Ko`pkarida ot minib, yoshlar festivalida maqom kuylab yurgan viloyat hokimi Zoir Mirzaev qizilqishloqliklar kasalxonaga tez yordamda emas eshakda eltilayotganidan xabardormikan?
Yangi imkoniyatlar davrida imkoniyatlar etib bormayotgan qishloq. Bu qishloqning homilador ayollari eshakda tug`ruqxonaga boradi. Ba`zida tug`ruqxonaga etmay, yo`lda farzand ko`radilar.
Bolalari o`qiyotgan maktabda doska va partalar etishmaydi. Atrofi o`ralmagan, qo`y-qo`zi va eshaklar maktab atrofida o`tlab yuradi.
Qishloq yo`llarida kasalxonaga etolmay odamlar halok bo`ladi. Aholining tibbiy ehtiyoji uchun qishloq vrachlik punkti yo`q. Bu qishloqda aslida umuman ifratuzilmaning o`zi bo`lmagan.
Qashqadaryoning, Qamashi tumanidagi “Qizilqishloq”ning nomi va aholisidan boshqa taraqqiyotni eslatuvchi bironta unsuri yo`q. Ko`pkarida ot minib, yoshlar festivalida maqom kuylab yurgan viloyat hokimi Zoir Mirzaev qizilqishloqliklar kasalxonaga tez yordamda emas eshakda eltilayotganidan xabardormikan?
“Qishlog`imiz ayolini ikki qop somon ortilgan otga yotqizib tug`ruqxonaga olib borganman. Kasallarni eshakda kasalxonaga olib boramiz. Bizni qishloqqa umuman tez tibbiy yordam mashinasi kelmaydi. Men o`z mashinamda bir necha yildan beri qishlog`imizning 38 nafar ayolini tug`ruqxonaga eltganman. Ularning 8 nafarini mashinamda ko`zi yorigan. Bir nechta ayol va go`daklar yo`l qiyinchiligi sabab, kasalxonaga etmay nobud bo`lgan”, deydi Oqqishloq fuqarosi Normamat Rahimov.
Ikkinchi jahon urushi davrida Qamashidagi Qizilqishloq va Oqqishloqlarda qo`l bilan yo`l qilingan. Hozirgacha 1945 yildagi o`sha yo`l aholi koriga yarab kelmoqda.
Qishloq aholisi soylarda ko`prik bo`lmagani sababli, hatto vafot etganlarni ham ko`ma olmay qolgan vaqtlar bo`lgan. Qizilqishloq mahalla fuqarolar yig`inidagi maktabni, maktab deyishga tilingiz bormaydi. Atrofida o`tlab yurgan mol-xollarni ko`rib ilm maskanini molxonasiga yo`yishingiz hech gap emas.
Qizilqishloqqa mutasaddilarning nazari tushguncha eshaklar tez yordam vazifasini bajarib turishga majbur ko`rinadi.