(II qism) (Davomi)
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Yangi O`zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga javoblari
Savol. Yurtimizda aholi uchun eng dolzarb va o`tkir hayotiy masala bo`lgan zamonaviy turarjoylar, jumladan, arzon uy-joylar qurishga alohida e`tibor berilmoqda. Bu yo`nalishdagi ishlarning ko`lami istiqbolda qanday bo`ladi?
Javob. Mamlakatimizda keyingi yillarda zamonaviy uy-joylar qurish bo`yicha yangi davr boshlandi, deb bemalol aytish mumkin. Buning tasdig`ini so`nggi to`rt yilda avvalgi yillarga nisbatan 4-5 barobar ko`p uy-joylar barpo etilgani, bu yilning o`zida 54 ming oilani yangi uy-joylar bilan ta`minlash bo`yicha keng ko`lamdagi qurilish ishlari olib borilayotgani misolida yaqqol ko`rish mumkin.
Biz o`z oldimizga qo`ygan ezgu maqsad – xalqimizni rozi qilish yo`lidagi ulkan vazifalar, islohotlarimiz, qolaversa, bugungi hayotning o`zi zamonaviy uy-joylar qurish sur`ati va sifatini yanada oshirishni talab etmoqda.
Shuni alohida ta`kidlash kerakki, biz ilgari uy-joy qurilishiga zamon talablaridan kelib chiqib, bunday keng yondashmaganmiz va hozirgidek keng ko`lamdagi qurilish ishlarini amalga oshirmaganmiz.
Biz bu yo`lda dastlabki qadamlarni qo`yib, katta tajriba orttirmoqdamiz. Barcha hududlarimizda aholi uchun qulay va shinam, barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo`lgan uy-joylar barpo etilmoqda. Ipoteka bozori rivojlanmoqda. Hayotimizga “arzon uy-joylar”, “aqlli uy”, “aqlli shahar”, “raqamli xizmatlar” degan yangi tushuncha va ko`nikmalar kirib kelmoqda.
Kelgusida uy-joy fondini shunday darajaga olib chiqishimiz kerakki, aholining barcha qatlamlari uy-joy sotib olish va bu borada tanlash imkoniga ega bo`lishi lozim.
Albatta, bu borada turli muammolar ham mavjud va biz ularni joylardagi mahalliy boshqaruv organlari bilan birgalikda hal etyapmiz.
Misol uchun, ko`pqavatli uylar oralig`idagi bo`sh joylarda qurilishlar qilish, moratoriy e`lon qilinganiga qaramasdan, daraxtlarni kesish, yashil hududlarni kamaytirish holatlari ko`pchilikni ranjitmoqda. Ba`zi rahbarlarning beparvoligi yoki manfaatparastligi tufayli turarjoy mavzelarida odamlar sayr qiladigan, sport bilan shug`ullanadigan, farzandlari bilan birga toza havoda dam oladigan ochiq joyning o`zi qolmayapti.
Albatta, biz bunday holatlarga nisbatan qat`iy choralar ko`rmasdan turolmaymiz. Shuning uchun ham Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanmoqda. Turarjoy mavzelari ichida kommunal infratuzilmalar – gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizasiya tarmoqlarini modernizasiya qilmasdan, yangi binolar qurish amaliyotiga barham berildi.
Savol. Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta`minlash, ularning ta`lim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini ro`yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Yurtimizda 2021 yilning “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e`lon qilingani buning yana bir amaliy ifodasi bo`ldi. Yangi O`zbekistonni bunyod etish jarayonida yoshlarning o`rni va asosiy vazifalari nimalardan iborat, deb bilasiz?
Javob. Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi. Keng ko`lamli islohotlarimizni samarali amalga oshirishda ular hal qiluvchi kuch bo`lib maydonga chiqmoqda. Aynan zamonaviy bilim olgan, ilg`or kasb-hunarlarni, innovasion texnologiyalarni, xorijiy tillarni puxta egallagan o`g`il-qizlarimiz mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishda etakchi o`rin tutadi.
Ma`lumki, yoshlar yangicha fikrlashga, yangi-yangi g`oyalarni dadil o`rtaga tashlab, ularni amalga oshirishga, muammolarni ijodiy va nostandart yondashuvlar asosida hal etishga moyil bo`ladi. Shuning uchun hozirgi kunda yosh avlod vakillarining bilim olishi, ilm-fan, innovasiyalar, adabiyot, san`at va sport sohasidagi iste`dod va salohiyatini yuzaga chiqarishi, ularning jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz.
Imom Buxoriy bobomiz to`plagan muborak hadislardan birida: “Yoshlikda o`rganilgan ilm toshga o`yilgan naqsh kabidir”, deb aytiladi.
Buyuk allomalarimiz ana shunday hikmatlarga amal qilib, ilm-fan sohasida buyuk kashfiyotlarni amalga oshirganlari va umumbashariy tafakkur rivojiga beqiyos hissa qo`shganlari tarixdan yaxshi ma`lum.
Ana shunday qutlug` an`analarni davom ettirib, yurtimizda yangi xorazmiylar, farg`oniylar, beruniylar, ibn sinolar, mirzo ulug`beklar, navoiylarni tarbiyalab etkazish – nafaqat vazifamiz, balki tarix va kelajak oldidagi muqaddas burchimizdir.
Biz bu yo`lda katta ishlarni boshladik. Mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega bo`lgan, raqobatdosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 141 taga etkazildi, 26 ta xorijiy oliy ta`lim muassasasining filiallari ochildi. Holbuki, 2016 yilda respublikamizdagi oliygohlarning soni 77 ta edi. Qisqa muddatda bu borada qariyb ikki barobar o`sishga erishganimiz, hech shubhasiz, yoshlarimiz, butun jamiyatimizning intellektual salohiyatini oshirish, zamonaviy bilim, kasb-hunarlarga yanada yaqinlashtirish yo`lidagi harakatlarimiz natijasidir.
Keyingi besh yilda oliy ta`limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba bo`lish imkoniyati yaratildi. Bu – umumiy qamrov 28 foizga etdi, deganidir. O`zingiz qiyoslab ko`ring, 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi. Bu borada davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga ko`paytirilgani, o`tgan yilgi tajribamizni yangi bosqichga ko`tarib, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga bu yil oliygohlarga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani yoshlarimiz kelajagini ta`minlashga qaratilgan amaliy e`tiborimiz namunasidir.
Biz 2030 yilga qadar maktab, lisey va kollej bitiruvchilarini oliy ta`lim bilan qamrab olish darajasini 50 foizga etkazishni reja qilganmiz va bunga albatta erishamiz.
Bu yil Toshkent shahrida eng yuksak xalqaro talablarga javob beradigan “Yangi O`zbekiston” universiteti tashkil etildi. Ushbu universitet mamlakatimizdagi barcha oliy o`quv yurtlari uchun namuna bo`ladi. Eng bilimli va iste`dodli yoshlarimiz shu erda o`qiydi.
Biz uzluksiz milliy ta`lim-tarbiya tizimining barcha bosqichlarini uyg`un va mutanosib rivojlantirishga alohida e`tibor bermoqdamiz. Oxirgi to`rt yilda bolalarimizni maktabgacha ta`lim bilan qamrab olish darajasi ilgarigi 27,7 foizdan 2 barobar ortib, 60 foizga etgani, bog`chalar soni esa 3 marta ko`payib, 14 mingdan oshgani ana shunday islohotlarimiz natijasidir.
Hozirgi vaqtda yurtimizda “Yangi O`zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan g`oya asosida maktab ta`limi tizimida ham katta o`zgarishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida va hududlarimizda Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar soni ko`payib bormoqda.
“Besh muhim tashabbus” dasturi, “Barkamol avlod” markazlari doirasida yoshlarning bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazish uchun bu yilning o`zida 36 mingta qo`shimcha to`garak tashkil etilib, 874 mingga yaqin bola ularga jalb etildi. Shuningdek, ta`lim muassasalari, kutubxona va o`quv markazlariga qariyb 100 mingta san`at va sport inventarlari, kompyuterlar, 600 mingga yaqin kitob etkazib berildi.
Ayniqsa, navqiron o`g`il-qizlarimizning tadbirkorlik sohasidagi g`oya va tashabbuslarini ro`yobga chiqarish, ularni ish va daromad manbai bilan ta`minlashga davlat miqyosida katta ahamiyat berilmoqda. Ana shunday e`tibor tufayli so`nggi to`rt yilda 30 yoshgacha bo`lgan tadbirkorlar soni 5 barobar ko`payib, 500 mingdan oshgani, hech shubhasiz, ushbu soha rivojida muhim rol o`ynamoqda. Bu yilning o`zida 92 mingdan ziyod yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 2 trillion 300 milliard so`m imtiyozli kreditlar ajratilgani bunday yoshlarimiz safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Mahallalarda tashkil etilayotgan kasb-hunarga o`qitish kurslarida minglab o`g`il-qizlarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo`lgan zamonaviy kasb-hunarlarni egallamoqda.
Bu yildan boshlab, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo`nalishidan kelib chiqib, qishloqlarda yoshlarga 10 sotixdan 1 gektargacha er maydonlari ajratish boshlandi. Natijada qishloqda yashayotgan 230 mingdan ortiq yoshga 61 ming gektar er maydoni ajratib berildi. Shuningdek, g`alladan bo`shagan erlardan yana 75 ming gektari 170 ming nafar yoshlarga takroriy ekinlar ekish uchun ajratildi.
Yoshlar o`rtasida kambag`allikni kamaytirish, ularni o`zini o`zi band qilishga rag`batlantirishda “Yoshlar daftari”, yoshlar dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarimiz muhim ahamiyatga ega bo`lmoqda. Shu yilning 8 oyi mobaynida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard so`m mablag` yo`naltirildi. Jumladan, “Temir daftar”dagi oilalar farzandlari bo`lgan 2 mingdan ziyod talabaning kontrakt pullari to`lab berildi.
Bu yildan boshlab ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq miqdorini byudjetdan to`liq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Natijada joriy yilning ikkinchi yarmida 170 milliard so`m, kelgusi yilda esa 500 milliard so`m mablag` 240 ming nafar yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida qoladi.
Talaba yoshlarni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tizim asosida yotoqxona bilan ta`minlanmagan 62 ming nafar o`g`il-qizlarimizga oylik ijara to`lovining 50 foizi byudjetdan to`lab berildi.
Albatta, bu boradagi ishlarimiz nafaqat izchil davom ettirilmoqda, balki yanada yuqori bosqichga ko`tarilmoqda. Shu maqsadda 2021 yil 13 iyulda qabul qilingan “Yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmon bu fikrni tasdiqlaydi.
Mazkur hujjatda mamlakatimiz yoshlari uchun qo`shimcha 30 dan ortiq yangi imtiyoz va imkoniyatlar yaratish ko`zda tutilgan. Ana shunday imkoniyatlardan faqat bittasi haqida fikr yuritmoqchiman. “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning oliygohlarda ta`lim olayotgan farzandlarining 2021-2022 o`quv yilidagi kontrakt puli birinchi o`quv yili uchun Davlat byudjeti hisobidan to`lab beriladi. Bunday imkoniyatdan yurtimiz bo`yicha 4 mingdan ziyod oilalar farzandlari foydalanadi. Buning uchun byudjetdan 29,2 milliard so`m ajratiladi.
Yurtimizda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qo`llab-quvvatlash, ularning ta`lim-tarbiya olishi, ish joyi va uyiga ega bo`lishi, jamiyatda munosib o`rin topishi, “Mehribonlik uylari”, maxsus maktab-internatlar va “Bolalar shaharchasi”ning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlashga jiddiy e`tibor berilmoqda.
Ayniqsa, “Mehribonlik uylari”dagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilimli, kasb-hunarli va ma`naviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga etkazish – hammamizning muqaddas burchimiz. Shularning barchasini hisobga olib, “Mehribonlik uylari” va maxsus maktab-internatlarda ta`lim-tarbiya samaradorligini oshirish bo`yicha yangi tizimni joriy etmoqdamiz.
Ana shunday o`quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining muammolarini o`rganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini ro`yobga chiqarish bo`yicha yangi tizim – “Mehr daftari” joriy etilmoqda. Shuningdek, etim va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni uy-joy bilan ta`minlash tartibi belgilandi. Unga ko`ra, o`ziga biriktirilgan uy-joyga ega bo`lmagan va turarjoyga muhtoj sifatida hisobda turgan ana shunday bolalarga ular 18 yoshga to`lgan yili umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo`lmagan 1 xonali, voyaga etgan bolalar o`rtasida nikoh tuzilgan holatlarda esa 50 kvadrat metrdan kam bo`lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.
O`ylaymanki, insonparvarlik ruhi bilan yo`g`rilgan bunday islohotlarimiz buyuk Alisher Navoiy bobomizning bitta ko`ngli o`ksik odamni xursand qilish – Ka`bani obod etish bilan barobar, degan teran ma`noli so`zlariga, mehr-oqibat, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlarni doimo qadrlab, ulug`lab yashaydigan xalqimizning orzu-intilishlariga har tomonlama uyg`un va hamohangdir.
Men yurtimizning qaysi hududi, shahar va qishlog`ida bo`lmayin, albatta u erdagi yoshlar bilan uchrashaman. Ochiq va samimiy suhbatlarda ularning sog`ligi, o`qishi, orzu-intilishlari, qishlog`i yoki mahallasidagi shart-sharoitlar bilan qiziqaman.
Bilasizmi, dunyodagi davlatlar, xalqlarning rivojlanish darajasini ko`rsatadigan mezonlar, parametrlar ko`p. Lekin men uchun shu boradagi eng muhim mezon – bu yoshlarimizning baxti, kamolidir.
Yangi O`zbekistonning nafasi, sur`ati va shiddatini avvalo aziz o`g`il-qizlarimizning azmu shijoati, dadil fikr va takliflarida, erishayotgan dastlabki yutuqlarida ko`raman.
Yaqinda 30 iyun – Yoshlar kunida navqiron avlodimiz vakillari bilan yana bir bor uchrashib, ularning turli sohalardagi izlanishlarini ko`rib juda xursand bo`ldim.
Ishonchim komilki, farzandlari doimo izlanish va intilishda bo`lgan, yuksak marralarni ko`zlab, oldinga qarab intiladigan xalq va davlat o`z oldiga qo`ygan maqsadlarga albatta etadi. Chunki bunday harakatlar ertaga qudratli to`lqinga aylanib, hayotimizni bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshi va obod qilish, ongu tafakkurimizni yuksaltirishga olib keladi.
Savol. Mamlakatimizda keyingi yillarda inson huquq va erkinliklarini ta`minlash borasida erishilayotgan yutuqlar haqida so`z borganda, xotin-qizlarning o`qishi, bilim olishi, mehnat qilishi, ularning sog`ligini saqlash, iste`dod va qobiliyatini ro`yobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglik bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar birinchi navbatda tilga olinmoqda. Buning sababi nimada?
Javob. Buning sababi oddiy, albatta. Chunki dunyodagi har qanday xalq, davlat va jamiyatning taraqqiyot va madaniyat darajasi avvalo ularning xotin-qizlarga bo`lgan munosabati bilan belgilanadi.
Ayol bor ekan, oila degan muqaddas qo`rg`on, farzand degan bebaho ne`mat bor. Ayollarimiz baxtli bo`lsa albatta oilamiz, jamiyatimiz ham baxtli bo`ladi.
Xotin-qizlar barcha soha va tarmoqlarda erkaklar bilan teng huquqqa ega bo`lib, yuksak hurmat-ehtiromda yashagan mamlakatda albatta tinchlik va hamjihatlik, o`sish va yuksalish bo`ladi.
Shuning uchun ham biz uchun buyuk Ona timsoli bo`lgan ayol zotini xalqimiz azal-azaldan ulug`lab, e`zozlaydi.
Odamzotga asrlar davomida mehr tuyg`usini singdirib, uni go`zallik, vafo va sadoqat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalab kelayotgan aziz va mukarram zot ham onalarimizdir.
Bu hayotda nimaga, qanday yutuq va natijalarga erishgan bo`lsak, ularning barchasi munis va mehribon onalarimiz tufaylidir. Shuning uchun biz xotin-qizlarimiz oldida doimo qarzdorlik hissi bilan yashaymiz. Ularga har qancha mehr va e`tibor ko`rsatsak, arziydi.
Yurtimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan muhtarama onalar, opa-singillarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta`minlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o`rni va nufuzini oshirish borasida davlat siyosatini olib borishda biz aynan ana shunday qadriyatlarga tayanamiz.
Keyingi yillarda bu muhim masalaning amaliy ijrosiga qaratilgan 24 ta hujjat, jumladan, 2 ta qonun, Prezidentning 6 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 16 ta qarori qabul qilingani opa-singillarimizga bo`lgan yuksak e`tibor va g`amxo`rlik ifodasidir.
Hurmatli ayollarimiz hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida faol ishtirok etib, Yangi O`zbekistonni barpo etishga beqiyos hissa qo`shmoqdalar. Ularning orasida deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, akademiklar, professorlar, O`zbekiston Qahramonlari, Xalq o`qituvchilari, Xalq shoirlari, Xalq artistlari borligini barchamiz yaxshi bilamiz.
Bugungi kunda mamlakatimizda Gender tenglikni ta`minlash bo`yicha komissiya, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi, Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi kabi tuzilmalar opa-singillarimizning manfaatlarini himoya qilishda muhim rol o`ynamoqda.
Mamlakatimizda xotin-qizlarni ish o`rinlari, uy-joy bilan ta`minlash, ularga tibbiy xizmat ko`rsatish sifatini yaxshilash masalalariga alohida e`tibor berilmoqda. Bu borada ayollarni kasb-hunarlarga qayta o`qitish markazlari joriy etilgani, arzon uy-joylar dasturi amalga oshirilayotgani muhim ahamiyatga egadir. Har yili og`ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning uy-joy bo`yicha boshlang`ich badallari davlat byudjeti hisobidan to`lab berilmoqda.
Jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, turli sohalarda ibratli natijalarga erishayotgan, sog`lom va barkamol avlodni tarbiyalashga munosib hissa qo`shayotgan opa-singillarimiz 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami, Mustaqillik kuni, turli kasb bayramlari munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofotlari, shuningdek, “Mo``tabar ayol” ko`krak nishoni bilan taqdirlanmoqda.
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan qizlarning soni 367 nafarga etgani ham ana shunday ishlarimiz qatoriga kiradi.
Suhbatimiz boshida aytilganidek, “Ayollar daftari” tizimi asosida xotin-qizlar o`rtasida kambag`allik va ishsizlikni tugatish bo`yicha izchil ish olib borilmoqda.
Savol. Yurtimizda xonadonlarimizning fayzu farishtasi bo`lgan keksa avlod vakillari, muhtaram faxriylarimizga alohida mehr va g`amxo`rlik ko`rsatib kelinmoqda. Bu boradagi amaliy ishlarning kelgusi rivoji haqida ham fikringizni bilmoqchi edik.
Javob. Men har doim bugungi tinch-osoyishta, erkin va farovon hayotimiz haqida o`ylaganimda, bunday yorug` kunlarga etib kelishda qancha-qancha avlod vakillari, ota-bobolarimiz tinimsiz mehnat qilganlari, o`z boshiga tushgan barcha sinov va mashaqqatlarni sabr-matonat bilan engib o`tganlarini chuqur minnatdorlik bilan eslayman. Ular o`zlari qiynalib bo`lsa ham bizni shunday tinch va dorilomon kunlarga etkazganlari – bu hech narsa bilan o`lchab, baholab bo`lmaydigan ulkan jasorat, fidoyilik va qahramonlikdir.
Shuning uchun bunday mard va olijanob ajdodlarimizdan o`tganlarining xotirasini ulug`lab, hamisha chuqur hurmat-ehtirom bilan yod etish, bugun oramizda yashab kelayotgan muhtaram nuroniylarimizni har tomonlama ardoqlash – muqaddas burchimizdir.
Eng muhimi, bunday savobli ishlarimiz yoshlarimiz uchun ham tarbiya va ibrat maktabiga aylanadi.
Albatta, siz, jurnalistlarga yaxshi ma`lum – yurtimizda keksa avlod vakillarini qo`llab-quvvatlash, ularning mazmunli umr kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida katta ishlar qilinmoqda. Xususan, pensiya va nafaqalarni rasmiylashtirish, ularni o`z vaqtida to`lash, turli ijtimoiy xizmatlardan foydalanish bilan bog`liq qiyinchilik va muammolar bartaraf etildi. Jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etib kelayotgan otaxon va onaxonlarimiz “Nuroniy” jamg`armasi tomonidan moddiy va ma`naviy rag`batlantirilmoqda.
Keksa avlod vakillarining salomatligini asrash, ularga respublikamizdagi turli sanatoriya va dam olish uylariga imtiyozli yo`llanmalar berish, bayram kunlarida ularni alohida qutlab-tabriklash, doimiy izzat-hurmat ko`rsatish ezgu an`anaga aylanib bormoqda.
Takror aytaman, o`z vaqtida bor kuch-g`ayrati, bilim va salohiyatini Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun bag`ishlagan bunday tabarruk insonlar oldida biz bir umr qarzdormiz. Muhtaram nuroniylarimizning hayotini yanada fayzli qilish, ular o`zlarining boy tajribasi, foydali maslahatlari bilan ijtimoiy hayotimizda, ayniqsa, Yangi O`zbekiston yoshlarini tarbiyalashda yanada faol ishtirok etishlari uchun qo`shimcha imkoniyatlar yaratamiz.
Bu masalalarga alohida urg`u berib gapirayotganim albatta bejiz emas. Biz Yangi O`zbekistonni barpo etish jarayonida xalqimizni rozi qilishni o`z oldimizga ulug` maqsad qilib qo`ygan ekanmiz, buni jamiyatimizning har bir a`zosi o`z hayotida sezishi, his etishi biz uchun g`oyat muhimdir.
Hozirgi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida uch avlod vakillari o`rtasida samimiy uchrashuvlar o`tkazilayotgani, ularda muhtaram nuroniylarimiz ham faol ishtirok etib, o`zlarining mehnat va hayot tajribasi, bugungi tinch va yorug` kunlarning qadr-qimmati va ahamiyati haqida bildirayotgan fikrlari yoshlarimiz uchun chinakam tarbiya maktabi bo`lib xizmat qilmoqda.
Savol. Eng ulug` va eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramimiz arafasida gazetamiz sahifalarida turli kasb egalari bo`lgan yurtdoshlarimizning ezgu tilaklari berib borilmoqda. Siz Vatanimiz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab mamlakatimizda yangi davlat va jamiyat qurish jarayonlarida faol ishtirok etib kelgan atoqli rahbar, bugungi kunda esa Yangi O`zbekistonni barpo etish konsepsiyasining tashabbuskori va uni amalga oshirish yo`lidan butun xalqimizni dadil oldinga boshlab borayotgan milliy etakchi, Prezident sifatida ushbu bayram munosabati bilan xalqimizga qanday tilaklar bildirgan bo`lardingiz?
Javob. Albatta, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan biz barcha soha va tarmoqlar bo`yicha taraqqiyotimiz yakunlarini chuqur sarhisob qilib, kelgusi rejalarimizni yanada aniq belgilab olamiz. Ayniqsa, yurtimizdagi har bir insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta`minlash, xalqimizning yanada erkin va farovon yashashiga erishish biz uchun bundan buyon ham bosh maqsad bo`lib qoladi.
Men uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi faoliyatimning ma`no-mazmunini tashkil etadigan eng ulug` maqsad –xalqimizning tinch va osoyishta, erkin va farovon hayot haqidagi orzu-umidlarini ro`yobga chiqarish yo`lida sidqidildan fidokorona xizmat qilishdan iboratdir.
Barchamizga rizq-nasiba bergan, oq yuvib, oq tarab voyaga etkazgan el-yurtimiz oldida biz hamisha qarzdormiz. Aziz va ardoqli xalqimizning roziligiga erishish – biz uchun eng buyuk saodatdir. Chunki xalq bizdan rozi bo`lsa, Yaratgan ham rozi bo`ladi.
Necha-necha ajdodlarimiz orzu-niyat qilib o`tgan mana shunday buyuk ishlarni amalga oshirish bugun bizga nasib etgan ekan, bu o`zligini anglagan har bir vatandoshimiz uchun chinakam baxt va sharaf emasmi?
Ishonchim komil, biz jonajon Vatanimizga bo`lgan cheksiz mehrimiz va sadoqatimizni muqaddas bayroq qilib, bor bilim va tajribamiz, aql-zakovatimizni ishga solib, yagona xalq, yagona millat bo`lib, ko`zlagan ezgu maqsadlarimizga albatta etamiz.
Yangi O`zbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obro`-e`tiborga ega bo`lgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi.
Men bunga nafaqat ishonaman, balki shu yo`lda bor bilim va tajribamni, kuch-g`ayratimni safarbar etishga hamisha tayyorman. Barcha yurtdoshlarimizni ana shunday ulug` safda – Yangi O`zbekiston bunyodkorlari qatorida bo`lishga da`vat etaman.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, ko`pmillatli xalqimizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Har bir xonadon, har bir vatandoshimizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxtu saodat doimo yor bo`lishini tilayman.