Afg`oniston va Tolibon: eski hukumatning qulashi va yangisi barpo etilishi qanday o`zgarishlarga olib keladi?

27.08.2021 07:11

Mana, bir necha haftadirki, internetda Afg`onistondagi vaziyatga daxldor sarlavhalarga bot-bot ko`zimiz tushmoqda. Roppa-rosa 20 yil davom etgan urushdan so`ng Afg`onistonning sobiq boshqaruvchisi – Tolibon yana poytaxt Kobulni nazoratiga oldi va hukumat ustidan g`alaba qozonganini e`lon qildi. Bundan bir necha kun avval Prezident Ashraf G`ani mamlakatni tark etgan edi. Viloyatlarning Tolibon nazoratiga shiddat bilan o`tishi va vujudga kelgan siyosiy parokandalik sabab, yillar davomida minglab insonlar qoniyu donor mablag`lari evaziga qurilgan Afg`on ma`muriyati quladi. AQSh matbuotida “Kobulning qulashi” deya ta`riflanayotgan bu manzaralar 1975 yili Janubiy Vetnam poytaxti Shimoliy vetnamlik kommunistlar qo`liga o`tgan paytda AQShning Saygon (hozirgi Xoshimin shahri)da joylashgan elchixonasi xodimlarini shoshilinch qutqargan paytlarni yodga soladi. Sodir bo`layotgan dahshatli holatlarni kuzatar ekanmiz, ko`p savollar tug`iladi: nega milliardlab dollar mablag` evaziga qurilgan Afg`on hukumati AQShning bashoratlariga teskari ravishda yillar davomida emas, balki bir necha kun ichida quladi? Tolibon hukmi ostidagi Afg`oniston va qo`shni davlatlarda vaziyat endi qanday bo`ladi?

Uzun urushning qisqa tarixi: Afg`oniston va Tolibon

Markaziy va Janubiy Osiyo chegarasida turgan Afg`oniston siyosiy boshqaruv jihatidan juda ham chigal siyosiy tarixga ega davlat. Qadimgi Makedoniya imperatori Aleksandr Makedonskiy ta`biri bilan aytganda, Afg`onistonga “yurish qilish oson, ammo undan chiqib ketish qiyin”. Tarix davomida bir necha imperiyalar bu o`ziga xos mamlakatni to`liq bo`ysundirishni uddalay olmaganligi uchun uni “imperiyalar qabristoni” deya nomlagan. Afg`onistonning siyosiy tarixi qisqacha tahlil qilinar ekan, uning bugungi kundagi iqtisodiy qoloqligi va siyosiy parokandaligi zamirida tinimsiz davom etgan ichki va tashqi urushlar yotganini ko`rish mumkin. Afg`onistonning Tolibon harakati qo`liga o`tishiga ham aynan shunday urush – Sobiq Ittifoq qo`shinlarining Afg`onistonga kirib kelishi  va uning oqibati bilan chambarchas bog`liq.

1979-1989 yillar orasida o`n yil davom etgan urush so`ngida Sobiq Ittifoq qo`shinlari Afg`onistonni tark etdi. Albatta, Mujohidlar Sovuq urush davrida dushmanidan o`ch olish niyatida yurgan AQSh hukumati tomonidan Pokiston xavfsizlik xizmati orqali qo`llab-quvvatlangan isyonkor guruhlar to`dasi edi. Ammo, Mujohidlarning g`alabasi Afg`onistonga tinchlik olib kelmadi: urush tugashi bilan turli guruhlar bir-biridan ajralib, siyosiy nazorat uchun kurashga kirishdi. Afg`oniston yana harbiy lordizm va shafqatsiz fuqarolar urushi domiga tushib qoldi. Ittifoq qo`shinlari Afg`onistondan chiqib ketgach, Hikmatyor boshchiligidagi Mujohidlarning haddan oshishi va urush tartibsizliklaridan charchagan oddiy xalq islomiy qadriyatlarni birinchi o`ringa qo`yish, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashish va`dasi bilan sahnaga chiqqan yangi guruh –  Tolibonni qarshiliksiz kutib oldi. Mujohidlar kamchilikni tashkil qilgan Afg`oniston janubidagi Qandahor hududlarida asli Pushtun millatiga mansub Tolibon a`zolari asta- sekinlik bilan turli shaharlarni qo`lga kiritib, u erlarda qonun buzilishlariga barham berish va tijorat gullab-yashnashi uchun tartibni saqlash orqali xalq orasida tobora ommalasha boshladi. Afg`onistondagi pushtunliklarni birlashtirgan va Mujohidlarning xunrezliklariga qarshi tura oluvchi yagona harakat sifatida ommalashgan Tolibon qo`shni Pokiston va boshqa kuchlardan turli manfaatlar evaziga olgan siyosiy dastak evaziga 1996 yili Afg`onistonda hukumatni qo`lga oldi va Islomiy Amirlik tuzdi.

Ammo vaqt o`tishi bilan mamlakatda vujudga kelgan shafqatsiz ichki siyosat Tolibonni yana jahon sahnasiga olib chiqdi. Shuningdek, Tolibon hukumati Afg`onistonni sobiq mujohid jangchi –  Usama bin Laden va uning terrorchi guruhi – Al-Qoida uchun xavfsiz boshpanaga aylantirishi bu guruhni AQShga qarshi qilib qo`ydi. Al-Qoida guruhining 2001 yil 11 sentyabr kuni AQShdagi Jahon Savdo Markazi va Pentagonga qilgan hujumi natijasida AQSh Prezidenti Bush Afg`onistonga urush e`lon qilib, qo`shin kiritdi. 2001 yildan to 2020 yilgacha AQSh Afg`onistonni qayta qurish uchun milliardlab dollar sarfladi.

Afg`on hukumati nega quladi?

2001 va 2021 yillardagi Afg`onistonni tahlil qilar ekanmiz, urush borasida ikki xil sahnaga duch kelish kishini hayratlantiradi. AQSh va uning ittifoqchilari 2001 yili Afg`onistonni Tolibon qo`lidan ozod qilib, asosiy jangovar harakatlarni tugatish uchun 2 yil sarfladi. Ammo, 2021 yilga kelib, Tolibon yillar davomida AQSh tomonidan 83 milliard dollar xarajat evaziga qurilib, terrorizmga qarshi kuchli to`siq bo`lishi kerak bo`lgan Afg`oniston milliy armiyasidan mamlakatni bir necha kun ichida olib qo`ydi. Qanday qilib 20 yillik hukumat bir necha oy ichida osongina qulashi mumkin? Bugun qaysi mashhur saytning sahifasiga kirib ko`rmang, hamma shu savol ustida bosh qotirayotganiga guvoh bo`lasiz. Afg`on hukumatining qulashi borasidagi fikrlarni umumiylashtirib,ikki guruhga ajratish mumkin: korrupsiyalashgan hukumatning parokandaligi va Tolibonning strategik muvaffaqiyati.

Bu fikrlar Afg`on milliy armiyasining qulashi sabablarini ochib bersa-da, ko`pchilik tahlilchilarning asosiy masalaga e`tibor bermayotganligi ajablanarli. Fikrimcha, Afg`on hukumatining qulashi va bugun vujudga kelgan vaziyat zamiridagi fundamental muammo – bu AQShning “eksklyuziv” kuch ekaniga mukkasidan ketib ishongan siyosiy elitaning “harbiy egallash orqali davlat qurish” tashqi siyosati hisoblanadi. Dastlab Afg`oniston va keyin Iroqda sinalgan AQShning davlat qurish siyosati harbiy aralashuv, ko`rsatma va bosimlar hamda moddiy yordam natijasida boshqa o`lkalarning ichki siyosatini tubdan o`zgartiradigan milliy demokratik davlatchilik qurish mumkin degan noto`g`ri qarashga asoslanadi. Aslida, bu qarash Bush hukumatida to`plangan neo-konservativ siyosiy elitaning yangicha imperial qarashini aks ettiradi: rivojlanayotgan davlatlarning siyosati va madaniyati AQSh unga xohlagan narsasini chizishi mumkin bo`lgan oppoq qog`oz  kabidir.

Bush hukumatining Afg`onistondagi harbiy aralashuvi dastlab Al-Qoida kabi milliy xavfsizlikka tahdidlarni yo`q qilish zaruratiga asoslandi. Biroq, bu qisqa muddatli maqsad tezda boshqa ekstremistik guruhlar tahdidlarining oldini olishi mumkin bo`lgan “barqaror davlat qurish” kabi uzoq muddatli loyihaga aylanib ketdi. 2001 yilgi harbiy bosqindan keyin AQSh boshchiligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi xalqaro guruhlar, notijorat tashkilotlar va mustaqil yordam agentliklari Afg`onistonda konstitusiya yozish va huquqlar to`g`risidagi qonun loyihalarini tashkil qilgan holda demokratik jamiyat qurish uchun millionlab dollar mablag` sarflashdi. Ammo, bugungi kunda isbotlanganidek, AQShning harbiy ishg`ol asosida davlat qurish yondashuvi barbod bo`lishga mahkum edi.

Albatta, bosib olingan mamlakatlarda demokratiyani targ`ib qilish xavfsizlikni ta`minlashning samarali yo`li bo`lishi mumkin. Ammo, AQShning Afg`onistonda “davlat qurish” siyosati eng muhim jihatni e`tibordan chetda qoldirdi: siyosiy islohotlar mahalliy odatlar va siyosiy madaniyatlardan kelib chiqqan holda amalga oshirilsagina muvaffaqiyatli bo`lishi mumkin. Bu tushunchaga qarshi ravishda AQSh harbiy organlari Afg`onistonda milliy o`ziga xoslikni targ`ib qilish, siyosiy institutlarni shakllantirish yoki hisobotdorlik singari demokratik amaliyotlarni joriy etish kabi fuqarolik jamiyatini qurishga yo`naltirilgan maqsadlarga tajribasiz ravishda aralashib ketdi. Boshqacha aytganda, AQSh Afg`onistonning Tolibon kabi milliy-diniy harakat paydo bo`lishiga zamin yaratgan turfa millatlar orasidagi tarixiy ichki bo`linish va nizolariga G`arbda shakllangan demokratik davlat strukturalarini tanishtirish orqali tez echim topishga harakat qildi.

Ammo AQShning soxta tarixiy g`ururiga qurilgan bu siyosiy muhandislik loyihasi umumiy muvofiqlashtirish va jiddiy rejalashtirishning yo`qligi hamda harakatlarning yillar o`tib sustlashishi natijasida uzoqqa bormadi. Tarix shuni ko`rsatadiki, mahalliy rahbarlar hokimiyatni saqlash uchun xorijiy harbiy kuchlarga qaram bo`lganida xalq orasida legitimlik o`rnatish, mamlakatni samarali boshqarish, umummilliy o`zlikni anglash va davlatchilik qurilishi juda qiyin bo`ladi. AQSh va G`arb ittifoqchilarining Afg`onistondagi harbiy ustunligi Tolibonning Afg`on rahbarlari korrupsiyalashgani va islomiy urf-odatlarga xiyonat qilganligi haqidagi mafkuraviy targ`ibotini yo`q qila olmadi. Shuningdek, bu ustunlik Tolibonga yillar davomida qo`l kelgan “qabilalarga bog`liqlik”ni yo`q qilib, yagona milliy o`ziga xoslikni mustahkamlay olmadi. Gapning lo`ndasini aytganda, AQSh yillar davomida milliardlab dollar sarflab, Afg`onistonda xalq ishonchini qozona olmagan, moliyaviy jihatdan tashqi dunyoga qaram, moliyaviy manbalarning hech qanday shartlarsiz sarflanishi natijasida korrupsiyalashgan va ichki siyosatda etnik bo`linishlarni yanada chigallashtirib, Tolibonga qarshi kurashishda yagona birlik hosil qila olmagan hukumatni shakllantirdi.

Tolibon hukmi ostidagi Afg`onistonning kelajagi

Tolibonning Afg`onistondagi kuchi mustahkamlanib borar ekan, ko`pchilikni ikki savol qiziqtiradi: Tolibon shafqatsiz xatti-harakatlarini bas qilib, mamlakatda tinchlikni ta`minlay oladimi? Tolibon Afg`onistonda qanday hukumat shakllantiradi va uning yaqin qo`shnilar hamda tashqi dunyo bilan aloqasi qanday bo`ladi? Tolibon hukmi ostidagi Afg`onistonni tasavvur qilish uchun albatta, kelajakni bashorat qilish shart emas. Inson Huquqlari Kuzatuvi tashkilotining 2020 yilgi hisobotiga ko`ra, Tolibon hukmi ostidagi Afg`onistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti nihoyatda achinarli edi: xotin-qizlarning ta`lim olishi, odatda, ta`qiqlangan, ishlashga ruxsat berilgan o`qituvchilarga soliq solingan, so`z erkinligi yo`q, ko`p hududlarda televidenie va smartfon ta`qiqlangan, turli Tolibon guruhlari axloq normalarini, erkak kishi soqolining uzunligi va ayollarning paranjisini shafqatsizlik bilan nazorat qilgan. Bugungi kunga kelib, Tolibon siyosiy jihatdan vazminlikni maqsad qilgan bo`lsa-da, uning nazorati ostidagi ba`zi hududlarda yuqoridagiga o`xshash noxush holatlar yana ko`zga tashlana boshladi. Bu, albatta, harakat ekstremistik mafkurani joriy etish maqsadida ekanini, ammo tashqi dunyo bu hukumatni qabul qilishi uchun muloyimlikka intilayotgan jangarilar guruhi bo`lib qolayotganini anglatadi. Boshqacha aytganda, siyosiy boshqaruv, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotni boshqarish va ijtimoiy taraqqiyot masalalarida mutlaqo befarq, qobiliyatsiz ushbu guruh Afg`onistonni o`sha shafqatsiz davrga qaytarmaslik uchun biror ishonchli dalil keltirmadi. Hali oldinda eski davrlarning alami va hokimiyatda qudratni mustahkamlash uchun olinadigan qasoslar turganini hisobga olsak, Tolibonning vahshiy xatti-harakatlari yanada kuchayishini anglash qiyin emas.

Ammo, 1995 yildan 2021 yilgacha Tolibon siyosiy qobiliyat jihatidan anchagina etilganini ham unutmaslik kerak. Hali Tolibonning qudratni qanday mustahkamlashi va qanday hokimiyat shakllantirishi haqida bir nima deyish qiyin bo`lsa-da, mazkur davr davomida Tolibon bundan keyin hokimiyatda qolishi va xalqaro miqyosda tan olinishi uchun ba`zi shafqatsizliklardan vaqtincha voz kechishi, qo`shnilar bilan tashqi savdo va sarmoyaviy aloqalarni yo`lga qo`yishi, shuningdek, tashqaridan keladigan katta miqdordagi yordamga muhtoj ekanligini allaqachon anglab etgan. Afg`on hukumatining butunlay qulashi va Tolibon hokimiyatining mustahkamlanishi mintaqadagi davlatlarni Tolibonni siyosiy kuch sifatida rasmiy tan olib, u bilan bundan buyon parda ortida emas, balki ochiq siyosiy aloqalar o`rnatishga chorlaydi. Vaqtinchalik almashinuv ko`rinishida bo`lsa-da, mintaqadagi qo`shni Eron, Pokiston, Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o`z chegaralari xavfsizligini ta`minlash, iqtisodiy manfaatlarni ko`zlash hamda qochqinlar oqimini cheklash uchun Tolibon bilan muzokaralar olib borishga majbur bo`lishadi. Bu muzokalar keyinchalik tinchlik rishtalariga aylanadimi yoxud urush yo ziddiyatga – buni, albatta, vaqt ko`rsatadi.

Bekzod Zokirov,
siyosatshunos, Tokio universitetining doktoranti
Manba: uzanalytics
 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
28.08.2021 15:19
AQSglik "besoqollar" hukumatlari nomidan ish ko'rib o'z xalqi boshiga kulfatni o'zlari sotib olishgan ekanda
28.08.2021 15:08
Bu mamlakatning jafokash xalqini bekorga "afg'on" deyishmaydi