Ishlash uchun xorijga ketayotgan ota-onalarga qiyin. Bir o`yi pul topib, ro`zg`or tebratish bo`lsa, yana biri qarovsiz qolayotgan farzandlarining tashvishi.
Nazoratsiz qolayotgan farzandlarga ham oson emas. Ota-ona sog`inchi, zimmaga tushadigan uy yumushlari, uka-singillar mas`uliyati va turli ta`sirlar...
Rost24.uz jamoasi “Ota-onasiz” qolgan bolalardan birining yashirin o`ylari, ichki kechinmalari bilan qiziqdi.
Samarqandlik 18 yoshli Gulfira 11 yoshidan uka-singlisiga ota-onalik qiladi. Ota-onasi Rossiyaga ishlashga ketgan. Otasi ketganida u 1 yoshda bo`lgan, onasi 6 yildan buyon o`sha erda. Oilasining butun mas`uliyati Gulfiraning zimmasiga tushgan.
Gulfira Qilicheva:
“Ota-onamiz yonimizda bo`lganida xohlagan ishimizni qilardik, xohlagan narsani erdik, xohlaganimiz muhayyo bo`lardi. Ular ketganidan keyin bizda katta o`zgarish bo`ldi. Mas`uliyat mening bo`ynimga tushgan. Ukamni mazasi bo`lmasa, kinna solib qo`yardim. Chaqmoqdan qo`rqardi u, amakimnikiga borib chaqirib kelsak, ba`zida kelolmasdi. Sal qorong`i tushdimi, bir uydan keyingisiga o`tishga qo`rqardik, uchalamiz birga borib kelardik.”
YuNISEF tadqiqotlariga ko`ra, ota-onalar migrasiyasi bolalarning hissiy holatiga salbiy ta`sir ko`rsatib, ularning taxminan 33 foizi o`zini baxtsiz his qilsa, 21 foizi doim xavotirda yasharkan.
“Har xil vaziyat o`tgan boshimizdan. Kiyimimizni o`zimiz yuvolmaganmiz kichkina bo`lganmiz, ovqat qilolmaganmiz. Ro`zg`orda piyoz, oziq-ovqatlar etishmagan vaqtlar ham bo`ldi. Bizda dalalarda piyoz kartoshkalarni katta-katta zavodlarga topshirishadi. Terib bo`linganidan qolganlarini dugonalarim bilan yig`gani borardim, joyi kelsa. O`zim bilan birga non, suv, pomidor olib ketardim. Kech bo`lganda xaltani orqalab uyga kelib, ukalarimga ovqat qilardim. Oyim o`sha vaqtlari bizga aytmasdan kelib qolgan. Ahvolimizni ko`rib rosa yig`lagandilar, nega aytmaysilar deb. U vaqtlarda qo`limizda telefon bo`lmagan-da. Shundan keyin oyimni Rossiyaga qaytib ketgisi kelmay qolgan. Odamni pul majburlarkanda hamma narsaga. Onam bolalarim yaxshi hayotda yashasin deb hamma narsaga o`zini urib ko`rgan. Qo`lidan kelmaydigan ish yo`q. Oyim bolalarim o`qisin, odamlar qatorida yaxshi eb-ichib yursin, yaxshi oilalardan bo`laylik biz ham degan niyatda tinim bilmasdi.
Ayamlar bilan oyda bir gaplashib turardik. Har kuni ko`rib turgan boshqacha telefonda gaplashgan boshqacha ekanda bari bir.
Uyimizni ta`mirladik, birovdan kam joyimiz yo`q. Bo`lsa ham bilinmaydi. Lekin bari bir hech narsa ota-onaga teng kelmaydi. Dadamni ko`zlari operasiya qildirganimizdan keyin sovuqqa chidolmaydigan bo`lib qolgan. Kelib davolanib ketardi. Dadam ham orada og`ir kasal bo`lib qoldi. Onam operasiya bo`lgan. Uncha og`ir ishga bo`lmaydi, jigarlari shishib ketadi. Pul majbur qilarkan-da.
Har doim Xudodan ota-onamga sog`liq ber deb so`rayman. Birinchi navbatda sog`liqni ber deb. Boshqa hech narsa so`ramayman. Bir joyim og`riyapti demasa bo`ldi ular
To`rtinchi sinfgacha baholarimni hammasi besh edi, sinfning eng oldi bo`lganman, oyim har doim qo`llagan. Rossiyaga ketganidan keyin hech kim e`tibor bermay qo`ydi, darslarimga. Baholarim pasayib ketgan.
Menga bir narsa yomon ta`sir qilardi. Ba`zi vaqti ukamlar yo`qligida uyda o`tirib yig`lardim. Maktabdagi dugonalarimnikiga borsam, ularni oyisi uyda kutib olardi. Men uyga kelsam, hech kim bo`lmasdi. Ayam uyda bo`lgan vaqti har kuni ertalab quchoqlab, o`pib maktabga ketardim. Egim kelgan narsani so`rardi, kelgunimcha tayyorlab qo`yardi.”
Zimmalariga uy yumushlari aka-uka va opa-singillarga g`amxo`rlik qilish majburiyatining tushishi ularning erta ulg`ayishiga sabab bo`ladi.
“Birinchi marta Toshkentga imtihon topshirish uchun ham Samarqanddan bir o`zim keldim. Hamma ota-onasi bilan kelgan. Men bir o`zim kelib-ketdim. Shunaqangi yuragim achidi. Onam birinchi imtihoningga o`zim boraman, yoningda turaman degandi.
O`qishga kirganligim haqidagi xabar kelganda hamma tabrikladi. Lekin o`sha vaqt quchoqlab o`padigan onam yonimda bo`lmadida. Singlim ham shu yili ichki ishlar liseyiga topshirdi. Bir kuni o`tirib gaplashsak, “stadionda turibmiz kirolmaganlarini dadalari urishyapti, kirganlarni onalari xursand kiyim qilib bergani bozorga olib ketdi. Men bir o`zim so`ppayib qaytib keldim uyga. Shunaqangi alam qildi. Ayamiz nimaga bizni tashlab u erga ketgan ekan-a. Shu pul o`lib ketsin, uyi kuysin shu pulni. Qaniydi o`sha vaqti yonimda tursa ekan, mayli hech qaerga olib bormasa ham,” deb yig`ladi. Kichkina ukam bor onamni sog`insa hech narsa egisi kelmaydi. U ayam kelsa semiradi, bo`lmasa yo`q. Qancha ovqat eganda ham foydasiz. “Ayamni sog`inib ketdim, ayamga telefon qilib bering, ayam bilan bitta gaplashay deydi.”
Ayani o`rniga men aya bo`lganman, joyi kelsa dada ham bo`ldim. Ikki ukamni o`zimni bolamday ko`rib qolganman. Kundaliklariga imzo qo`yib berardim. Ukalarimga ota-ona bor. Men ularga ota ona bo`lib berayapman. Lekin menga ota-ona bo`ladigan hech kim yo`q edi. Men etimlarga o`xshab katta bo`ldim.
Mayli hech qaerga bormaylik, mayli o`zimiz xohlagan narsani emaylik oyimiz yonimizda o`tirsa, dadamiz yonimizda bo`lsa. Ba`zi vaqtlarda begona bolalar telefon qilsa dadamga bergim kelgan. Lekin yonimda bo`lmagan lekin.”
Ota-onalar migrasiyasi sababli vasiylarda qolgan bolalarning 7 foizga yaqini jismoniy jazolardan, 3 foizi oiladagi zo`ravonliklardan va 6 foizi maktabdagi tahqirlashlardan aziyat chekadi.
“Onamnikiga (buvisi) borib o`zim yoqqan ishni qilsam, oyimga aytib aralashganda Menga xo`jayinlik qilmasin hech kim men o`zim katta bo`ldim endi qo`shilmanglar hayotimga degan vaqtim ham bo`lgan. Qattiq xafa qilgan vaqtlarim bo`lgan. Shunaqangi afsuslanaman o`sha ishlarimdan.
Hech qaysi ota-ona chetga o`zi xohlab ketmaydi. Hech qaysi ota-ona farzandini issiq bag`ridan qo`yishni istamaydi. “Hidlaringni hidlab, quchoqlab erkalatib o`tirishni o`zim ham sog`indim bolam. Nima qilay bolam, borolmayman. U erga borganim bilan birov ma deb pul bermaydida. Oz qoldi keyin bir iloj qilarmiz”, – deydi ayam”.
Migrant ota-onaning farzandlari ko`pincha vasiylar vazifasini bajaruvi qarindosh-urug`lar, oila a`zolarining qaramog`ida qoldirilishi ta`siridan beparvolik, ekspluatasiya va tahqirlash xavfi ostida qoladilar.
“Men baxtli emasman. Qachonki onam yonimda bo`lsa, qachonki bolam deb boshimni silab o`tirsa o`shanda baxtliman. Nima qilsin ular ham majbur. Farzandlarim yaxshi eb-ichib katta bo`lsin, yaxshi joylarda o`qisin deydi-da”
Ishsizlik, borlarida ham maoshning kamligidan Gulfira kabi iztirobda, sarson, intizorlikda o`zlari katta bo`layotgan bolalar soni yildan yilga ko`paysa ko`payyaptiki, kamayayotgani yo`q.
* * * * *
MAVZU BO`YIChA STATISTIK MA`LUMOTLAR:
Rost24.uzga taqdim etilgan ma`lumotga ko`ra, bugungi kunda xorijda ishlayotgan o`zbekistonliklar soni 2 million 40 870 kishini tashkil etyapti. Ularning rasman 992 610 nafari, norasman 1 million 48 260 nafari mehnat qilish uchun vatanini tark etgan.
1 million 562 238 kishi Rossiya Federasiyasida: 656 266 kishi rasman, 905 972 nafari norasman mehnat qiladi.
Qozog`istonda ishlayotgan o`zbekistonliklar 240 556 nafar. 192 300 nafari rasman, 48 266 nafari norasman mehnat qiladi.
Janubiy Koreyada 71 325 kishi. Ularning 39 874 nafari rasman, 31 451 nafari norasman ishlaydi.
Turkiyada ishlayotganlar 43 178 nafarga etgan. 9 944 nafari rasmiy, 33 234 nafari norasmiy migrantlar.
Birlashgan Arab Amirliklaridagi o`zbekistonlik mehnat muhojirlari esa 120 ming kishini tashkil etmoqda. Mehnat migrantlarining viloyatlar kesimi bo`yicha statistikasi:
• Samarqanddan — 268 ming;
• Farg`ona — 247 ming;
• Qashqadaryo — 178 ming;
• Surxondaryo — 164 ming;
• Xorazm— 140 ming;
• Andijon — 132 ming;
• Toshkent viloyati— 102 ming;
• Toshkent shahri — 90 ming;
• Buxoro— 88 ming;
• Jizzax — 88 ming;
• Namangan — 69 ming;
• Qoraqalpog`iston — 66 ming;
• Sirdaryo — 57 ming;
Ularning asosiy qismi (40 foiz) qurilishda, 20 foizi sanoatda, qolganlari (40 foiz) umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish korxonalarida mehnat qiladi. Farrosh va haydovchi bo`lib ishlaydiganlar ham talaygina.