BIR DAQIQALIK ShAXSIY FIKR
“O`zbekiston kelajagi buyuk davlat”, “Farzandlarimiz bizdan ko`ra kuchli, bilimli, dono, va albatta, baxtli bo`lishlari shart”. Bilmadim men bu tezislarni qachon eshitganman, qachondan beri bilaman, balki 20 yil bo`lgandir, balki 25 yil...
Ammo oradan shuncha yil o`tsa-da, shu aytilgan kelajak yaqinimizga ham yo`lamaganini bilaman. Baxtli yashashini istagan farzandlarimizni shuncha yillarda ham baxtli qila olmaganimizni bilaman.
Biroq menga yana bir narsa alam qiladi. O`sha davr tezislarni yozgan mirzolar, xalqni shu shiorlar ostida umrini o`tkazgan hukumat vakillari hozir qaerda? Ular hali ham hukumat tepasidami yoki uyalganlaridan iste`foga chiqib ketishdimi?
Agar ularda vijdon bo`lganda shunday qilishardi... Ammo afsuski, ular hatto o`zini go`yoki oldingi siyosiy xatolarda aybdormasdek tutishadi.
Bu savollarni qo`zg`ashim bekorga emas.
Yozda maktab yoshidagi o`g`lim Buxorodagi o`quv kursida tahsil oldi. Toshkentdan viloyatga borgan bolaga rosti juda qiyin bo`ldi. Poytaxtda ulg`aygan, dunyoning turli joylariga borib ko`nikkan farzandimning boshi bu erdagi sharoitlarni ko`rib aylanib qoldi.
Ammo unga yuvinish, yotish, yashash uchun imkon darajasida o`sha erda sharoit yaratib bergan edik.
O`g`limga biz u erda yaratib bergan oddiy sharoitni ko`rib tengdosh o`quvchilari lol qolibdi.
O`g`limning kursdoshlari uning yostiqlari, ko`rpalari va shampun, yuvinish gellarini ko`rib hayron qolishibdi. Yostiq va ko`rpalarini hidlab bunaqa momiq va nafis hidli o`rinlarni bilmasliklari, ular faqat kir sovun va sovuq suvda yuvinib ketaverishlarini aytishibdi. Bolada ular, farzandim yotgan o`rindiqqa havas qilib, birin ketin yumalar emish, yostiqlarini quchoqlab hidlar ekan. Iymanganlari esa asta kelib, sekingina “o`rningda men ham bir marta o`tirsam maylimi”, deb so`rar ekan... Bolada havas qilayotgan narsani qarang.
Eshitib ko`zimdan yosh chiqib ketdi... Bu o`g`lim aytib bergan vaziyatdan bir parcha xolos.
Uning barcha oddiy narsalari o`rtoqlari uchun shoxona tuyulipti. Vaholanki, men ham oddiy oila sifatida o`g`limga oddiy narsalar olib berganman. Qishloqning bolalari uchun esa bu bir hashamatdek tuyulishini men ham bilmapman. Xo`rligim keldi, bo`g`zimga nolam tiqildi...
Biz kutgan, bizdan-da yaxshi va farovon yashayotgan kelajak avlodlarimizning ahvoli shumi? Oddiy narsalarni shoxonadek qabul qilgan, sovuq suvda kir sovunga yuvinib yurgan shu bolalar o`sha 25 yil aytilgan buyuk kelajagimizmi?
Sovuq suvda kir sovunda yuvinib yurgan shu bolalarning maqsadi bir. U ham bo`lsa yaxshi o`qib buyuk kelajak va`da qilib kelgan shu yurtdan uzoqroqqa ketish. Ular najotni ilm olish va ketishda, deb bilmoqda. Ular uchun oddiy ipak paxtali toza to`shaklar hashamat. Ular qanday sharoitda katta bo`lgan? Nahot shu oddiy sharoitni bilmagan?
TV, gazeta va radioda biz "buyuk kelajak" haqida qancha ko`p gapirgandik. Bizdan farovonroq yashashi kerak bo`lgan o`sha yoshlar, go`daklar hali ham kir sovunga chayinib yuribdi. Qani o`sha bizga buyuk kelajakni va`da qilgan amaldorlar? 30 yil davomida buyuk kelajak haqida qalam tebratgan “Mirzo” o`z safsatalaridan o`zi ham uyalarmikan?
Kelajagimiz buyuk degan hukumat vakillarining haqiqatan kelaji buyuk bo`ldi. Farzandlari minbarlarda, 10-12 ta lavozimlarni egallab yurishibdi. Istagan payti bu yurtni tark etib, istagan mamlakatida yashashga sharotini qilib qo`ygandir.
Ularning biri bugun markazdagi uyidan ishga velosipedda qatnashini ko`z-ko`z qiladi. Yana birlari qonun doirasida davlatlarini ko`paytirganlarini aytib sayrashadi. Ular ham kir sovunga chayinib, katta bo`lgan bolalarni bilarmikan?
Oddiy sharoitdan hayratlanadigan go`daklar haqqini eganlar bugun qaerda? Bu sharoitlarga shuncha yil jim yurganlar ham javobgarmi? Sovuq suvda kir sovunga yuvinib katta bo`lgan bolalarning haqqini eganlar hukumatdan uzoqlashdimi? Qani ular?
Savollarimga javob topa olmayapman. Men yig`layapman. Siz-chi?..