Birinchi marta — O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan tarixiy suhbat

17.08.2021 08:50

Yangi O`zbekiston demokratik o`zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Yangi O`zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga javoblari

Savol. Muhtaram Prezident, avvalo, gazetamiz uchun intervyu berishga rozilik bildirganingiz uchun Sizga minnatdorlik izhor etamiz.

Ma`lumki, keyingi besh yil davomida mamlakatimizda keng miqyosdagi demokratik o`zgarishlar amalga oshirilmoqda. “Yangi O`zbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda. Siz davlat boshlig`i, ana shu ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning tashabbuskori va ularning markazida turgan islohotchi rahbar sifatida bu yangilanishlarning mazmun-mohiyatini birinchi navbatda nimalarda ko`rasiz?

Javob. Avvalo shuni aytish kerakki, o`z yurtida ozod va erkin hayot, adolatli jamiyat barpo etishdek ulkan maqsadni o`z oldiga qo`ygan har qanday xalq, har qanday millat og`ir, mashaqqatli va murakkab taraqqiyot yo`lini bosib o`tadi.

Kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan o`zbek xalqi ham 1991 yil 31 avgustda muqaddas orzusiga erishdi – jonajon Vatanimiz o`z davlat mustaqilligini qo`lga kiritdi.

Nasib etsa, yana sanoqli kunlardan keyin ana shu qutlug` sananing 30 yilligini ulkan shodiyona sifatida keng nishonlaymiz.

Bu shonli bayram oldidan mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Joylarda keng ko`lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari shiddat bilan olib borilmoqda. Jumladan, poytaxtimizga tutash 100 gektardan ortiq ulkan hududda “Yangi O`zbekiston” bog`i hamda betakror Mustaqillik majmuasi jadal sur`atlar bilan bunyod etilmoqda. Nasib etsa, bu yil eng ulug`, eng aziz bayramimizni mana shu yangi maydonda o`tkazamiz.

Hech shubhasiz, istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo`lida tarixiy ishlar amalga oshirildi, mard va olijanob xalqimizning bukilmas irodasi va ulkan salohiyati bilan katta marralar zabt etildi. Tarixan qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitusiyasi – Asosiy qonunimiz ishlab chiqildi va qabul qilindi. Vatanimiz suveren davlat sifatida jahon hamjamiyatidan munosib o`rin egalladi. O`zbekistonda zamonaviy davlatchilik asoslari yaratilib, konstitusiyaviy tuzumga asos solindi. Davlat hokimiyatining uchta mustaqil tarmog`i – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari qaror topdi. Tom ma`nodagi konstitusiyaviy davlat barpo etildi.

O`zbekiston Respublikasining suvereniteti va davlat mustaqilligini, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti hamda milliy manfaatlarimizni ishonchli himoya qilishga qodir bo`lgan Qurolli Kuchlar tashkil etildi. Milliy valyutamiz – so`m joriy etildi va oltin-valyuta zaxiralarimiz shakllantirildi.

Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, o`zligimiz tiklandi.

Mana shunday unutilmas tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etish nasib etganidan baxtiyorman.

Mustaqil taraqqiyot borasida erishgan ulkan yutuqlar bilan birga, yo`limiz ayrim xato va kamchiliklardan ham xoli bo`lmaganini ochiq aytish lozim. Mustabid tuzumdan voz kechib, demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan jarayonlar, murakkab va tahlikali davrning o`zi turli muammo va vazifalarni oldimizga ko`ndalang qo`ydi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun bilim va tajribamiz, iroda va qat`iyatimiz ba`zan etsa, ba`zida etmagan holatlar ham bo`ldi.

Shu bois mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yuksak bosqichga ko`tarish, buning uchun yangi islohotlarni amalga oshirish ob`ektiv zarurat, eng muhim strategik vazifaga aylandi.

Darvoqe, “yangi” degan so`zning biz uchun alohida ahamiyati bor. Masalan, eng ko`hna bayramlarimizdan biri Navro`z – Yangi kun deb atalishini esga olaylik. Ushbu qadimiy bayram bilan bog`liq qadriyat va an`analar hayotimizga shu qadar singib ketganki, xalqimiz asrlar davomida, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy aytganlaridek, “Har tuning qadr o`lubon, har kuning bo`lsin Navro`z!” degan ezgu tilaklar, pok niyatlar bilan yashab keladi.

Yoki o`tgan asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz “jadidchilik”, ya`ni, yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-ma`rifat va milliy o`zlikni anglash g`oyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqanlarini barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ulug` zotlarning maqsadi – jaholat va qoloqlik girdobida qolib kelayotgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilg`or kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yo`liga olib chiqishdan iborat edi.

Jadidlar tomonidan tashkil etilgan yangi usuldagi maktablar, teatr, kutubxona va muzeylar, gazeta va jurnallar, Turkiston farzandlarini chet ellarga o`qishga yuborish maqsadida tuzilgan xayriya jamiyatlari xalqimizni necha asrlik g`aflat uyqusidan uyg`otdi, milliy ozodlik harakati uchun beqiyos kuch berdi. Afsuski, yurtimizda bolsheviklar diktaturasi o`rnatilgani, chor mustamlakachilik siyosati yangicha shaklda davom ettirilgani ma`rifatparvar bobolarimizga o`z maqsad-muddaolarini to`liq amalga oshirish imkonini bermadi. Lekin ularning ezgu orzu-niyatlari xalqimizning qon-qonida, tarixiy xotirasida saqlanib qoldi va hanuz yashamoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.

Shu ma`noda, bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O`zbekiston” g`oyasi zamirida ana shunday ulug` ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg`onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan bo`lamiz.

Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, har qaysi xalq hayotidagi ma`naviy uyg`onish jarayonlari milliy o`zlikni anglashga olib keladi hamda mamlakatning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini yangi bosqichga ko`taradi. Bunday ijtimoiy noyob hodisa “Renessans” – uyg`onish, qayta tiklanish, yuksalish deb atalishi barchamizga ayon.

Ma`lumki, bugungi O`zbekiston zamini qadimda ikki buyuk uyg`onish davriga – Birinchi (ma`rifiy – IX-XII asrlar) va Ikkinchi (Temuriylar – XIV-XV asrlar) Renessansga beshik bo`lgan. Bu – jahon ilm-fanida o`z isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uyg`onish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun “Yangi O`zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so`zlari hayotimizda o`zaro uyg`un va hamohang bo`lib yangramoqda, xalqimizni ulug` maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

Bugungi kunda O`zbekiston demokratik o`zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Aynan mana shu jarayon men uchun islohotlarimizning eng katta natijasidir. Chunki, maqsadning aniqligi – harakatlar samarasini ta`minlaydigan eng muhim mezondir.

Agar biz bundan besh yil oldin qabul qilgan Harakatlar strategiyasining tub mazmun-mohiyatini muxtasar ifoda etadigan bo`lsak, ushbu noyob hujjatda o`z oldimizga Yangi O`zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qo`ygan edik.

Ta`kidlash kerakki, Yangi O`zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, sub`ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo`lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma`naviy-ma`rifiy vaziyatning o`zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to`la javob beradigan ob`ektiv zaruratdir.

Yangi O`zbekistondemokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume`tirof etilgan norma va prinsiplarga qat`iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do`stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo`lgan davlatdir.

O`tgan tarixan qisqa davrda islohotlar tufayli erishgan natijalarimiz haqida uzoq gapirmoqchi emasman. Bu mavzuda mamlakatimiz hamda chet el ommaviy axborot vositalari orqali nufuzli davlat va siyosat arboblari, ekspert va tahlilchilarning fikrlari muntazam e`lon qilib kelinmoqda.

Bunday xolis baholar barchamizni quvontiradi. Ayni vaqtda shuni ta`kidlashni istardimki, biz bu demokratik o`zgarishlarni kimlargadir yoqish, maqtanish, turli reytinglarga kirish uchun emas, aksincha, demokratik jarayonlar o`zimizga suv bilan havodek zarur bo`lgani uchun, xalqimiz, avvalambor, yosh avlodimizning bugungi hayoti va ertangi istiqbolini o`ylab, milliy manfaatlarimiz yo`lida amalga oshirmoqdamiz.

Biz – O`zbekiston fuqarolari jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan o`zgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini hammadan ham ko`proq his etmoqdamiz. Ayniqsa, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so`z erkinligi”, “din va e`tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko`nikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani e`tiborlidir.

Bir haqiqatni ochiq tan olishimiz lozim: vaqt o`tishi bilan islohot jarayonlari tobora kengayib bormoqda, shiddatli zamon oldimizga yanada ulkan vazifalarni qo`ymoqda. Hayotning o`zi bizni ko`p narsaga o`rgatmoqda. Shu sababli biz doimiy izlanishdamiz. Izlanish bor joyda yutuqlar bilan birga kamchilik va nuqsonlar ham bo`lishi tabiiydir.

Eng asosiysi, “Harakatda – barakat” deganlaridek, biz eng qiyin bosqichdan o`tdik, ya`ni, yo`limizni aniq belgilab, katta ishlarni boshladik. Endi hamma gap islohotlar yo`lini qat`iyat bilan davom ettirish va mantiqiy yakuniga etkazishda. Bu albatta oson emas, ammo biz bunga qodirmiz. Muhimi, keyingi yillarda bunday ulkan va murakkab vazifani amalga oshirish uchun etarli siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-institusional zamin yaratildi.

 Savol. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma`naviy-ma`rifiy islohotlar jarayonida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan muhim konstitusiyaviy tamoyilni joriy etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Buning sababi nimada?

Javob. Men ko`p yillar davlat boshqaruvining eng quyi bo`g`inidan boshlab, o`rta va eng yuqori pog`onagacha – barcha bosqichlarda mas`ul lavozimlarda ishlaganman, Oliy Majlis deputati ham bo`lganman. Shuning uchun ham eski boshqaruv tizimining barcha nuqson va kamchiliklarini, aholini qiynayotgan dardu muammolarni quyi bo`g`indan boshlab, ich-ichidan, boshqalardan ko`proq bilaman, deb to`liq ishonch bilan ayta olaman.

Buyuk Amir Temur bobomizning Shahrisabzdagi Oqsaroy qarorgohi peshtoqiga bitilgan “Adolat – davlatning asosi va rahbarlar shioridir” degan hikmatli so`zlarida juda chuqur ma`no bor.

Ma`lumki, ajdodlarimiz azaldan “Zulm qilma, insofli bo`l, xalq uchun adolat qo`rg`onini bunyod et”, deb yosh avlodga yo`l-yo`riq ko`rsatganlar. Biz ham sud-huquq tizimini isloh etishda ana shunday sodda va hayotiy talablardan kelib chiqdik. Xususan, “Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik bo`lishi kerak” degan g`oyani ilgari surdik va amalga oshirishni boshladik.

Shu o`rinda mamlakatimizda davlat va hokimiyat idoralari uzoq vaqt davomida xalq hayotidan uzilib qolganini qayd etish lozim.

Siyosiy-huquqiy nuqtai nazardan davlatga “xalq xohish-irodasini ifoda etadigan organ” deb ta`rif beriladi. Davlatni kim shakllantiradi? Xalq va uning muxtor vakillari. Binobarin, davlat va uning organlari avvalo kimga xizmat qilishi kerak? Albatta, xalqqa, turli mansab egalariga ovoz bergan va ishonch bildirgan fuqarolarga.

Shu ma`noda, xalqimiz davlat xizmatidan rozi bo`lishga har tomonlama haqli va munosibdir.

Ana shunday tamoyillar asosiga qurilgan davlat hokimiyatigina tom ma`noda xalqchil, demokratik hokimiyat hisoblanadi. Bunday davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma`naviy-ma`rifiy ildizlari mustahkam va baquvvat bo`ladi. Shu sababdan biz xalqimizning og`irini engil qilish, uning muammolarini vaqtida va samarali echish, odamlarimizning hayot darajasi va sifatini yaxshilashni barcha islohotlarimizning bosh maqsadi etib belgiladik.

Men davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagan 2017 yilga mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb nom berganimiz zamirida ham aynan shunday intilish va harakatlarimiz mujassam ekanini anglash qiyin emas, deb o`ylayman.

Albatta, biz eski tizimni batamom o`zgartirib, o`z oldimizga qo`ygan maqsadga to`liq erishdik, deb aytishga hali erta. Takror aytaman, biz har kuni izlanishdamiz. Bu yo`lda dastlabki qadamlarni qo`ymoqdamiz, xolos. Lekin “Bu o`zgarishlar – vaqtinchalik kampaniya, o`tadi-ketadi”, deganlar yanglishadi. Bu – Prezident va uning komandasi uzoqni ko`zlab yuritayotgan pragmatik xalqchil siyosatning eng ustuvor yo`nalishlaridan biri va uni xalqimiz bilan birgalikda albatta oxirigacha olib boramiz, hech qachon ortga qaytmaymiz.

Bugungi kunda biz erishgan eng muhim natija ham aslida shu – demokratik islohotlarimiz ortga qaytmaydigan tus oldi.

Mamlakatimizda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha bo`g`indagi mansabdor shaxslar fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvishlari bilan qog`ozda emas, amalda jiddiy shug`ullanmoqda. Ya`ni, avvalambor, davlat organlari xalq uchun, har bir fuqaro uchun ochilib, ular bilan faol muloqot olib bormoqda.

Biz hayotimizda majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambag`allik, korrupsiya, aholini uy-joy bilan ta`minlash, ta`lim va tibbiyot bilan bog`liq muammolar mavjudligini ochiq tan olib, ularni keng jamoatchiligimiz bilan birgalikda bartaraf etmoqdamiz.

Bugun odamlarda adolatga, haqiqatga ishonch paydo bo`lmoqda. Ular turli darajadagi rahbar va mansabdorlarning ish faoliyatiga xolisona baho bermoqda, kamchiliklarni oshkora tanqid qilmoqda. Milliy taraqqiyotimiz uchun bu juda muhim ahamiyatga ega. Chunki, atoqli shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, “Yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolg`on yomon”.

Bugun odamlar uyg`onmoqda, jamiyat uyg`onmoqda. Ma`naviy uyg`oq jamiyat – bu, hech shubhasiz, qudratli kuchdir.

O`zingiz ayting, atigi bir necha yil oldin bunday natijalarni tasavvur qilish mumkinmidi? Yo`q, albatta. Shuning uchun bugungi O`zbekiston – kechagi O`zbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Ayni paytda yana bir haqiqatni unutmasligimiz lozim: bugungi O`zbekiston – bu hali tom ma`nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi O`zbekiston emas. Hali bu marraga etish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yo`l turibdi. Yo`limiz shu paytgacha oson bo`lgani yo`q, bundan keyin ham oson bo`lmaydi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak bo`lsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noan`anaviy qarorlar qabul qilishdan cho`chimasligimiz zarur.

Mana, so`nggi paytda ko`pgina masalalarda, jumladan, “propiska”, xorijga chiqish uchun “stiker”, majburiy mehnat, paxta va g`allaga davlat buyurtmasini belgilash kabi eski tartiblardan mutlaqo voz kechish bo`yicha g`oyat muhim qarorlar qabul qildik.

Sodda qilib, jaydari tilda aytadigan bo`lsak, bu bilan osmon uzilib, erga tushgani yo`q. Aksincha, byurokratiya, vazifani suiiste`mol qilish, tamagirlik ko`rinishlari kamayib, jamiyatimiz hayoti erkinlashdi, odamlar engil nafas ola boshladi. Xalqimiz ham, dunyo jamoatchiligi ham bu qadamlarimizni ijobiy baholamoqda.

Yangi O`zbekiston – bu, avvalo, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir. Shu bois mamlakatimiz iqtisodiy tizimi to`liq qayta qurilmoqda, qanchalik og`ir bo`lmasin, bozor mexanizmlarini amalda joriy etishni boshladik.

Hozirgi vaqtda elektron kartochkadagi pullarni bankomatlar orqali naqd pulga aylantirish, milliy valyuta kursining “qora bozor”da – bir xil, banklarda esa boshqacha bo`lishi, xorijiy valyutalarni sotib olish, fuqarolikka ega bo`lish, O`zbekistonning istalgan hududidan uy-joy va mol-mulk sotib olish hamda ularni ro`yxatga qo`yish bilan bog`liq muammolar tarixda qoldi.

Islohotlar aholining barcha qatlamlari manfaatlariga ijobiy ta`sir ko`rsatmoqda: tadbirkorlar o`z biznesini rivojlantirish uchun erkinlik va yangi-yangi imkoniyatlarga ega bo`lmoqda, dehqon va fermerlar, klaster xo`jaliklari o`zlari etishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylanmoqda. Holbuki, sobiq mustabid tuzum davrida “tepa”dan buyruq bo`lmasa, bir qadam bosishga ham haqqimiz yo`q edi. Ahvol shu darajaga etib borgan ediki, uyimizning tomigacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi. Maktab bolalarini ham paxtaga haydadik. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov o`z davrida chuqur dard va iztirob bilan “Million egatlarga sochilgan o`zbek”, deb yozganidek, yuz yil egilib paxta terdik.

Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million odam paxta terimiga majburan safarbar etilardi. Mana, uch yildan buyon ular bu mashaqqatdan qutuldi. Qanchalik qiyin bo`lmasin, bu sohada biz bozor iqtisodiyotining sinalgan va samarali usullarini, jumladan, klaster tizimini joriy etdik. Klasterlar yordamida gektaridan paxta bo`yicha – 50 sentner, g`alla bo`yicha 100 sentnerdan hosil olishni ko`zlayapmiz va bu marralarga albatta erishamiz.

Afsuski, mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak bo`lgan o`tkir muammolar boshqa sohalarda ham yig`ilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib – bilmaganga, ko`rib – ko`rmaganga olib, g`aflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu o`zimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat bo`lardi.

Ochiq aytmoqchiman: mening tabiatim bunday soxta hayotni mutlaqo qabul qilolmaydi. Xalqimiz menga ishonch bildirdi, ana shu yuksak ishonchni oqlash, el-yurtimizga munosib hayot sharoitini yaratib berish – men uchun hayotimning ma`no-mazmunidir. Men millionlab insonlarning taqdiri uchun mas`uliyatni zimmamga olgan ekanman, islohotlar borasida boshqacha yo`l tutishim, hammasini avvalgidek qoldirishim aslo mumkin emas.

Takror aytaman: oldimizda turgan ishlarning barchasini o`zimiz, o`z kuchimiz bilan qilishimiz kerak, hech kim chetdan kelib biz uchun bironta muammoni hal qilib bermaydi.

Savol. Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida oldimizda turgan eng ustuvor vazifalar nimalardan iborat?

Javob. O`tgan yil dekabr oyida Oliy Majlisga yo`llangan Murojaatnomada bu haqda atroflicha to`xtalib o`tgan edim. Shu bois savolingizga qisqacha javob bermoqchiman.

Birinchi ustuvor vazifa: ijtimoiy siyosat mamlakatimizda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo`nalishlaridan biri bo`lib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday bo`lib qoladi.

Bugungi kunda xalq farovonligini, odamlarning hayot darajasini har tomonlama oshirish, buning uchun yangi ish o`rinlari, daromad manbalarini yaratish, kambag`allikni qisqartirish, qishloq va shaharlarimizni obod qilish iqtisodiy strategiyamizning eng muhim yo`nalishlari hisoblanadi.

Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va o`ziga xos tizimi yaratildi. Siz, jurnalistlar, bundan albatta yaxshi xabardorsiz. Keyingi paytda “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari aynan shu maqsadda joriy etilmoqda. Shu asosda muammoga oid mavhum ko`rsatkichlar emas, balki yordam va ko`makka muhtoj har bir oila va fuqaroning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari o`z joyida aniq o`rganilmoqda, ular vaqtida va samarali hal etilmoqda.

Keksalar, nogironlar, og`ir ahvolga tushib qolgan insonlarni qo`llab-quvvatlash, ularga mehr va muruvvat ko`rsatish kabi ezgu an`analar bugungi kunda yangicha ma`no-mazmun, amaliy harakatlar bilan boyib, takomillashib bormoqda. Bu borada, ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar o`z ijobiy natijasini bermoqda.

Birgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 2021 yilda barcha shahar va tumanlardagi jami 7 ming 794 ta qishloq va mahallada umumiy qiymati 20,8 trillion so`mlik qurilish, ta`mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ta`kidlash kerakki, milliy tariximizda qishloq va mahallalarimizni obodonlashtirishga hech qachon bunchalik katta mablag` ajratilmagan, eng muhimi, ularning rivojiga bu qadar jiddiy e`tibor berilmagan.

Ana shunday keng ko`lamli ishlarni amalga oshirish uchun rahbarlar qulay va shinam kabinetlardan chiqib, bevosita pastga, mahalla darajasiga tushib ishlamoqda.

Ijtimoiy qo`llab-quvvatlashning aniq manzilli xususiyatga ega ekani har bir muhtoj insonga uning real ehtiyojini hisobga olgan holda yordam ko`rsatish imkonini bermoqda. Bunda ushbu toifaga mansub hech bir inson e`tibordan chetda qolmasligiga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.

Taklif va tashabbuslar ilgarigidek faqat “tepa”dan emas, balki ko`proq quyidan bo`lmoqda. Ularni amalga oshirishda esa quyi, o`rta va yuqori bo`g`indagi davlat boshqaruv idoralarining samarali hamkorligi ish bermoqda. Shu asosda jamiyatimizning ijtimoiy manzarasi butunlay o`zgarmoqda, samarali boshqaruvning natijadorligi oshmoqda, eng muhimi, odamlarning hayotga, mehnatga, o`zining taqdiri va ertangi kunga ishonchi ortmoqda.

Men bunday o`zgarishlarni jamiyat taraqqiyotining eng asosiy sifat ko`rsatkichlari, deb hisoblayman.

Albatta, ijtimoiy himoya tizimidagi ayrim kamchilik va nuqsonlar saqlanib qolmoqda. Biz ularni bosqichma-bosqich bartaraf etamiz, ushbu tizimni takomillashtirib, yaxshi natija beradigan, jamiyatdagi barcha sog`lom kuchlarni shu maqsad atrofida birlashtiradigan darajaga etkazamiz.

Muhtoj fuqarolarni to`g`ridan-to`g`ri, aniq maqsad bilan moddiy qo`llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishda asosiy e`tibor aholining kam ta`minlangan qatlamlariga dotasiya berish emas, balki ularga daromad topish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar tug`dirishga qaratilmoqda.

Ikkinchi ustuvor vazifa: iqtisodiy taraqqiyot sohasida o`sish nuqtalarini aniqlash va ularga alohida ahamiyat qaratish, shu tariqa Yangi O`zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish muhim rol o`ynaydi.

Masalan, biz uchun o`ta muhim bo`lgan to`qimachilik tarmog`ini olaylik. Korxonalarimiz bu sohada paxtani etishtirishdan boshlab uni chuqur qayta ishlashgacha, yakuniy mahsulot ishlab chiqarishga qadar bo`lgan barcha texnologik jarayonlarni puxta o`zlashtirib, eksport va foyda hajmini bir necha barobar oshirgan taqdirdagina mazkur yo`nalishda etakchi mamlakatlarning ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlasha olishi mumkin.

Ona zaminimiz bag`ridagi boy xomashyo va qazilma boyliklarni el-yurtimiz manfaatlari yo`lida ishlatish maqsadida yuqori samarali, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilmoqda. Shu boradagi sa`y-harakatlarimiz tufayli keyingi yillarda Qandim gazni qayta ishlash kompleksi, Toshkent metallurgiya zavodi kabi yirik va noyob ob`ektlar ishga tushirildi, Navoiy kon-metallurgiya majmuasi hamda O`zbekiston metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirildi. Ana shu ishlarimizning davomi sifatida yaqinda etakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda loyiha qiymati 2 milliard AQSh dollariga teng bo`lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yangi mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlanganidan xabaringiz bor.

Biz iqtisodiyotimizni modernizasiya va diversifikasiya qilishda alohida ahamiyatga ega bo`lgan xususiylashtirish jarayonida faqat davlat korxonalarini sotish emas, balki ularning raqobatdoshligini oshirish, iqtisodiy sohadagi milliy manfaatlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladigan mutlaqo yangi yondashuvlarni qo`llashga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz. Davlat aktivlarini sotishda shaffoflik va samaradorlikni, keng jamoatchilik ishtirokini ta`minlaydigan kafolatlarni yaratish ayniqsa o`ta muhimdir.

Uchinchi ustuvor vazifa: biz hozirgi global pandemiya davrida aholi sog`ligini muhofaza qilish, jumladan, tadbirkorlarni o`z muammolari girdobiga tashlab qo`ymaslikni asosiy maqsadlarimizdan biri sifatida ko`ramiz. Chunki har bir tadbirkorlik tuzilmasi ortida qancha-qancha insonlarning ish o`rni, oilalarning daromadi, bugungi va ertangi taqdiri turibdi.

Yangi O`zbekistonda kichik va xususiy biznes sub`ektlari soni keyingi paytda ikki barobar ko`paydi, ushbu tarmoqdagi 50 foizdan ziyod korxonalar faqat keyingi uch yilda tashkil etilgan. Bu esa mamlakatimizda muhim ijtimoiy qatlam – o`rta sinfning kuchayishi uchun puxta zamin bo`lmoqda.

Shuning uchun ham biznesni qo`llab-quvvatlash, tadbirkorlik va xususiy mulkni himoya qilish barcha iqtisodiy islohotlarning bosh masalasi bo`lib qolmoqda. Tadbirkorlar ularni qo`llab-quvvatlash haqidagi chiroyli so`zlarni ko`p eshitgan, endi bu gaplarning amaliy ta`siri va natijasini o`z kundalik faoliyatida his etishi kerak.

Biznes ahli haqida faqat soliqlarni to`lash va tekshirishlar paytida eslaydigan zamonlar o`tib bo`ldi. Shu nuqtai nazardan, soliq qonunchiligini maqbullashtirish borasida biz ancha ish qildik, lekin hali oldimizda yanada katta vazifalar turibdi va biz ularni albatta amalga oshiramiz.

Ayrim mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tadbirkorlar ishiga aralashish, “telefon huquqi”dan foydalanib, ularga tazyiq o`tkazish holatlari uchrab turgani ham bor gap. Biz bunday muammolarga uzil-kesil nuqta qo`yish ustida ishlayapmiz. Agar biz tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlamasak, ularga sharoit yaratib bermasak, xususiy korxonalar sonini ko`paytirmasak, shahar va tumanlarning mahalliy byudjeti nochor ahvolda qolaveradi.

Barchamiz bir haqiqatni chuqur anglab olishimiz kerak: tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash – fuqarolar, xalqimiz farovonligini oshirishning eng samarali yo`li, Yangi O`zbekistonni barpo etishning pirovard maqsadidir.

Bu sohadagi mavjud kamchilik va nuqsonlarni hal etishda mamlakatimiz hayotini yanada erkinlashtirish, ochiqlik va oshkoralik muhitini, jamoatchilik nazoratini kengaytirish muhim rol o`ynaydi, deb ishonaman.

To`rtinchi ustuvor vazifa: pandemiya qishloq xo`jaligida tub o`zgarishlar amalga oshirilayotgan davrga to`g`ri keldi. Bu davr oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, agrar sektorni zamon talablari asosida rivojlantirish butun insoniyat, jumladan, biz uchun ham eng dolzarb vazifaga aylanib borayotganini yaqqol tasdiqladi.

Mamlakatimiz qishloq xo`jaligi bo`yicha ulkan salohiyatga, qadimiy tajriba va boy an`analarga ega. Ammo uzoq vaqt mobaynida ushbu tarmoqda bozor iqtisodiyotiga xos yondashuv va moddiy rag`batlantirish mexanizmlari joriy etilmadi, uni rivojlantirishga mablag` va ilmiy innovasiyalar etarlicha jalb qilinmadi. Oqibatda erning madori quridi, tuproq unumdorligi pasaydi.

Tasavvur qiling, mustaqillik davrida, ya`ni, keyingi 30 yilda O`zbekiston aholisi 15 million nafarga ko`paydi. Bu o`rtacha bir mamlakat aholisi, demakdir. Qolaversa, vaqt o`tishi, hayot o`zgarishi bilan odamlarning iste`mol talabi va ehtiyojlari ham muttasil ortib bormoqda. Erimiz, suvimiz esa ko`paymasligi tabiiy, albatta. Bunday resurslar nafaqat bizda, butun dunyoda cheklangan. Binobarin, biz endi aqlimizni, intellektual salohiyatimizni, bilim va tajribamizni oshirishimiz, aynan ana shu omillarni iqtisodiy o`sish nuqtalari va resurs manbalariga aylantirishimiz shart.

Bu nimaning hisobidan bo`ladi? Albatta, bunga bilim va tajriba, tinimsiz o`qib-o`rganish, izlanish, yangilikka intilish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, islohotlarni samarali olib borish hisobidan erishish mumkin.

Shu sababli biz agrar sektorni yalpi va tizimli transformasiya qilishni boshladik. Ushbu sohani iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish – bosh maqsadimizdir. Shu maqsadda 2020-2030 yillarga mo`ljallab ishlab chiqilgan Qishloq xo`jaligini rivojlantirish strategiyasida tarmoqni rivojlantirish borasidagi asosiy vazifalar aniq-ravshan belgilab qo`yildi. Xususan, qishloq xo`jaligi, oziq-ovqat sektori va qishloqlarni yaqin o`n yilda jadal taraqqiy ettirish rejasi ko`zda tutildi.

Agrar sohada ishlarni butunlay yangi asosda tashkil etish orqali tarmoqning samaradorligi va raqobatdoshligini oshirish, ushbu yo`nalishda minglab yangi ish o`rinlari yaratish va qishloq joylarda odamlarning hayot darajasini yuksaltirish sari muhim qadamlar qo`yilmoqda.

Beshinchi ustuvor vazifa: pandemiya davrida xalqimizning sog`ligi va hayotini asrash biz uchun eng muhim vazifa bo`lib qolmoqda. Shu maqsadda 2021 yil uchun davlat byudjetida 3 trillion so`m zaxira shakllantirildi. Ushbu mablag` hisobidan tibbiyot sohasida ko`pgina chora-tadbirlar, jumladan, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko`paytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga o`tkazish, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari o`rtasida telemedisina xizmatini yo`lga qo`yib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlarni yanada kengaytirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Tibbiyotning birlamchi bo`g`inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish choralari ko`rilmoqda. Jumladan, birlamchi bo`g`inda umumiy amaliyot shifokori shtat birligi o`rniga oilaviy shifokor va unga yordamchi sifatida 5 nafar o`rta tibbiyot xodimidan iborat “tibbiy brigadalar” tashkil etilmoqda.

Mamlakatimizda xususiy tibbiy klinikalar ochishga keng imkoniyatlar yaratib berilayotganiga qaramasdan, joylarda gemodializ, tibbiy diagnostika va reabilitasiya xizmatlari bo`yicha shifoxonalar etishmayapti. Shuning uchun davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni ko`paytirish, 170 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasini kompyuter tomograflari bilan ta`minlash, ulardan foydalanish bo`yicha xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar boshlandi.

Tibbiyotdagi yana bir murakkab muammo – yuqori malakali kadrlar etishmasligidir. Shu bois yangi o`quv yilidan boshlab klinik ordinaturaning qabul kvotasi ikki barobar oshiriladi. Viloyat hokimliklari o`z hududi uchun zarur bo`lgan ana shunday mutaxassis-shifokorlarni tayyorlashga mahalliy byudjetdan grantlar ajratadi.

Mamlakatimizda inson a`zolarini transplantasiya qilish bo`yicha qonuniy asoslarni ishlab chiqishni boshladik. Bu borada normativ-huquqiy bazaning mavjud emasligi tufayli ilgari, donorlik qiluvchi shaxs bemorning yaqin qarindoshi bo`lmasa, transplantasiya uchun ruxsat berilmas edi. Ko`pchilik fuqarolarimiz bunday tibbiy operasiyani chet elda o`tkazar, xorijga borishga qurbi etmaganlar esa chorasiz ahvolda qolar edi.

Bizni eng qiynaydigan masalalardan biri – sog`liqni saqlash sohasidagi korrupsiya holatlaridir. O`tgan yilning o`zida tizimda 30 milliard so`mdan ortiq mablag`ni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi va aybdorlar qonuniy jazoga tortildi. Shuning uchun bu sohada ta`sirchan nazorat tizimini o`rnatishga, avvalo, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga jiddiy ahamiyat berilmoqda.

Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, odamlar o`rtasida sog`lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ`ib etish nafaqat tibbiyot sohasi, balki butun jamiyatimiz oldidagi dolzarb vazifadir. Har bir inson o`z sog`ligi haqida avvalo o`zi o`ylashi, g`amxo`rlik qilishi kerak. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi butun er yuzida, jumladan, yurtimizda ham davom etayotgan hozirgi paytda buning ahamiyati beqiyosdir.

Shu bois beparvolikka, loqaydlikka berilishga aslo haqqimiz yo`q. Koronavirus hali ham yonimizda, biz bilan birga yashamoqda. Shuning uchun mamlakatimizda tegishli tibbiyot markazlari, dori-darmon va himoya vositalarining etarli zaxirasi shakllantirildi. Hududlarda 60 ta kislorod stansiyasini ishga tushirib, reanimasiya va intensiv davolash bo`limlarini kislorod bilan uzluksiz ta`minlash bo`yicha ishlar jadal olib borilmoqda. Yurtimizda vaksina ishlab chiqarish bo`yicha amaliy ishlar boshlandi.

Respublikamizda shu yil 1 apreldan boshlab aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari uzluksiz davom etmoqda.

Fursatdan foydalanib, xalqimizni o`z sog`lig`iga mas`uliyat bilan qarab, bu xavfli kasallikka qarshi emlash tadbirlarida faol ishtirok etishga yana bir bor chaqiraman.

Oltinchi ustuvor vazifa: biz yangi sharoitda ma`naviy-ma`rifiy ishlarni kuchaytirishga intilmoqdamiz. Bunday yondashuv – bugungi va kelgusi rivojlanishimiz uchun mustahkam poydevordir.

Shu ma`noda, Yangi O`zbekistonni barpo etish – yaqin va olis tariximiz, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni yanada chuqur o`rganib, ularga tayanib, mustaqil milliy taraqqiyot yo`limizni yangi bosqichda davom ettirish demakdir.

Keyingi yillarda madaniy-gumanitar yo`nalishda – madaniyat, kino, raqs va tasviriy san`at sohalarini, adabiyot va kitobxonlikni rivojlantirish bo`yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz xalqimizga yaxshi ma`lum, albatta. Xususan, xalqaro maqom anjumani, baxshichilik va milliy hunarmandchilik festivallarini tashkil etganimiz va yuksak saviyada o`tkazganimiz Yangi O`zbekistonni dunyoga keng targ`ib etishda muhim ahamiyatga ega bo`ldi.

Milliy tariximizni xolis va haqqoniy tadqiq etish uchun bugungi kunda O`zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Fanlar akademiyasi qoshida O`zbekistonning yangi tarixi markazi, “O`zbekiston tarixi” telekanali faoliyat ko`rsatmoqda.

Islom dini rivoji yo`lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-ma`naviy merosini o`rganish va targ`ib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda.

Toshkent shahrida barpo etilayotgan O`zbekistondagi islom sivilizasiyasi markazi xalqimizning boy diniy-ma`naviy merosini chuqur o`rganish va dunyoga targ`ib etish, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o`rin tutadigan ilm-ma`rifat markaziga aylanadi.

Biz hozirgi murakkab va shiddatli zamonda ma`naviy-ma`rifiy ishlarning o`rni va ta`siri tobora ortib borayotganini hisobga olib, bu sohadagi faoliyatimizni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. “Ma`naviyat va ijodni qo`llab-quvvatlash maqsadli jamg`armasini tashkil etish to`g`risida” hamda “Ma`naviy-ma`rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” shu yil mart oyida qabul qilingan Prezident qarorlari ayni shu sohadagi vazifalarni samarali hal etishga qaratilgandir.

Yangi O`zbekiston nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda barcha sohalar qatori ma`naviy-ma`rifiy masalalarga oid tashabbuslarni ham dadil o`rtaga qo`ymoqda. Bu haqda so`z yuritganda, mamlakatimiz tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma`rifat va diniy bag`rikenglik” rezolyusiyasini qabul qilish bo`yicha ilgari surilgan tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo`llab-quvvatlandi. Yaqinda mazkur rezolyusiya qabul qilinganini alohida ta`kidlash lozim.

Shuningdek, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida o`tgan sammitida ilm-fan, ta`lim, madaniyat va san`at sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qo`shgan atoqli shaxslarni rag`batlantirishga qaratilgan yana bir muhim tashabbusimiz qabul qilinib, Turkiy kengashning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta`sis etildi. Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxru iftixori bo`lgan hazrat Alisher Navoiy bobomizga, shunday ulug` zotlarni tarbiyalab voyaga etkazgan xalqimizga bo`lgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasi, deb bilamiz.

Savol. Yangi O`zbekistonni barpo etishda tashqi siyosatga, dunyodagi olis va yaqin davlatlar bilan do`stona hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu borada ichki va tashqi siyosatning o`zaro bog`liq va uyg`un jihatlari nimalarda namoyon bo`ladi?

Javob. Avvalo, shuni ta`kidlash kerakki, biz mamlakatimiz yangilanish davriga qadam qo`ygan birinchi kunlardan boshlab ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat yuritish, dunyodagi barcha taraqqiyparvar mamlakatlar, ayniqsa, qo`shni davlatlar bilan yaqin do`stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. O`zbekiston o`tgan davrda ana shu strategik yo`lga doimo sodiq qolib, o`z sheriklari hamda xalqaro tashkilotlar oldidagi majburiyatlarini to`liq bajarib kelmoqda.

O`tgan tarixan qisqa davrda yurtimizning Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy o`rni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda Yangi O`zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi.

Birinchi navbatda, qo`shni davlatlar bilan munosabatlarimizda yillar davomida yig`ilib qolgan muammolar hal etildi. Chegaralar ochildi. Qo`shni – qo`shnisi bilan, aka – ukasi, ota – bolasi, qarindosh – qarindoshi bilan uzilib qolgan aloqalarni tiklab, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga emin-erkin borib kela boshladi. Viza masalalari hal etildi. Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda.

Azal-azaldan o`zaro qardosh va birodar bo`lgan mamlakatlarimiz ko`pgina mintaqaviy va global masalalar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot bo`yicha yaqin hamkorlikda harakat qilishni boshladi. Jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo bo`ldi.

Shu yilning 5-6 avgust kunlari Turkmanistonda bo`lib o`tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi bu jarayonga yangi mazmun va kuch bag`ishlashi bilan e`tiborlidir.

Ana shu misollarning o`ziyoq ichki va tashqi siyosatning bir-biriga naqadar bog`liq va hamohang ekanini ko`rsatadi. Eng muhimi, ichki va tashqi siyosatimizdagi ana shunday uyg`unlik xalqimiz manfaatlarini ko`zlab amalga oshirilmoqda va buning natijasini oddiy odamlar o`z hayoti va taqdirida his etmoqda.

Yana bir muhim tomoni shundaki, O`zbekiston bugun o`zining uzoqni ko`zlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Parlamentlararo Ittifoq, Evropa Ittifoqi, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligimiz yangi bosqichga ko`tarildi.

Mamlakatimiz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a`zo bo`ldi, Evroosiyo iqtisodiy hamkorlik ittifoqi huzurida kuzatuvchi maqomini oldi. O`zbekiston o`z tarixida birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo`yicha kengashiga a`zo etib saylandi va uning 2021 yil 22 fevralda Jeneva shahrida videoanjuman shaklida bo`lib o`tgan 46-sessiyasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

O`tgan yili mamlakatimiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi tashkilotiga raislik qildi va pandemiyaga qaramasdan, MDH doirasida ko`zda tutilgan 60 dan ziyod barcha xalqaro tadbirlar samarali o`tkazildi, 70 ga yaqin muhim hujjatlar qabul qilindi.

O`zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalaridagi integrasiya va hamkorlik jarayonlarini faollashtirishda tobora muhim rol o`ynamoqda. Shu yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida o`tkazilgan xalqaro konferensiyada mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan yangi taklif va tashabbuslar nafaqat ushbu bepoyon mintaqalar davlatlarida, balki jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg`otdi. Xususan, Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog`laydigan yangi transport yo`llarini barpo etish masalalari ham muhokama qilindi. Konferensiya Toshkent ruhini yana bir karra namoyon etdi.

Bugungi kunda O`zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtirilmoqda. Ushbu muhim hujjatda tashqi siyosatimizning ustuvor yo`nalishi bo`lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko`p asrlik do`stlik va yaxshi qo`shnichilik, strategik sheriklik va o`zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. O`zbekistonning asosiy xorijiy sheriklari hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qo`shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlar bilan ko`p qirrali va o`zaro manfaatli aloqalari yanada kengaymoqda.

O`zbekiston Afg`onistonning yaqin qo`shnisi sifatida bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik o`rnatilishidan manfaatdordir.

Ma`lumki, O`zbekiston 2021-2022 yillarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qiladi. Hozirgi vaqtda biz bu muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada o`tkazish uchun jiddiy tayyorgarlik ishlarini olib bormoqdamiz.

Inson huquq va erkinliklarini ta`minlash, so`z va diniy e`tiqod erkinligi, gender tenglik bo`yicha erishayotgan yutuqlarimiz nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlanib bormoqda.

Dunyoning ko`plab mamlakatlaridagi yurtdoshlarimizni qo`llab-quvvatlash va ular bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlash maqsadida “Vatandoshlar” jamg`armasi tashkil etildi.

Jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bag`rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilmoqda. Har yili Xalqaro do`stlik kuni sifatida keng nishonlanadigan 30 iyul sanasi O`zbekistonda “Xalqlar do`stligi kuni” deb e`lon qilindi. Bu yil ushbu bayram mamlakatimizda birinchi bor keng nishonlandi. Buni ham ichki va tashqi siyosat omillari birlashadigan mushtarak hodisa sifatida qabul qilish mumkin.

Butun dunyoda bo`lgani kabi mamlakatimizda ham ekologik muammolarni hal etishga jiddiy e`tibor berilmoqda. Qo`shni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta`sirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qat`iy davom ettiryapmiz. Dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar o`rmon va butazorlar tashkil etilmoqda, Orolbo`yi hududlarida ulkan qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolbo`yi mintaqasida inson xavfsizligini ta`minlash bo`yicha ko`p tomonlama Trast fondi faoliyati muhim rol o`ynamoqda.

Bu haqda so`z yuritganda, O`zbekistonning Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiya va texnologiyalar hududi deb e`lon qilish bo`yicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish haqidagi muhim tashabbusi 2021 yil 18 may kuni Assambleya tomonidan bir ovozdan ma`qullanganini qayd etish o`rinlidir. Ushbu rezolyusiyani ishlab chiqishda AQSh, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon kabi dunyodagi nufuzli davlatlar, jami 50 mamlakat hammuallif sifatida ishtirok etgani bu tashabbus jahon hamjamiyatida qanday katta qiziqish uyg`otganidan dalolat beradi.

Savol. Ma`lumki, islohotlar samarasi ko`p jihatdan rahbar kadrlar, ayniqsa, mahalliy hokimlarning bilim va tajribasi, siyosiy saviyasi va madaniyatiga bog`liq. Shu ma`noda, Prezidentning joylardagi vakillari bo`lgan hokimlarning ish faoliyati Sizni qoniqtiradimi?

Javob. Men bu haqda o`tgan yili Oliy Majlisga yo`llagan Murojaatnomada ham alohida to`xtalib o`tgan edim. Nafaqat hokimlar, balki barcha bo`g`indagi aksariyat katta-kichik rahbarlarda bilim va tajriba, tashkilotchilik salohiyati, el-yurt ishi uchun fidoyilik tuyg`usining etishmasligi meni qiynaydigan eng murakkab masaladir.

To`g`ri aytdingiz, joylarda islohotlarning samarali amalga oshirilishi birinchi navbatda hokimlarga, ularning bilim va tajribasi, ishbilarmonlik xususiyatlariga bog`liq. Eng muhimi, ular odamlarning ishonchini qozongan bo`lishi shart. Aholi joylardagi rahbarlarga, ularning ishi, xizmat va muomala madaniyati, siyosiy, huquqiy va axloqiy saviyasiga qarab, davlat hokimiyatiga baho beradi. Lekin ochiq aytadigan bo`lsak, hokimlar, umuman, quyi bo`g`indagi rahbarlarning barchasi ham el-yurt o`rtasida etarli obro`-e`tiborga ega emas.

Afsuski, ko`pchilik rahbarlar xalqning ichiga kirib, odamlarning dardu tashvishlari bilan yashashni qandaydir ikkinchi darajali ish, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham ular ko`p-ko`p masalalarda zaif va ojiz bo`lib qolmoqda.

Aslida xalq bilan muloqot, doimo insonlar tashvishi va muammolarini o`ylab yashash har qanday rahbar uchun birinchi va muqaddas vazifa bo`lishi shart. Rahbarlik va boshqaruv madaniyati, hayotiy bilim va tajribalar qaerdan boshlanadi? Xalq bilan bevosita muloqot qilishdan boshlanadi. Ayniqsa, quyi pog`onadagi rahbarlar o`z dunyoqarashini o`zgartirib, oddiy fuqaroga elkadosh bo`lib, tadbirkorga do`st bo`lib ishlamasa, biz qanchalik ko`p kuch va mablag` sarflamaylik, farmon va qarorlar qabul qilib, sharoit yaratmaylik, joylarda islohotlarimizning oldinga yurishi qiyin bo`ladi.

Yashirishning hojati yo`q – juda og`ir, tahlikali va shafqatsiz raqobat zamonida yashayapmiz. Dunyo shunday shiddat bilan o`zgaryaptiki, kechagi siyosiy-iqtisodiy tahlil va bashoratlar bugungi kunga to`g`ri kelmayapti. O`zaro qarama-qarshilik, “savdo urushlari”, ekologik muammolar kuchayib bormoqda. Ana shunday murakkab sharoitda el-yurt bilan hamdard, hamnafas bo`lib yashamaydigan, hayotning o`zi taqozo etayotgan oddiy haqiqatlarni tushunmaydigan mansabdorlarning rahbar sifatida kelajagi yo`q. Ularga biron-bir mas`uliyatli vazifani ishonib ham bo`lmaydi.

Bir paytlar men ham hokim bo`lib ishlaganman. U vaqtlardagi sharoitni hozirgi imkoniyatlar bilan mutlaqo solishtirib bo`lmaydi. Ko`p-ko`p masalalarda qo`l-oyog`imiz bog`langan edi, hamma narsani “tepa”ning qosh-qovog`iga qarab bajarishga to`g`ri kelardi. Eng yomoni, quyi bo`g`indagi muammolar bo`yicha yuqori idoralardagi salqin kabinetlarda o`tirgan, qishloq yoki ovullarda qiynalib yashayotgan odamlarning dardu tashvishlaridan butunlay yiroq bo`lgan, joylarda ahvol qanday ekanini tasavvur ham qilolmaydigan vallomatlar qaror qabul qilardi.

Bugun esa hokimlar mustaqil qaror qabul qilib, mustaqil ish olib borish vakolatiga ega. Ulardan ilgarigidek har bir qadamini Toshkentda, markaziy idoralardagi mutasaddilar bilan kelishish, bo`lar-bo`lmasga ijozat so`rash talab etilmaydi.

Hokim, rahbar inson sifatida, nimanidir bilmasligi yoki ko`zdan qochirishi, xatoga yo`l qo`yishi mumkin, buni tushunsa bo`ladi, lekin u ana shu xatolarini tan olmasa, ularni tuzatishni istamasa, o`qib-o`rganishga, yangicha ishlashga, o`z bilim va tajribasini oshirishga intilmasa, manfaatparastlik va maishatga berilgan bo`lsa, bu holatni mutlaqo kechirib bo`lmaydi.

Mening asosiy talabim – odamlarni tushunish, ularning quvonchu tashvishlari bilan yashash, yon-atrofdagi vaziyatga oddiy xalqning ko`zi bilan qarash va baho berish, el-ulusdan ajralib qolmaslik kerak. Shundagina hudud yoki tarmoqni boshqarish va muhim qarorlar qabul qilishda aniq samara bo`ladi.

Har bir rahbarning faoliyat mezoni – bu xalqning orzu-umidlarini o`zi uchun asosiy maqsad qilib, ularni izchillik bilan ro`yobga chiqarishdan iborat.

Hokim va vazirlarimiz, kompaniya va banklarimiz rahbarlari orasida faol, ishning ko`zini biladigan, chuqur fikrlaydigan yangi avlod vakillari etishib kelayotgani meni quvontiradi. Ular xalq bilan ochiq muloqot qilmoqda, tashabbus ko`rsatmoqda, yuqoridan ko`rsatma kutib o`tirmasdan, mustaqil va dadil ish olib bormoqda.

Afsuski, ba`zi etakchi va mutasaddilar manmanlikka berilib, havolanib, oyog`i erdan uzilganini bilmay qoladi. Bu – ular uchun haqiqiy fojia. Albatta, bunday rahbarlarga bizning safimizda o`rin bo`lishi mumkin emas. Bu nafaqat Prezidentning, ayni paytda xalqimizning, hayotning talabidir.

Savol. Siz davlat rahbari uchun xalq bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqotda bo`lish o`ta muhim ahamiyatga ega ekanini doimo ta`kidlab kelasiz. Lekin hayotda barcha masalalar bo`yicha xalq bilan gaplashish, uning fikrini olish imkoni bormi? Siz ana shunday “bo`shliq”ni to`ldirishga qanday erishasiz?

Javob. Men Prezident sifatida ish boshlagan birinchi kunlardanoq o`z komandamni haqiqiy holatga mutlaqo aloqasi bo`lmagan balandparvoz gaplar va “chiroyli” raqamlarni yoqtirmasligimni aytib, qattiq ogohlantirganman.

Qanchalik achchiq va noqulay bo`lmasin, men faqat to`g`ri va haqqoniy ma`lumotni bilishni istayman. Bu men uchun to`g`ri qarorlar qabul qilishga yordam beradi.

Albatta, bu talabni hamma ham tushunib etgani yo`q, haliyam eskicha usulda ma`lumot berishga urinishlar bo`lib turadi. Lekin men bunday holatlarga yo`l qo`ymaslikka harakat qilaman. Ana shu haqiqatni tushunmaganlarning ko`pchiligi bilan xayrlashdik va bu masalada talab doimo qattiq bo`ladi.

Xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari, jamiyatimizning kelajagi, farzandlarimizning baxtini ta`minlashga qaratilgan bugungi islohot jarayonlarining o`zi shuni talab etmoqda. Bu borada boshqacha yo`l tutishga haqqimiz yo`q.

Yana bir bor aytaman, rahbar va mutasaddi shaxslar o`rtasida kimki ana shu o`tkir talabni tushunmasa, qanchalik og`ir bo`lmasin, ular bilan xayrlashamiz.

Mening mamlakatimiz bo`ylab amalga oshiradigan har bir tashrifimdan asosiy maqsad – xalq qanday yashayotgani, nima bilan nafas olayotganini bilishdan iborat. Bu – o`ta muhim masala. Shuning uchun ko`p hollarda safar davomida yo`nalishni to`satdan o`zgartirishimga to`g`ri keladi. Bunday kutilmagan, hech qanday protokolda qayd etilmagan “marshrut”lar joylardagi rahbarlarni bo`shashmasdan, doimo ishchan holatda turishga o`rgatadi, deb o`ylayman.

Afsuski, necha bor aytishim, ogohlantirishimga qaramasdan, joylarda faqat mening tashrifim oldidan ko`cha va maydonlarni tozalash, bir kechada binolar oldida “maysazor” va “gulzor”lar paydo qilish, umuman, haqiqiy holatni bo`yab ko`rsatishdek xo`jako`rsin ishlar davom etmoqda. Ko`zbo`yamachilik, odamlarni qiynash, soxta va balandparvoz gaplarga o`chlik yillar davomida ba`zi rahbarlarning qon-qoniga shu qadar singib ketgan ekanki, ulardan qutulish qiyin bo`lyapti. Lekin qanday bo`lmasin, bu kabi illatlarga butunlay chek qo`yishimiz kerak. Chunki bunday holatlar rostgo`y, soxta gap va ishni umuman qabul qilmaydigan xalqimizning asl tabiatiga mutlaqo yotdir.

Mahalliy hokimiyat idoralarining ishi Prezident kelib ketishi bilan tugamasdan, aksincha, tashrifdan keyin yangitdan boshlanishi, hatto oldingidan ham ko`payishi lozim. Shundagina ishimizda sur`at va sifat bo`ladi, natija uchun ishlashga o`rganamiz. Ilgari hokimlar tashrifdan tashrifgacha bo`lgan vaqt oralig`ida bamaylixotir, ta`bir joiz bo`lsa, yallo qilib yurardi, endi esa ular o`z oldiga aniq maqsad va vazifa qo`yib, xalq bilan maslahat asosida astoydil ishlamoqda. Chunki ular biladi: Prezident kelgusi safar albatta har bir masala bo`yicha aniq natijani so`raydi.

Biz mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni tezkor hal qilishda vazirliklar, davlat qo`mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo`jalik birlashmalari rahbarlari o`rinbosarlarining shaxsiy mas`uliyati va javobgarligini kuchaytirish, vazifa va vakolatlarini aniq belgilash, shuningdek, ularning faoliyati samaradorligini oshirish bo`yicha yangi tizimni joriy etishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. Shu maqsadda maxsus qaror ham qabul qildik. Yuqorida aytib o`tilgan toifaga mansub rahbarlarning o`rinbosarlari o`zlariga biriktirilgan tarmoq va sohalardagi faoliyatining samaradorligi yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida shaxsan javobgar hamda Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdor ekani belgilab qo`yildi. Boshqacha aytganda, turli bo`g`indagi rahbar o`rinbosarlari o`z boshlig`ining soyasida yuradigan vaqt o`tdi. Endi ular ham aniq vazifalar uchun javob beradi. Shaxsiy mas`uliyat va javobgarlik barcha boshqaruv idoralari xodimlari uchun bosh mezon bo`ladi.

Hozirgi kunda odamlarni qiynayotgan muammolarni joylarda, mahallaning o`zida hal etishga alohida e`tibor beryapmiz. Viloyat, tuman va shahar hokimlari haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilishga ajratmoqda. Shuningdek, kunlik qabullar o`tkazish tizimi yo`lga qo`yilmoqda.

Umuman, har bir hokimning kabineti “Xalq qabulxonasi”ga aylanishi lozim. Shunda har qaysi rahbar hududdagi haqiqiy ahvoldan to`la xabardor bo`ladi, ishida unum va samaraga erishadi.

Albatta, bugungi kunda odamlarni qanday masala va muammolar o`ylantirayotgani, tashvishga solayotganini yaqindan bilishda yordam beradigan ochiq manbalar, axborot tarmoqlari ko`p. Ayniqsa, televidenie, matbuot, Internet hayot nafasini, ta`bir joiz bo`lsa, har bir sohaning “yurak urishi”ni aniq-ravshan his qilishda muhim ahamiyatga ega. Shaxsan o`zim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan yangiliklar, ular orqali bildirilayotgan dolzarb fikrlar, jamoatchilikning diqqat-e`tiborini tortayotgan voqea-hodisalar bilan imkon qadar bevosita tanishib borishga harakat qilaman.

Bir so`z bilan aytganda, zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlangan bizning davrimizda real hayotdan butunlay uzilib qolish mumkin emas. Shunga qaramasdan, xalq bilan turli ko`rinishdagi, deylik, bu rejadagi tadbir bo`ladimi yoki mahalla, tuman, qaysidir muassasaga kutilmagan holatda kirib borish orqali bo`ladimi, umuman, bevosita muloqot hamisha kerak, deb hisoblayman.

Fuqarolar, keng jamoatchilik tomonidan qizg`in muhokama qilinayotgan barcha muammolar e`tibor qaratishni talab etadi. Ularni inkor qilish mumkin ham emas. Albatta, jamiyatdagi qonun buzilishi, adolatsizlik, inson huquqlariga bepisand munosabat, korrupsiya bilan bog`liq holatlarga beparvo qarab bo`lmaydi. Tizimli tus olgan yoki juz`iy muammo bo`ladimi, ularning barchasiga darhol munosabat bildirib, tagiga etish va hal etish zarur.

Masalan, keyingi yillarda tub islohotlar davriga qadam qo`ygan mamlakatimizda taraqqiyot kushandasi bo`lgan illat – korrupsiyaga qarshi izchil kurash olib borilmoqda. Misollarga murojaat qiladigan bo`lsak, 2020 yilda turli darajadagi mansabdorlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun 1723 shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular tomonidan etkazilgan zarar 500 milliard so`mni tashkil etgan. 2021 yilning besh oyida esa 1696 nafar mansabdorga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Etkazilgan zarar 450 milliard so`mni tashkil etmoqda.

Hech shubhasiz, bu moddiy zararlar aybdorlardan undirib olinadi. Korrupsiya balosini jamiyatimiz hayotidan yo`q qilishga qaratilgan siyosat kelgusida ham qat`iy davom ettiriladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
20.08.2021 05:35
Nega bizda Muhtaram Deyiladi menimcha Eng maʼqul variant Janob Prezident