So`nggi yuz yil ichida insoniyat hayotida texnologiya, tibbiyot va oziq-ovqat sohasida misli ko`rilmagan o`zgarishlar yuz berdi. Ammo bu o`zgarishlar faqat turmush tarziga emas, inson tanasi va hatto bosh suyagi shakliga ham ta`sir ko`rsatayotgani aniqlanmoqda.
Yaponiyalik antropologlar tomonidan o`tkazilgan tadqiqot mamlakat aholisi bosh suyagi shaklida so`nggi 100 yil davomida sezilarli o`zgarishlar ro`y berganini ko`rsatdi. Olimlar bu holatni genetik emas, balki hayot tarzi va oziqlanish madaniyati bilan bog`lamoqda.
Masalan, qattiq ovqatdan yumshoq rasionga o`tish. Inson yuzi va jag` suyaklarining shakllanishida chaynash jarayoni muhim rol o`ynaydi. Ilgari odamlar qattiq ildiz mevalar, dag`al don mahsulotlari va kam ishlov berilgan go`shtni uzoq vaqt chaynashga majbur bo`lgan. Bu esa chaynash mushaklarining doimiy faol ishlashini ta`minlagan.
Zamonaviy inson esa asosan termik ishlov berilgan, yumshoq va tayyor ovqatlarni iste`mol qiladi. Natijada chaynash mushaklari avvalgidek kuchli ishlamay qo`ygan.
Olimlar fikricha, mushaklar faoliyati kamayishi yuz suyaklarining shakliga ham ta`sir qilmoqda. Yonoq suyaklari ingichkalashib, yuz qismi nisbatan cho`zilgan ko`rinish ola boshlagan. Bu jarayon muayyan ma`noda jismoniy mashq qilmaydigan odam mushaklarining kichrayishiga o`xshaydi, faqat bu safar o`zgarish suyak tuzilishida namoyon bo`lmoqda.
Nega peshona shakli ham o`zgarmoqda? Tadqiqotning eng qiziq jihatlaridan biri, yaponlarda peshona qismi kengayish o`rniga, pastroq va tekisroq shaklga o`tayotganidir.
Mutaxassislar bu holatni miya hajmining kichrayishi bilan emas, balki bosh suyagining umumiy arxitektonikasi o`zgarishi bilan izohlamoqda. Ya`ni, inson bosh suyagi asta-sekin yumaloqroq shaklga kirmoqda.
Bu o`zgarishlar inson organizmi tashqi muhitga qanday tez moslasha olishini yana bir bor namoyon qiladi.
Shuningdek, erkak va ayol qiyofasi o`rtasidagi farq ham kuchayib bormoqda. Antropologlarni hayratga solgan holat, erkak va ayol bosh suyaklari o`rtasidagi farqning kamayish o`rniga, aksincha, yanada yaqqollashganidir.
Olimlar buni zamonaviy tibbiyot va yaxshi oziqlanish bilan bog`lamoqda. Ilgari ochlik, og`ir mehnat va kasalliklar organizm rivojlanishini cheklab kelgan bo`lsa, hozir inson tanasi o`z genetik imkoniyatlarini to`liqroq namoyon qilish imkoniga ega bo`lmoqda.
Natijada, har bir jinsga xos tabiiy anatomik xususiyatlar ham aniqroq ko`rina boshlagan.
Mutaxassislar bu o`zgarishlar inson DNKsining keskin evolyusiyasi emas deb hisoblashmoqda. Ular fikriga ko`ra, asosiy omil muhit va turmush tarzi.
Yumshoq ovqatlar, doimiy issiq xona, vitaminlarga boy rasion va jismoniy mehnatning kamayishi inson tashqi qiyofasiga ham ta`sir ko`rsatmoqda.
Aytish mumkinki, inson bosh suyagi shakllanishida faqat genetika yoki oziqlanish emas, balki bolalikdagi parvarish usullari ham muayyan ta`sir ko`rsatadi. Masalan, o`zbek jamiyatida chaqaloqlarni uzoq vaqt beshikka yotqizish an`anasi tufayli ayrim bolalarda boshning orqa qismi nisbatan yapaloq shakllanishi kuzatilishi mumkin. Chunki chaqaloq bosh suyagi hayotning ilk oylarida juda yumshoq va tashqi bosimga moslashuvchan bo`ladi. Albatta, bu holat jiddiy tibbiy muammo hisoblanmaydi, ammo u muhit va turmush tarzi inson tashqi qiyofasi shakllanishida qanchalik muhim omil ekanini ko`rsatadi.
Shunday qilib, zamonaviy komfort muhiti faqat hayotimizni engillashtiribgina qolmay, inson tanasi va yuz tuzilishini ham asta-sekin qayta shakllantirmoqda.