Aslida bor daraxtlarni kesmaslikka muayyan bir qarorimiz yo`q, biz esa yangilari bilan «yashil shahar» bunyod qilmoqchimiz...
Hukumat qarori bilan 2023 yilga qadar shahar umumiy maydonining ko`kalamzorlashtirish darajasi 30 foizga etkazish vazifasi qo`yildi.
Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahrida obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjatda qayd etilishicha, Toshkent shahrida qurilish va xizmat ko`rsatish sohalarida amalga oshirilayotgan ishlarning keskin oshishi natijasida ekologik yuklamani ko`paytirish zarurati kelib chiqmoqda. Bundan tashqari, shahar aholisining madaniy hordiq olishi uchun yashil zonalarga bo`lgan ehtiyojini qondirish taqozo etilyapti. Hujjatdan ko`zlangan asosiy maqsadlardan biri, bu – Toshkentni «yashil shahar»ga aylantirishdir.
Demak, ana shu muddatgacha bo`lgan 1 yilu 4 oy vaqt davomida juda katta hajmda ish bajarilishi lozim.
Qarorga binoan, 2021-2023 yillarda Toshkent shahridan o`tadigan kanallarning qirg`oqlarini mustahkamlash, obodonlashtirish, ko`kalamzorlashtirish va sayilgoh tashkil etish bo`yicha manzilli dastur tuzilgan.
Shuningdek, Toshkent shahrining kamida 60 gektar er maydonida attraksionlardan holi bo`lgan jamoat istirohat bog`i tashkil etiladi. Bundan tashqari, har bir tumanda kichik yashil istirohat bog`lari barpo etiladi. Jamoat istirohat bog`lari 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritadi.
Uch oy muddatda xalqaro mutaxassislar, dizaynerlar va arxitektorlarni jalb etgan holda bog`larni barpo etish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.
Shu o`rinda bir mulohaza: uzoq yillar davomida falon tup ko`chat ekildi, falon tup mevali va manzarali daraxtlar o`tqazildi, degan hisobotlarga hamma ko`nikib qolgan edik. Aniqrog`i birov ularga e`tibor ham bermaydigan bo`lib qolgan edi. Ayniqsa, bunday hisobotlar umumxalq hasharlari chog`ida «baralla» yangrar edi... Vaholanki, o`sha hisobotlarda ko`rsatilgan ko`chatlarning o`ndan biri saqlanib qolinganda ham, Toshkent yashil shaharlardan biri bo`lar edi.
Yashillashtirish siyosati bu yaxshi va oqilona echim. Lekin aslida borini ham saqlab qolishga, muhofaza qilishga erishishimiz kerak emasmi? Bor daraxtlarni saqlab qolishga kuchi etadigan qaror yoki hujjatlarimiz yo`q. Shunday ekan yangi ekilajak ko`chatlar ham «ba`zi-bir bog`larimiz»dagi daraxtlar kabi, yo`q bo`lib ketmasligiga, kimdir kafolat bera oladimi?
Iroda Farxodova,
muxbir