Tolibon va uning atrofidagi boshqalar

21.07.2021 14:55

Faqat vaqt o`tishi bilan ochiladigan sirlarga taxminiy sharhlar

Oxirgi oylarda dunyo yangilik va xabarlarining eng asosiy mavzusi yana Afg`oniston va Tolibon masalasi bo`lib qoldi. Garchi, Tolibon Afg`onistonning doimiy, o`z navbatida vaqti vaqti bilan ko`tarilib pasayib turadigan masalasi bo`lsa ham ammo bu safar vaziyat tubdan boshqacha.

Amerika Kongressida bir necha yillardan beri tortishuvlarga sabab bo`layotgan mavzuga Donald Tramp boshqaruvi hal qiluvchi qarorni bergan edi. Yangi kelgan Jo Bayden hukumati ham Afg`onistondan Amerika askarlarini olib chiqib ketish qaroriga zudlik bilan kirishdi. Bu bilan Amerika hokimiyat almashinuvidan engil nafas olgan hukumatlarni ham shoshirib qo`ydi. Uning uchun eng muhimi, iqtisodiy samarasizlik. Ya`ni Afg`oniston uchun ikki trillion dollar sarflanishi Amerika g`aznasiga zarar bo`lgani birlamchi unsur. Bu jarayon esa Afg`onistondagi vaziyatga qiziquvchi barcha uchun endi nima bo`ladi degan savolni o`rtaga qo`ydi va bahs-munozaralar avjiga chiqdi.

AQSh, Afg`oniston va Tolibon

Amerika uchun Afg`onistondan chiqib ketishning eng katta sababi moliyaviy va uzoq yillik faoliyatining samarasizligidir. Bundan tashqari, Afg`onistonda tolibonga bo`lgan simpatiya ham yildan yilga kuchaydi. Lekin bu Amerika hukumati Afg`onistondan o`z manfaatlaridan ham butunlay voz kechib chiqib ketayapti degani emas. Bu erda ikkita taxminga borishimiz mumkin. AQSh Afg`onistonda o`z manfaatlarini batamom qondirdi, yoki tolibon bilan uzoq yillik manfaatlar uchun kelisha oldi. “Taxmin qilayapmiz” deyishimizga sabab, bu jarayonda qatnashayotgan deyarli barcha davlatlar Afg`onistondan nega va qanday manfaatdor ekanligini ochiqlamayotganidir. Albatta, buni davlat va hukumatlar siri shaklida tushunish mumkin, lekin barchasi uchun umumiy manfaatdorlik bu Afg`onistonda “tinchlik o`rnatilishi” soyaboni ostida bo`lib o`tmoqda. Siyosatda esa manfaatsiz hech qachon va hech qanday ish bitmaydi.

Shuningdek, Amerika harbiylari bu erdan chiqib ketar ekan O`rta Osiyo va boshqa manfaatlar asosida da`vo qilayotgan mamlakatlar bilan ham munosabatlar olib bormoqda. Bu borada Amerika ustunlikka egalik qilsa-da, belgilangan shartlar asosida kelishuvlarga erishishni rasmiy shaklda amalga oshirishni ma`qul ko`rayapti. Bunga misol tarzida, O`zbekiston va Tojikiston delegasiyasi bir vaqtda (02.07.2021) Vashingtonda uchrashuv o`tkazdi va uchala tomon ham bayonotlar berdi. Amerika O`zbekiston hududida harbiy baza ochmaslik kelishuvi deyarli uzil-kesil hal bo`ldi. Bu borada siyosiy manfaatlar muvozanati to`g`ri kelmadi, yanayam to`g`rirog`i, bu kelishuvga erishish uchun Rossiya va Xitoy qarashlari ham muhim rol o`ynaydi. Ammo umumiy vaziyatda, O`zbekiston tomonining bu qarori ayni vaziyat uchun eng to`g`risi deya qabul qilinishi xató emas. Tolibonlar bilan bo`lgan kelishuvlarda bu ham o`z o`rnida oldindanoq hal qilingan ko`rinadi.

AQSh, Qozog`iston, Rossiya va Tolibon

Qozog`istonda esa Amerikaning harbiy bazasi ochilishi hali ham kun tartibida bo`lsa-da, Kreml matbuot kotibi D.Peskovning “Qozog`iston bilan chegara va er masalasi bo`yicha hech qanday muammomiz yo`q” deyishi vaziyatga jiddiy oydinlik kiritdi. Ammo Qozog`iston tomoni hal qiluvchi qarorni hali aytgani yo`q. Rossiya hukumatining surunkali agressiv harakatlarini hisobga olsak, Qozog`icton bu masalada manfaatdor tomonligi aniq. Buni esa vaqt ko`rsatadi.

AQSh, Tolibon va intellektual immigrasiya

Amerika hukumatining eng asosiy muammolaridan biri, olib kirilgan harbiy texnikalarni Afg`oniston hukumatiga tashlab ketmoqda va bu harbiy texnikalar bilan ishlashni Afg`on hukumati askarlariga o`rgatmoqda. Bundan tashqari shu paytgacha, amerikacha ta`lim ko`rgan hamda Amerika-Afg`oniston munosabatlarida faol bo`lgan 50.000 ga yaqin aholini Amerikaga ko`chirib ketish tadbirini ham olib borayapti. Bu esa o`z navbatida, Afg`onistondan intellektual kuchning ham chiqib ketishiga sabab bo`lishi bilan bir qatorda, intellektuallarning o`rnini to`ldirish muammosini ham tug`iladi.

Afg`oniston, Rossiya va Tolibon

Bu uchlik eng manfaatdor taraf albatta Rossiya va Tolibon. Rossiya Tolibonni o`z manfaatlari yo`lida qo`llay olish tajribasiga ega. Shuningdek, Tolibonga asosan qurol-aslaha etishtirib beruvchi donor davlat hamdir. Keyingi bir necha yillar davomida Rossiya va Tolibon harakati uchrashuvlari ancha tig`iz kechdi va ko`plab masalalar ushbu uchrashuvlarda ko`rib chiqilgan ko`rinadi. Lekin aniq qaysi masalalar tilga olingan va kelishilgan bu usta tahlilchilarga ham hali qorong`u yoki sabr bilan natijalarni kutib turishibdi. Bu uchrashuvlarda O`zbekiston, Turkiya va Tojikiston manfaatlari ham o`rtaga qo`yilgan va ish taqsimoti belgilab berilgan ko`rinadi. Chunki, bu uchala davlatning harakat tarzidan shunday gumonga borish mumkin.

Amerikaning bu erdan chiqib ketishining yana bir sababi, Rossiyaning aralashuvi deb ham taxmin qilish ehtimoli ham bor. Balki, bu aralashuv AQSh hukumati uchun ayni muddao bo`ldi va vaziyatdan ustalik bilan foydalandi. Nima bo`lganda ham Rossiya bu borada bosh rolga egalik qilishda da`vogar, lekin buni uddalay oladimi yo`qmi vaqt ko`rsatadi. Taxminimcha, Rossiyaning Afg`oniston hududiga yana askar olib kirishi Putin hukumatining umrini shiddat bilan qisqarishiga sabab bo`ladi xolos. Bu bir tomondan O`rta Osiyo mamlakatlariga ham ta`sirini o`tkazmasdan qolmaydi.

Turkiya, Pokiston, Xitoy va Tolibon

Bu to`rtlikning siyosiy (aslida moddiy) manfaatdorligi, to`g`ridan-to`g`ri Xitoy hukumatiga borib taqaladi. Eng katta og`irlik Turkiya hukumatiga tushayotgan bo`lsa-da, bu erdagi eng asosiy savol shu: Turkiya nega Afg`onistonda harbiy bazaga ega, manfaati nimada? Bu savolga javob topish uchun yana bir savolga aniqlik kiritish kerak. Turkiya Suriyada nega bor edi? Bu savolga shunday ochiqlik kiritish mumkin. Turkiya o`z mintaqasida eng asosiy davlat ekanligini isbotladi va endigi maqsad global kuchga ega bo`lish istagidir. Mintaqadagi mavjud vaziyat va barcha shartlar istisnosiz Turkiya foydasiga ishlamoqda. Pokiston, Turkiyaning har tomonlama hamkori hisoblanadi. Hatto, Pokiston generallarining deyarli barchasi turkchani mukammal biladi. So`ngi paytlarda, Turkiya-Xitoy munosabatlari ham jiddiy o`zgargan, siyosiy-iqtisodiy hamkorliklar ikki tomonlama qo`llab-quvvatlanmoqda. Qisqa qilib aytganda, Xitoy, Pokiston va Turkiya munosabatlari chambarchas bog`liqligi Afg`onistonda katta rol o`ynayapti. Bundan tashqari, Afg`on hukumati, aholisi va armiyasida Turkiyaga nisbatan simpatiya kuchli va nizoli sabablarga sabab bo`ladigan muammolari yo`q. Xitoy esa Afg`onistonda shu paytgacha necha marta hukumat almashgan bo`lsa ham hech qanday anglashilmovchilikka bormagan yagona davlat maqomida va bundan keyin ham shunday yo`l tutishi aniq. Pokiston esa Tolibonga otalik maqomidagi davlat hisoblanadi. Rossiya bilan esa bu davlatlarni umumiy manfaatlar bog`lab turadi.

Tolibon, O`zbekiston va O`rta Osiyo

Tolibon va O`rta Osiyo mamlakatlari umumiy vaziyatda qanday o`rinda va qanday manfaatlar bilan bog`lanadi?

Shubhasiz, bu borada ya`ni, Tolibon haqida eng ta`sirli bayonotni O`zbekiston Tashqi Ishlar vaziri A.Komilov berdi. Vazir o`z bayonotida Tolibonni terror yoki jangari tashkilot deb hisoblamasligini aytib o`tdi. Shu bilan birga, O`zbekiston uchun Tolibon katta xavf emasligini ham alohida ta`kidladi. Tashqi ishlar vazirimiz bu qarorga qachon kelgan va nega kelgan bu alohida savol mavzusidir.

Bu erda diqqatni tortadigan yana bir nuqta bor. Agar O`zbekiston hukumati Tolibonni jangari guruh deb qabul qilmasa (deylik shunday qarorga kelingan bo`lsa), Afg`oniston shimolidagi etnik o`zbek va tojiklar nega Tolibon bilan qaqshatgich urush olib borayapti? Nega A.Do`stim ham bor kuchi bilan kurashayapti? Mantiqan, asosiy tendensiya Afg`onistonning ichki ishlariga aralashmaslik ekan bu vaziyatda, Afg`onistonning bo`linib ketmasligiga kim kafolat beradi?

Xitoy, Rossiya va Tolibon

Amerikaning Afg`onistondan chiqib ketishi aniq bo`lgach, bu erdagi vaziyatning barcha “og`irligi” Xitoy va Rossiya o`rtasida taqsimlanadigandek vaziyat yuzaga chiqayapti. Lekin masalaning bir nechta chigal tomonlari bor. Birinchidan, Rossiya Afg`onistonda o`z harbiy bazasini ocha oladimi? Agar bunday vaziyat amalga oshsa, bu Putin Rossiyasi uchun qanchalik foyda yoki zarar? Bunga Rossiyaning moliyaviy qudrati etadimi? Ikkinchidan, yuqorida ta`kidlab o`tganimizdek, Xitoy Afg`onistonda hech qaysi hukumat bilan ziddiyatga bormasdan yashab kelayotgan yagona davlat. Xitoyning Afg`onistonda harbiy baza ocha olmasligi kundek pavshan, lekin Xitoyning mintaqada iqtisodiy gegemonligini hisobga olsak, bu erdagi manfaatdor mamlakatlar Xitoy atrofida birlashadimi? Afg`oniston va Tolibon borasida nomi ko`p zikr etilayotgan davlatlarning deyarli barchasi Xitoy bilan to`laqonli munosabatdagi davlatlar ekanligini hisobga olsak, Afg`onistonda Xitoy negizli baza shakllanadiganday tuyulayapti. Lekin bu qo`yilgan savollarga faqatgina bir necha yillardan keyin aniqroq javob topish mumkin. Hozircha, bu savollar ochiq qolayapti.

Afg`oniston va O`zbekiston

Shu paytgacha bo`lgan kuzatuvlardan bilamizki, O`zbekistonning Afg`onistonga bo`lgan salbiy yoki ijobiy munosabati katta davlatlar, aniqrog`i, Rossiya va AQSh soyasida shakllangan va shunday davom etib kelmoqda. O`zbekiston rahbariyati siyosatida hech qachon mintaqada markaziy kuchga ega bo`lish harakati kuzatilmagan, hatto buning “siyosiy embrioni” ham shakllanmagan deyish mumkin. Bu esa hali global ta`sirga ega bo`lish maqomini xayolga hal keltira olmasligidan darak. Siyosiy atmosferada mustaqil rol o`ynay olish uchun har bir davlat avvalo o`z mintaqasida so`z egasi bo`la olishi juda katta o`rin tutadi. O`zbekiston qo`shni davlatlar orasida tabbiiy ravishda asosiy davlat maqomiga ega bo`lsa-da, buni amalda isbotlashi juda ham kechikayotgani tushunish qiyin bo`lgan hodisa.

Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, Afg`oniston va Tolibon borasida oldindan belgilangan qandaydir instruksiya ishlayapti. Bu insturksiya bizga tashqi tomondan buzuq ko`rinayotgan bo`lsa-da, ichki mexanizmlarida tartibli murvatlar joylashtirilganga o`xshaydi. Bu mexanizmdagi o`q esa mintaqada ishtirok etayotgan har bir davlatning siyosiy va iqtisodiy manfaatidir. Lekin bu manfaatlar qanchalik taqsimlangan bu biz ochiqlash qiyin bo`lgan masala. Ammo bu manfaatlarni qo`lga kiritish uchun Amerika hukumati bilan uchrashuvlardan keyin bilib qolayotganimizdek, qandaydir badallar to`lash kerakligi ham o`rtaga chiqib qolayapti. Tojikiston o`z ustiga tushgan vazifani oldinroq e`lon qilib bo`ldi. O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa hali ham qanday kelishuv bo`lganligini sir saqlab kelmoqda. Ba`zi bir ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekiston delegasiyasi 9000 dan ortiq Afg`on qochoqlarini qabul qilish uchun majburiyat olganligi aytiladi.

Fazliddin Madiev,

Turkiya Karabuk Universiteti,

Xalqaro Siyosiy Iqtisod fakulteti magistri

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
23.07.2021 18:33
imlo xatolari odamni ixlosini qaytaradi, "tabbiiy"