25 avgust kuni 115 nafar vatanparvarlarimiz O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan oqlandi.
Sud jarayonida Toshkent viloyati Qibray tumanida tug`ilib yashagan G`ofur Sultonovga oid jinoyat ishi ham ko`rib chiqildi.
G`ofur Sultonov 1930 yil 27 oktyabrda Markaziy Osiyo Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Muxtor vakili qoshidagi Uchlik kengashi qarori bilan otuvga hukm qilingan.
Oradan 91 yil o`tib G`ofur Sultonov oqlanishi haqidagi Oliy sud hukmini evarasi G`ofurov G`ofur xursandchilik ko`z yoshlari bilan tingladi.
Vatan ozodligi uchun kurashgan ajdodlarimiz oqlandi. Endi ularning mulk huquqi degan savol o`z-o`zidan paydo bo`ladi. Aynan shu savol bilan G`ofur G`ofurovga murojaat qildik.
G`ofur G`ofurov (G`ofur Sultonovning evarasi):
Sultonov G`ofurning tirik avlodlari – amakilarim bilan maslahat qildik. Kerak emas deyishdi. Adamga ham menga ham kerak emas.
Qo`liga qurol olib o`zini erini himoya qilgan bosmachi bo`lib qolmaydi. Bir yil mobaynida ko`p harakat qildik, ko`p joylarga murojaat qildik. Mana bugun xursandchilik kuni.
Sho`rolar kelgandan keyin boy, kambag`al bo`lmaydi. Hamma birdek bo`ladi deb bor mol-mulkini tortib oladi. Oradan ozgina vaqt o`tgandan keyin "NEP" degan tashkilot savdo do`konlaridan kamomad chiqaradi. Sudga bormasdan yopib yuboradi. 3-4 oydan keyin "pererasshyot" deb 3 ming kamomad chiqarib beradi. Bobo uyini sotib beradi. Bari bir NKVD xodimlari uyini atrofida aylanib yurgandan keyin 17 nafar o`rtog`i bilan yig`ilishib Afg`oniston tomonlarga qochishni rejalashtiradi. Kimdir bular davlat to`ntarishi qilmoqchi deb yozib beradi. Hukumat 17 nafar o`rtog`ini otib yuboradi. Bobomiz qochib ketib Bo`stonliq taraflardan vodiyga o`tib odam yig`ib kelib mol-mulkini qaytarib olmoqchi bo`lgan. Orada jang bo`lgan. Bari bir bobomizni ushlab 1930 yil otuvga hukm qilgan.