Shu kunlarda koronavirus avj olayotgani va tibbiyot bu yukni ko`tara olmayotgani sababli yana karantin kuchaytirilishi kerak deydiganlar safi ortmoqda. Xo`sh agar karantin qoidalari kuchaysa, hamma soha vakillari ham inqiroz vaziyatiga tayyormi? O`tgan yili karantin sabab jiddiy ziyon ko`rgan tarmoqlar hanuz foyda ko`rolmayotgani haqida gapirayotgan bir vaqtda, ularning manfaatlarini kim himoya qiladi?
O`tgan yili dunyodagi deyarli barcha davlatlar iqtisodiyotiga koronavirus pandemiyasi jiddiy ta`sir ko`rsatdi. Pandemiya O`zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishiga ham to`siqlar qo`ydi. Turli tarmoqlar qatorida, restoratorlik, sifatli ta`lim yukini ko`tarishib kelayotgan xususiy o`quv muassasalari, shuningdek, yurtimizdagi asosiy va ta`bir joiz bo`lsa eng keng ko`lamli tarmoqlardan biri bo`lgan to`y biznesiga aloqador bo`lgan minglab ishchilar bu vaqtda umuman daromad manbaisiz qoldi.
Rost24.uz muxbiri bir necha soha vakillari bilan suhbatda bo`lib ular inqirozdan qanday chiqib keta olgani haqida qiziqdi.
Dastlabki suhbatdoshimiz, milliy taomlarimizning eng mohir ustalaridan biri sifatida e`tirof etiluvchi Bahriddin Chustiy. U Farg`ona vodiysi, Namangan viloyati, Chust shahrida tavallud topgan. «Oshxona.uz» brendi ostidagi umumiy ovqatlanish tarmog`i: «Oshxona.uz» (Toshkent, Namangan), Chustiy’s Cuisine, Tez Food kafelariga egalik qiluvchi mashhur oshpaz ko`plab taniqli davlat arboblari, siyosatchilar uchun o`zbek milliy taomlarini tayyorlab bergan, turli xalqaro tanlovlarning bir necha bor g`olibi.
2020 yilning sentyabr oyida Bahriddin Chustiyni 70 foizli saturasiya bilan kasalxonadan chiqarib yubormoqchi bo`lishgani, ammo uning ahvoli og`ir ekanligi haqida xabarlar tarqalgandi. Keng jamoatchilik uning sog`ligi uchun qayg`urdi. Bir necha kunlik muolajalardan so`ng uning sog`ligi yaxshilangani haqida xabar berilgandi.
Birinchi bosqich o`tdi, keyin ikkinchi bosqich boshlandi va bu davr qiyin bo`ldi
Karantin boshlangan vaqtda rostini aytaman, juda uzoq cho`zilmasa kerak deb o`ylagandim. Chunki undan oldin juda tig`iz ishlagandik va men bahonada bir oycha dam olsak kerak deb o`ylagandim, deydi Bahriddin Chustiy
Baxtga qarshi pandemiya davri bir necha oy va hattoki yillarga ham cho`zildi. Birinchi bosqich o`tdi, keyin ikkinchi bosqich boshlandi va bu davr qiyin bo`ldi. Ming shukrki har tomonlama qo`llab quvvatlashlar ham bo`ldi o`sha paytda. Meni xursand bo`ladiganim, birinchisi bu hukumat tomonidan umumiy ovqatlanish sohasiga turli xil soliqlardan ozod qilinishi bo`lsa, ikkinchisi tushunadigan ijaraga beruvchi joy egalari ba`zi joylarda umuman to`lov olmaganligi bo`ldi. Ayrim yopilib ketgan joylar ham bor, ularda joyni egalari daromadni topsang topmasang ijarani to`la deb turgani sababli aksariyat joylar yopilib ketdi. Bizda ikkala tomondan ham yaxshilik bo`lgani bois qiyinchilik bilan bo`lsada chiqib oldik inqirozdan. Ikkinchi bosqichning ikkinchi yarmida meni o`zim bemorligim tufayli ko`p narsalardan bexabar qoldim. Ikki oy davolanish jarayoni kechdi va shundan keyin chiqqanimizda hayot o`z o`zaniga tushib olgan edi.
– Kasallikdan olingan xulosalar...
Asosiy xulosa, IVL ya`ni nafas oldiruvchi maska taqqandan ko`ra tibbiy maska taqqan afzal degan xulosaga keldim. Men o`z tajribamda uni foydasini sinab ko`rdim.
– Qaysi restoratorlar ko`proq zarar ko`rdi?
Suhbatdoshimiz, restoratorlarni ikki toifaga ajratishi, ulardan biri ovqat pishirib sotishni biznes deb qaraydiganlar, ikkinchi toifadagilar esa o`zlari oshpaz, ya`ni taom tayyorlashni san`at sifatida, kasb sifatida qaraydiganlar bo`lishini aytadi. Birinchi toifa karantin vaqtida o`z biznesini shunchaki boshqa tarmoqqa almashtirishgan. Ikkinchi toifa ya`ni oshpazlarning o`ziga bundan ko`ra qiyinroq bo`lgan, ular o`z ishini saqlab qolish ustida bosh qotirgan.
– Onlayn xizmatini yo`lga qo`ydik, lekin undan daromad olish emas, xodimlarni saqlab qolish, oyoqda qolish uchungina foydalandik. Karantin davrida daromad ko`rmadik, deydi Chustiy.
– Chustiyni muvaffaqiyat siri nimada?
– Birinchisi bu boshqalarga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda oldinroq faoliyat boshlaganimiz bo`lsa, ikkinchisi biroz noodatiy tarzda fikrlaganimiz, o`zbek oshxonasining vakili sifatida boshqalardan farqli, hech kim qo`llamagan usullardan foydalanganimiz, va albatta ota onamizni duosidadir.
Ammamni o`g`li bilan ishni boshlagandik, Namanganda birinchi oshxonamizni ochganimizda. 10 ming dollardan pul qo`shib, yana qarz ham olib ochgandik. O`z-o`zidan erishmadik bu kunlarga, bir necha marta tushishlar bo`ldi yana qaddimizni ko`tarib davom etdik va bu kunlarga etib keldik...
Bahriddin Chustiyning rejalari ko`p, u aynan o`zbek oshxonasining o`ziga xos jihatlarini mujassam etgan loyihalarni ko`paytirish niyatida.
Shahzod Bahodirov, 1997 yil 12 dekabrda G`ijduvon tumanida tug`ilgan.“Thompson school” nodavlat ta`lim muassasasi asoschisi va direktori.
Uni ko`pchlik Harry Thompson sifatida taniydi. Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga qabul qilinganidan so`ng u o`qish barobarida poytaxtdagi eng nufuzli o`quv markazlaridan birida dars bera boshladi. Ikkinchi kursdan boshlab, o`qishning shartnoma pulini o`zi to`laydi. Institutda dars soat 9:00 da boshlansa, u ertalab 7:30 dan to 8:30 gacha dars berar, keyin institutdagi darsiga borar, dars tugagach, yana o`quv markaziga yo`l olardi. Bugun u 24 yoshda va o`nlab kuchli o`qituvchilarni o`zida jamlagan yirik o`quv markazlari tarmog`i rahbari sanaladi.
“Bizni o`ldirmagan narsa, bizni kuchli qiladi”
– Karantin haqidagi xabarni eshitishim bilan birinchi qilgan ishim ishga kelib odamlarni tinchlantirish bo`lgan, dedi "Thompson" maktabi asoschisi - yosh tadbirkor Shahzod Baxodirov. Qoidalarga bo`ysungan holda o`quv kurslarini yopdik va bu haqida o`quvchilarimizga xabar berdik. ZUUM platformasi orqali o`qishlarni onlaynga o`tkazishga harakat qildik. Unda bu dastur bizda juda ommabop emasdi, zudlik bilan o`qituvchilarga uni o`rgatishni boshladik. Biz shu bilan bir qatorda videodarslarni yaratish ustida ishlarni boshladik. Karantingacha oyiga 10000 dollar daromad ko`rayotgan bo`lsak, karantinda bu nolga tushdi. Men faqat ishchilarimizni saqlab qolish ustida ishladim. Boshlanishida videodarslar, kitoblar sotdik. Har bir kitobdan bir ikki ming qolardi va uni ham ishchilarga oylik sifatida berib turdik. Avgust oyida kitobni sotib olganlarga o`quv kurslarini bepul taqdim qilishga qaror qildim va bu yaxshi daromad berdi. Karantin bo`lsada avgust oyida 6000 dollar foyda qila oldim. Sentyabr oyida biz "minus" holida ishladik. Bugungi kunda aytishim mumkinki, faoliyatimiz barqarorlashdi.
Ko`pchilik kichkina o`quv markazlari yopilib ketdi, qaysidirlari kattaroqlariga qo`shildi. Lekin, yangiliklar ham joriy etildi. Ijtimoiy tarmoqlarga o`tishdi. Masalan, to`liq onlaynga o`tgan o`quv markazlari bo`ldi. Karantin paytida qiyin bo`ldi deymiz, bizni o`ldirmagan narsa bizni kuchli qiladi, deyishadi, Biz karantinda daromad emas, biznesni qutqarish ustida ishladik. Shuni biz epladik, lekin ko`pchilik uni eplay olmadi...
– Karantin davrida xususiy ta`lim muassasalariga davlatdan yordam bo`ldimi?
Shahzod Bahodirovning qayd etishicha, karantin davrida yordam bo`lmagan. Faqat davlat joylarini ijaraga olganlargagina qandaydir imtiyozlar bo`lgan, lekin xususiy joydan ijaraga olganlar daromad bo`lmasada to`lovlarni to`lashga majbur bo`lishgan.
Men davlatdan hech narsa kutmayman...
– Ko`pchilik yoshlar aytadi, davlat menga subsidiya bersin yoki qandaydir imtiyoz bersin deb. Davlat qilishi kerak menga deydi. Men ishni boshlayotganimda 19 yoshda edim. Otam bankrot bo`lgandi. 40 ming AQSh dollari qarzimiz bor edi, qolaversa ijarada turardik. O`shanda bir o`quv markazida ishlardim, o`z ishimni ochishga majbur bo`ldim, chunki otamga yordam berishim kerak edi. Xo`sh men davlatdan yordam kutib turishim kerakmidi? Yo`q. Men 19 yoshda o`z g`oyalarimga otamni do`stini ishontirdim va 20 ming dollar qarz oldim. Filialim tayyor bo`lganda 60 ming dollarga yaqin qarz bor edi. Buncha pulni kredit sifatida ola olarmidim, yo`q. Qancha hujjat, garov, kafolat kerak bo`lardi. Davlatni vazifasi yoshlarga bilim, ko`nikma berish va sharoit yaratib bersa hamma narsani yoshlarni o`zi qiladi. Noliydigan yoshga 100 ming dollar kredit bersangiz ham hech narsa qilolmaydi.
Shahzodning hozirda loyihalariga yirik sarmoyadorlar ham qiziqish bildirmoqda. Tompson maktablari soni esa ortib bormoqda. Yaqin yillarda respublikaning turli hududlarida ham bu kabi kurslar ochilish ehtimoldan holi emas.
Biz himoyasiz edik, davlat ishi bari bir yaxshi ekan...
O`zbekistonda karantingacha bo`lgan davrda eng daromadli biznes yo`nalishlaridan biri to`y biznesi edi. Bir to`yning ortidan yuzlab kishi ro`zg`or tebratardi. Osh damlagan oshpazdan tortib, to`yda qo`shiq kuylagan xonandagacha, fotograflar, gulchilar, to`yxona egalari, oshpazlar... Xullas, katta industriya desak adashmaymiz. Karantin davrida ayni shu sohada xizmat ko`rsatuvchilar holati ham havas qilarlik darajada emasdi. 30 kishilik to`ylarning o`tkazilgani to`y egalariga ancha iqtisodiy naf keltirgan bo`lsa, to`y ortidan kun kechirganlar uchun inqiroz davri bo`ldi.
Nishon Abduvoitov ham yosh bo`lsada, to`ylarni tasvirga olish bo`yicha tajribasi katta.
– Karantin videochilar uchun judayam og`ir keldi, deydi tasvirchi Nishon Abduvoitov. – To`ylar yo`q, aynan shu yumush ortidan daromad ko`ruvchilar qiyin ahvolda qoldi. Boshqa qiladigan ish yo`q. Boshqa daromad yo`q, faqat to`ylar ortidan pul topamiz. Vaziyatdan chiqishga harakat qildim. Davlat korxonasiga ishga o`tdim. Davlat idorasidan oylik olib sekin o`zimga kelib oldim. Menku ish topdim lekin, bir videochi do`stim bor edi. U juda qiynaldi.
Karantingacha o`rtacha videostudiyalar 20 million 30 milliongacha daromad qilardi. Men o`rtacha 10 milliongacha oyiga olardim. Karantinda buni hammasi to`xtadi. Inqirozni engish uchun saytlarga videolar qilib berdim.
Davlat idoralari ishlasa ishlamasa o`z xodimlariga pul berdi, xususiydagilar esa yo`q.
Nishon Abduvoitovning aytishicha, davlat korxonalari o`z xodimlarini qaysidir ma`noda himoya qildi. Xususiy studiyalarga esa hech qanday imtiyoz va yordam bo`lmadi, ular o`z muammolari bilan qolib ketishgan.
Eslatib o`tamiz, Moliya vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, oylik maoshidan soliq to`laydiganlar soni joriy yilda 4,64 mln. nafarga etdi. Bu 2020 yil may oyiga nisbatan (4,1 million) 486,6 ming kishiga ko`pdir. Lekin, bu ishga layoqatli aholi qatlamining uchdan birini ham tashkil etmaydi. Bu ular ishlamayotgani emas, rasmiylashtirishsiz ishlaydigan aholi soni rasman ishlayotganlarnikidan ancha ko`pligini bildiradi. Aynan shunday ishchilar karantin davrida ko`proq ziyon ko`rgani aytilmoqda.