Keshbek nega kechikyapti? Soliq qo`mitasi sabablarni ochiqladi

13.06.2026 10:29

So`nggi oylarda “Soliq” mobil ilovasida hisoblangan keshbek mablag`lari o`z vaqtida tushmayotganidan noroziliklar ko`paydi. Soliq qo`mitasi bunday holatlarning asosiy sabablarini ma`lum qildi.

Qo`mita vakillari blogerlik faoliyatida soliq ma`muriyatchiligiga bag`ishlangan onlayn muloqot chog`ida keshbek to`lovlari nega kechikayotgani haqidagi savollarga javob berdi.

Rasmiy ma`lumotga ko`ra, keshbek mablag`lari kechikishining eng keng tarqalgan sabablaridan biri, xarid amalga oshirilgan korxona tomonidan soliq hisobotlarining o`z vaqtida taqdim etilmasligi hisoblanadi.

Ya`ni, iste`molchi mahsulotni sotib olgan va chekni rasmiylashtirgan bo`lsa ham, tadbirkorning hisobotlari bilan bog`liq muammolar tufayli keshbek mablag`i o`z vaqtida tushmasligi mumkin.

Shuningdek, korxonaning soliq qarzdorligi mavjud bo`lsa ham keshbeklarni o`tkazish muddati kechikishi ehtimoli borligi aytildi.

Fuqaro boshqalarning xatosi uchun kutishi to`g`rimi? Qo`mita izohida texnik va ma`muriy sabablar keltirilgan bo`lsa-da, bu holatda keshbek dasturi iste`molchini chek olishga va iqtisodiyotni legallashtirishga rag`batlantirish uchun joriy etilgan. Fuqaro esa, o`z majburiyatini bajarib, chekni ro`yxatdan o`tkazgan bo`ladi.

Shunday ekan, korxona hisobot topshirmagani yoki soliq qarzi borligi uchun xaridor o`z mablag`ini kutib qolishi qanchalik adolatli? 

Soliq qo`mitasi mutaxassislari keshbek mablag`i hisoblanmagan yoki kechikayotgan holatlarda fuqarolarga 1198 qisqa raqami orqali murojaat qilishni tavsiya qildi.

Ma`lum qilinishicha, murojaatdan keyin mas`ul xodimlar chek holatini o`rganib, mablag` kechikishining aniq sabablarini tekshirishi mumkin.

Mavzu ayni paytda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki avvalroq Soliq qo`mitasi aprel oyi uchun to`lanishi kerak bo`lgan 102,5 milliard so`mlik ijtimoiy keshbek to`lovlari vaqtincha to`xtatilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek, “Soliq” mobil ilovasida ko`plab foydalanuvchilarga ommaviy tarzda “shubhali foydalanuvchi” maqomi berilgani ham keng muhokamalarga sabab bo`lgan.

Keshbek tizimi fuqarolarni yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashga jalb qilishning muhim vositasi hisoblanadi. Biroq, to`lovlarning kechikishi, ommaviy tekshiruvlar va mablag`larning vaqtincha to`xtatilishi kabi holatlar aholida tizimga nisbatan ishonchni susaytiradi. 

Shu bois, fuqarolarning huquqlari va mablag`lariga daxldor bo`lgan bunday holatlarda faqat sabablarni tushuntirish emas, balki aniq muddatlar va kafolatli mexanizmlarni ham jamoatchilikka ochiq taqdim etish muhim ahamiyatga ega.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар