Ekologlar maoshi 1 mln. 200 ming so`m. Bu maosh bilan ular O`zbekiston ekologiyasini himoya qila oladimi?
Ekologiya qo`mitasiga daraxt kesilishining oldini olish uchun etarli vakolat berilmagan
O`zbekistonda asosan daraxtlarni fuqarolar emas, balki tadbirkor, quruvchilar kesmoqda.Ekologiya qo`mitasining ish tizimi nochor holatda ekani, viloyatlardagi boshqarmalari texnikasiz, kam maosh hamda vakolatsiz ishlab kelayotgani ma`lum.
O`zbekiston matbuoti “tonirovka” qimmatligi va daraxtlarning kesilishiga qarshi qanchalar kurashmasin bu ikki masala hamon kurashuvchilar foydasiga hal bo`layotgani yo`q.
Toshkentda “Yuksalish” umummiliy zalida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Yig`ilish xuddi mavjud muammolarni hal qilish uchun emas, hisobot berilgani haqida hisobot berish uchun o`tkazilgandek.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi raisi hisoboti tinglangach, qo`mitaning viloyat boshqarmalari tomonidan haqiqiy vaziyatga yaqin achinarli raqam va ochiq ma`lumotlar tinglandi.
Ekologiya qo`mitasida daraxt kesilishining oldini olish vakolati yo`q
Xususan, Ekologiya qo`mitasi vakillarining ochiq bayonot berishicha, daraxtlar kesilishining oldini olish uchun qo`mitada to`liq vakolat yo`q. Ya`ni qo`mita faqatgina hokimiyat so`roviga nisbatan xulosa beradi xolos. Hokimiyat esa xulosaga ko`ra javob qaytaradi. Ammo, Ekologiya qo`mitasi vakillarining bildirishicha, hokimiyat ko`pgina erlarni qo`mita xulosasidan avval tadbirkorlarga sotib yubormoqda. Tadbirkorlar esa “kotlavan” qazib bo`lgachgina “ekologiya”ga xulosa olish uchun murojaat qolmoqda.
Toshkent shahrida bir nechta qo`p qavatli uylarning qurilish ishlar boshlangandan so`ng, qurilish erida avval daraxtzorlar bo`lgani aniqlangan. Shu sababli, tadbirkorga er ajratilishidan avval Ekologiya qo`mitasiga murojaat qilish, umuman daraxt kesish bo`yicha ruxsat berish vakolati to`laligicha ushbu qo`mitaga o`tkazilish takliflari o`rtaga tashlandi. Aslida esa bu bo`yicha ko`rsatma berilganiga 1 yil bo`ldi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi PF-6044-sonli farmoniga muvofiq, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasiga davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish vakolatini mahalliy davlat hokimiyati organlaridan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi organlariga berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va hukumatga kiritish vazifasi yuklatilgan. Biroq shu kunga qadar mazkur topshiriq bajarilmagan.
Ekologiya qo`mitasi vakillarining dalolat berishicha, O`zbekistonda asosan daraxtlarni fuqarolar emas, balki tadbirkor, quruvchilar kesmoqda.
Xususan, Denovda 100 ga yaqin noyob daraxtlarni «Denov tuman yo`llardan foydalanish» UK vakillari kesgan va ularga jarima qo`llangan.
Xulosa shuki, Ekologiya qo`mitasi Avtomobil yo`llari qo`mitasi va shahar, tuman hokimliklari oldida kuchsiz bo`lib qolmoqda.
Shu bilan birga Ekologiya qo`mitasiga daraxtlarni muhofaza qilish maqsadida ularning soni, turi, yoshi, tanasining diametri, geografik joylashuvi va boshqa parametrlari bo`yicha hisobga olish hamda reestrini yuritish topshirilgan. Ammo bugunga qadar qo`mita tomonidan jamoatchilikka bu borada ma`lumotlar berilmagan, yangidan ekilgan daraxtlarning hisobini yuritish ishlari ham tizimli tashkil etilmagan.
Ekologiya qo`mitasi vakolatsiz, pulsiz, texnikasiz
Yig`ilishda ichki nozik masalalar ham muhokama qilindi. Bizning-cha, qo`mita faoliyatini sustligiga ta`sir qilayotgan eng asosiy omillar shulardan iborat.
Ekologiya qo`mitasining Jizzax bo`limi vakilining aytishicha, qo`mitaning viloyat bo`limlari ahvoli og`ir. Maosh bor yo`g`i 1 million 200 ming so`m. Qo`shimcha to`lovlar bilan arang 2 millionga etishi mumkin. Shuningdek, qo`mitaning viloyat bo`limini o`z binosi yo`q va ular ijarada ishlab kelmoqda. Shu bilan birga xududlar zarur texnikalar bilan jihozlanmagan. Misol uchun, daraxtlarni ildizi bilan ko`chirib o`tkazish moslamasi faqatgina Toshkent shahridagina mavjud, u ham bo`lsa bir dona.
Shu kungi yig`ilishda Ekologiya qo`mitasining ish tizimi nochor holatda ekani, viloyatlardagi boshqarmalari texnikasiz, kam maosh hamda vakolatsiz ishlab kelayotgani ma`lum bo`ldi. Demak, O`zbekistonning ekologiyasini himoya qiluvchi ekologiya qo`mitasi va partiyasining nomidan o`zga narsasi keraklicha vakolati yo`qdek tuyular ekan.