O`qishni bitirib, o`zim o`qigan maktabga ishga kelganimda direktor meni ishga ola olmasligini aytdi:

− Matematiklarimiz etarli, bizda ortiqcha dars yo`q.

Shalvirab chiqqanimni ko`rgan ustozim nima gapligini so`radi. Aytdim.

− Qani, yur-chi!

Ustozim meni etaklab, direktorning oldiga kirdi.

− Men darslarimning yarmini Karimberdiga bersam, uni ishga olasizmi?

− Olaman, − dedi direktor.

− Unda oling!

Ana shunday qilib ishga kirib qoldim. Keyin ustozim dars o`tish usullarini ham o`rgatib, darslarimni birga-birga o`tgan kunlari ham ko`p bo`ldi. U kishidan ko`p narsa o`rgandim. Uch-to`rt yil birga ishlagach, qolgan darslarini ham menga berib, nafaqaga chiqib ketdi.

*****

Hazratqul otasining katta o`g`li edi. Onasiga bir yordamchi kerak bo`lib, maktabni tugatganimizdanoq, uni uylantirib qo`yishdi.

Biz, Hazratqulning sinfdoshlari kuyovjo`ra bo`lib, uning yonida tura olmaganmiz. Aqalli to`yxonaga kirib, boshqa mehmonlarga o`xshab o`tira olmaganmiz. Sababini aytsam, ishonmaysiz.

To`yga o`qituvchilarimiz kelishgan edi!

O`qituvchilarimiz kelgan to`ylarga borib, shahardan keladigan artistlarni devor ortidan tomosha qilishga ham hayiqar edik.

− To`yxonada Meliev muallim bor ekan!

Ana shu gap etardi bizga. Bir zumda tum-taraqay bo`lardik. Ayniqsa, Qurbon muallimni ko`rsak, to`y bo`layotgan ko`chadan ham o`tmasdik. U kishi bizni bunaqa joylarda ko`rib qolsa, aytadigan gapi bitta edi:

"Ko`zingning olovini chiqaraman!"

*****

Bu gaplarni yozmas edim. To`qqizinchi sinfda o`qiyotgan qo`shnimning o`g`li aytgan gap bularni yozishimga turtki bo`ldi.

"Kecha sinfdoshim bilan to`yda o`tirgandik. Biz bilan bitta stolda o`tirgan, sinfdoshimdan sigaret so`rab chekkan o`qituvchimiz ko`p ichganidan o`zini bilmay qoldi. Uni sinfdoshim ikkalamiz sudrab, uyiga olib borib tashladik."

*****

Men o`z o`qituvchilarimni hali ham qattiq hurmat qilaman!

Men o`z o`qituvchilarimdan hali ham hayiqaman! Garchi birortasi “Ko`zimning olovini” chiqarmagan bo`lsa ham!

Men o`z o`qituvchilarimni bugun “O`qituvchilar va murabbiylar kuni” bilan tabriklayman!

Ularga o`sha, biz bilgan martabada, darajada, unvonda qolishlarini tilayman!

Karimberdi To`ramurod

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
02.10.2021 03:49
Эътибор учун раҳмат!