Ommaviy vaksinasiyada aholini majburlash to`g`rimi?
Bugun Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Covid-19ga qarshi vaksinalarning aholi salomatligiga ta`siri mavzusida o`tkazilgan matbuot anjumanida Rost24.uz jamoasi quyidagi savolga javob oldi.
O`zbekistonda 18 yoshdan oshgan 14 toifadagi fuqarolar koronavirusga qarshi emlanishi shart etib belgilandi. Bu Respublika maxsus kommissiyasining 17 iyuldagi yig`ilishida tasdiqlangan edi. Bunga ko`ra, vaksina olishdan bo`yin tovlaganlarga qanday chora ko`riladi?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligi o`rinbosari Nurmat Atabekov yuqoridagi savolga javob berdi. Ularning ta`kidlashicha, aholi emlanmaslik tufayli qanday javobgarlik bo`lishi kerakligi bo`yicha Adliya vazirligiga topshiriq berilgan. Vazirlik buni o`rganib chiqib, huquqiy asosini yaratgandan keyin bu bo`yicha qanday javobgarlik bo`lishi ochiqlanar ekan.
Lekin bu javobgarlik ishlab chiqulgunicha ham qisqa cheklovlar o`rnatilishi aytildi:
“Hozir biz aholini emlash uchun ular aynan xavf osti guruhida ekanligini eslatish orqali, qolaversa ular aholiga xizmat ko`rsatish barobarida kasallikni yuqtirish mumkinligi, kasallikning manbaiga aylansa, odamlarga xavf tug`dirishi mumkinligini qayta-qayta takrorlayapmiz. Bu aholi qatlamini biz emlashimizdan maqsad, kasallik tarqalib ketmasligi va imkon qadar kasallik manbaini jilovlash orqali epidemiologik barqarorlikka erishaylik, aholida immunitet tarangligini shakllantirish orqali epidemik barqarorlikka erishaylik deyapmiz. Negaki, biz agar emlanmasak, buning ustiga shu paytgacha kasallanmagan bo`lsak, biz kasallikni yuqtirish ehtimoli yuqori bo`lgan aholi qatlami hisoblanamiz. Kasallikni engil o`tkazsak ham, shu jarayonda boshqa odamlarga yuqtirish ehtimoli juda katta bo`ladi. Bu kasallikni engil siz o`tkazsangiz ham, boshqa shaxslarda bu jarayon og`ir kechishi mumkin. Virus har odamga yuqish jarayonida kuchini orttiradi, buni biz mutaxassislar juda yaxshi bilamiz. Shu nuqtai nazardan, biz emlanishi shart bo`lgan aholi qatlamini belgilayapmiz.
Meni nazarimda, o`sha qatlam vakillari emlanishdan bosh tortsa, ular o`sha faoliyat bilan vaqtincha shug`ullanmay turadi. Ular uyida o`tiradi yoki bo`lmasa, odamlar bilan muloqotga kirishmaydigan boshqa sohada vaqtincha band bo`lib turishadi. Negaki, biz vaziyatni jilovlashimiz kerak.
Nima uchun majburiy emlanadigan aholi deymiz? Negaki, bu kasallikni emlash orqali boshqarish mumkin. Chunki, bu kasallikni tibbiyot boshqara olmaydi, aksincha kasallik bizni boshqaryapti. Koronavirus 13 turdagi boshqariladigan virus kasalliklari qatoriga kiryaptimi, demak biz emlanishi kerak bo`lgan aholini emlashimiz shart!” – deya so`zini yakunladi Nurmat Atabekov.
Yakunda shuni aytib o`tishimiz kerakki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov O`zbekistonda aholini majburiy emlash qonunga zid ekani va shunday bo`ladigan taqdirda huquqiy hujjatlarga belgilangan tartibda o`zgartirish yoki qo`shimchalar kiritish talab etilishini aytgandi.
Quyidagi aytib o`tilgan gaplar esa umuman boshqa. Balki yaqin kunlarda qonunchiligimizga o`zgartirish kiritilar.
Kutamiz, kuzatamiz…