So`nggi paytlarda yangiliklar lentasi bir-biridan dahshatli xabarlarga to`lib ketdi: “13 nafar bolani olib ketayotgan Matiz’ YTHga uchradi”, “Bog`cha bolalarini tashiyotgan Damas ag`darildi”. Bir avtomobilda 17, 25 nafar bolalar tashilayotganiga ham guvoh bo`ldik. Bu kabi xabarlar avval odamni hayratga soladi, keyin g`azablantiradi, oxir-oqibat esa qo`rqinchli odatga aylanib bormoqda.
Kuni kecha Navoiy viloyatining Nurota tumanida yuz bergan mudhish voqea esa bu boradagi mas`uliyatsizlikni yana bir bor oshkor etdi. Birgina kichik “Matiz” avtomobiliga 13 nafar bog`cha bolasi va 3 oylik chaqaloqni tiqib harakatlanish — bu shunchaki qoidabuzarlik emas. Bu himoyasiz go`daklarning taqdiri bilan o`ynashish, ularning hayotini arzimas manfaat va qulaylik evaziga xavf ostiga qo`yishdir.
Eng achinarlisi, bu “xavfli sayohat” bir kunlik holat bo`lmagan. Ma`lum bo`lishicha, bolalar shu tarzda yillar davomida tashib kelingan. Haydovchining guvohnomasi yo`qligi, avtomobilning texnik imkoniyatlari mutlaqo inobatga olinmagani, xavfsizlik qoidalari ochiqchasiga buzilgani jamiyatimizdagi loqaydlik qay darajaga etganini ko`rsatadi. Axir, har kuni bir mashinaga o`nlab bola bosib chiqilayotganini mahalla ham, ota-onalar ham, mas`ullar ham ko`rib turgan bo`lsa, nega hech kim buni to`xtatmagan?
Bugun xususiy va oilaviy bog`chalardagi “logistika” masalasi jiddiy tizimli muammoga aylanmoqda. Ayrim muassasalar xarajatni kamaytirish uchun bolalarni xavfsiz transportda emas, imkoni bor har qanday mashinalarda tashishga o`tib ketgan. Natijada esa bolalar xavfsizligi ikkinchi darajali masalaga aylanib qolyapti. Holbuki, rivojlangan davlatlarda bolalarni tashish eng qattiq nazorat qilinadigan sohalardan biri hisoblanadi. Har bir o`rin, har bir xavfsizlik kamari, haydovchining malakasi va transportning texnik holati alohida tekshiriladi. Bizda esa ba`zan bir “Matiz” yoki “Damas” ichiga bolalar xuddi yukdek joylashtiriladi.
Nurotadagi fojia, haydovchining halok bo`lishi va bir necha go`dakning og`ir jarohat olib shifoxonaga tushishi — befarqlik uchun to`langan juda og`ir badaldir. Ammo odatdagidek, bir necha kun muhokama qilib, keyin unutib yuborsak, ertaga yana xuddi shunday fojia boshqa hududda takrorlanishi mumkin.
Eng xavflisi ham shu: biz fojialarga ko`nikib qolyapmiz. Avval bir bolaning xavf ostida qolishi butun jamiyatni larzaga solardi. Endi esa odamlar bu kabi xabarlarni oddiy statistikadek qabul qilishni boshladi. Bu esa har qanday avariyadan ham dahshatliroq holat.
Hududlarda asosan bolalarni bog`chaga tashish ota-ona va haydovchilar o`rtasida asosan og`zaki kelishuv bilan amalga oshiriladi. Ota-ona bolasi uchun oylik yo`l haqi to`laydi. Ammo haydovchi berilayotgan yo`l puli qoplamasligi ortidan bolalarni imkon qadar bir reysda bog`chaga olib borishga urinadi. Bunga ota-onalar ham qarshi bo`lavermaydi, albatta. Chunki agar bolasini o`rindiq soni bo`yicha tashishni talab qilishsa, narx ko`tarilishi mumkin.
Bu borada faqat haydovchini ayblash bilan cheklanib bo`lmaydi. Bu erda mas`uliyat barchaniki: bog`cha ma`muriyatiniki, nazorat organlariniki, befarq ota-onalarniki va jamiyatniki. Chunki bir bolaning hayoti xavf ostida qolganda sukut saqlash ham sheriklikka aylanadi.
Agar hozirning o`zida bolalarni tashish xizmati bo`yicha qat`iy va murosasiz tartib o`rnatilmasa, noqonuniy tashuvlarga qarshi kuchli nazorat bo`lmasa, jamoatchilik befarqlikdan chiqmasa, bu kabi “rekordlar” yana qurbonlar berishda davom etaveradi.
Chunki bola — statistika emas. Uning hayoti har qanday iqtisod, arzon xizmat yoki vaqtinchalik qulaylikdan ustun turishi kerak.