Korrupsiyaga qarshi kurashiladi, u bilan hamkorlik qilinmaydi. Yoxud Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ikkinchi Inson huquqlari bo`yicha Milliy markaz, Akmal Burxonov esa ikkinchi Akmal Saidov bo`lib qolmasligi kerak

08.12.2020 04:48

O`zbekistonda korrupsiyaga keskin zarba berish niyatida tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vazirlik va idoralar bilan ketma-ket hamkorlik qilishni boshlabdi. Qudratli tashkilotlar bilan «Korrupsiyaga qarshi kurashishda o`zaro hamkorlik to`g`risida» Memorandum imzolab kelmoqda.

Shu o`rinda tushunarsiz bir savol tug`iladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiya nisbatan ko`proq ildiz otgan tashkilotlar bilan qanday memorandum imzolashi mumkin. Misol uchun Bojxona qo`mitasi bilan shartnoma imzolashning o`zi ne-ne maqsadda tuzilgan agentlikning obro`yini tushirib qo`ymasmikin?

Aslida har qanday tashkilotdan xohlagan hujjatini talab qilib olish huquqiga ega bo`lgan agentlik korrupsiya botqog`iga botgan tashkilotlar bilan hamkorlik qilishining o`zi kulgili xol emasmi?

Fikrlarimni noto`g`ri talqin qilishga yo`yishingiz ham mumkin. Ammo agentlik tashkilotlar bilan qancha hujjat imzolamasin, bari bir hech qaysi amaldor men korrupsiyaga qo`l urdim deb mardonavor chiqib kelmaydi. Aniqrog`i, hech bir amaldorni hech qanday hujjat NAFS changalidan chiqarib ololmaydi.

Korrupsiyaga qaqshatqich zarbalar berishi kerak bo`lgan agentlik iltimosnoma ko`tarib korrupsiyaning oldiga borib turishini qanday izohlash mumkin?

Aslida qamchisidan qon tomib turishi shart bo`lgan qudratli tashkilot kimlarningdir eshigining oldida sarg`ayib turishi davlatimizning kelajagiga ham ta`siri o`tkazmasdan qolmaydi.

Tarix va dunyo tajribasidan ma`lumki, korrupsiyaga qarshi kurashiladi. Korrupsiya bilan kelishilmaydi, hamkorlik borasida bitim tuzilmaydi.

Biz esa o`zimizga xos uslubdan hali ham ajrala olmayapmiz. Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi, yoki oyligini o`tkazib baland parvoz va jozibador gaplarni gapiramiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi yoki oyligini belgilash ham muammoga echim bo`la olmaydi. Tasavvur qiling, korrupsiyaga kurashish oyligi tugadi. Bu – “korrupsiyani yana davom ettiraversa bo`ladi” degani emasmi, mabodo. Qancha harakat qilmayin, bari bir boshqacha tushunib bo`lmayapti

Korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida o`tkaziladigan davra suhbatlari ham ko`zbo`yamachilik yoki hisobdorlikdan boshqa narsa emas. Biz chorak asr mobaynida shunday davra suhbatlari bilan o`zimizni o`zimiz aldab keldik. Endi esa stol atrofida gurung qilib o`tirmasdan poraxo`rlarga qarshi kurashadigan vaqt bo`ldi.

1996 yil tuzilgan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Milliy markazini yodga oling. Unga topshirilgan vakolat va mas`uliyatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligidan ham qudratli edi. Ammo bu markaz huquqi poymol bo`lgan oddiy xalqqa emas, aksincha, poymol qiluvchi amaldorlarga moslashib, ular manfaati yo`lida jiiimgina o`tirdi.

Aytmoqchi bo`lganim, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ikkinchi Inson huquqlari bo`yicha Milliy markaz, Akmal Burxonov esa ikkinchi Akmal Saidov bo`lib qolmasligi lozim. (Ularning ismi bir xil bo`lishi tasodifdir, ammo mas`uliyatli ishiga qarashlari o`xshash bo`lib qolmaydi degan umiddamiz.)

To`g`ri, tizimda ishlar ketyapti, korrupsionerlar qo`lga olinyapti. Ammo ularning jazolanishi ham sa-al o`xshamay turibdi, nazarimda. Ya`ni amaldorlar korrupsiyaga qo`l urgani uchun emas, aksincha korrupsiyani uddalay olmay qo`lga tushib qolgani uchun jazolanmoqda.

Chunki qonunlarimiz ham korrupsiyaning oldini olishga emas, “o`xshata olmaganlar”ni jazolashga moslashgan.

Sh.OTABOEV, jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
08.12.2020 18:16
Мулохазалар чакки эмас. Лекин яна хам чуқурроқ қилса бўларди. Яна ўхшамаган жойлари кўп. Масалан Агентликка органни одамлари ишга киргани хам тушунарсиз. Худди режа билан қилинганга ўхшайди, об-хавони билиб туриш учун ёки йўналишга таъсир қилиш учун. Кейин уни агентлик эмас балки Қўмита шаклида тузиш керак эди, шунга яраша ваколатлар билан. Яна бир заиф томони бор, яъни Агентлик бир мансабдорга пора бўйича жиноий иш қўзғашига муваффақ бўлса хам судда иши "ўхшатиб" юбориши мумкин. Хуллас хаммаси хар доимгидек чала. Ва бу чалаликни бут қилиш учун на агентликда, на унинг масъулларида на ваколат бор, на ташаббус ва на имкон.