Ish tashlash uchun jarima va qamoq jazosi belgilandi, ammo ishchilarning huquqlari haqida hech nima deyilmagan

12.06.2026 10:09

Ish tashlash bilan bog`liq qonunchilikka o`zgartishlar kiritilibdi. Yangi tartibga ko`ra, ayrim holatlarda ish tashlashda ishtirok etgan yoki noqonuniy deb topilgan ish tashlashlarga rahbarlik qilgan shaxslarga nisbatan ma`muriy va jinoiy javobgarlik qo`llaniladi.

Biroq, e`lon qilingan ma`lumotlarda asosiy e`tibor taqiqlar va jazolarga qaratilgan bo`lib, ishchilarning ish tashlash huquqi qay tartibda amalga oshirilishi mumkinligi haqida ma`lumot berilmagan.

Qonunchilikka kiritilgan o`zgartishlarga muvofiq, mehnat qonunchiligiga ko`ra ish tashlash taqiqlangan hollarda ish tashlashda ishtirok etganlik uchun BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha jarima;

noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilganlik uchun BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima belgilandi.

Shuningdek, agar bunday harakatlar uchun avval ma`muriy jazo qo`llangan bo`lsa, keyinchalik jinoiy javobgarlik ham yuzaga kelishi mumkin.

Bu holatda BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima;

360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;

3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish kabi jazolar nazarda tutilgan.

O`zbekistonda ish tashlash umuman mumkinmi?
Aslida O`zbekiston qonunchiligida ish tashlash huquqi to`liq taqiqlanmagan.

Mehnat kodeksiga muvofiq, ish tashlash — jamoaviy mehnat nizosini hal qilishning oxirgi choralaridan biri hisoblanadi. Ya`ni, ish beruvchi va xodimlar o`rtasidagi kelishmovchilik muzokaralar, vositachilik yoki boshqa kelishuv mexanizmlari orqali hal etilmagan taqdirdagina ish tashlash masalasi ko`tarilishi mumkin.

Biroq, bunday qarorni qabul qilish uchun muayyan tartib-taomillarga rioya qilinishi talab etiladi. Qonun ayrim sohalarda, xususan aholi hayoti va xavfsizligi uchun muhim bo`lgan xizmatlarda ish tashlashni cheklashi yoki taqiqlashi mumkin.

Qonuniy ish tashlash tartibi qanchalik ishlaydi?

Yangi o`zgartishlar haqidagi xabarlarda asosan jarimalar va jazolar sanab o`tilgan. Ammo, qonuniy ish tashlash qanday tashkil etilishi, xodimlar o`z huquqlarini qanday himoya qilishi mumkinligi, ish beruvchi bilan nizolarni hal qilish mexanizmlari haqida izoh berilmagan.

Bu esa mehnat huquqlari sohasida bir qator savollarni ochiq qoldiradi. Chunki xalqaro mehnat amaliyotida ish tashlash huquqi ishchilarning asosiy ijtimoiy huquqlaridan biri sifatida qaraladi. Shu bois, faqat jazolarni kuchaytirish emas, balki qonuniy ish tashlashning aniq va ishlaydigan mexanizmlarini ta`minlash ham muhim hisoblanadi.

Yangi normalar qabul qilinishi bilan birga, qaysi holatlarda ish tashlash qonuniy hisoblanishi, xodimlar o`z talablarini qanday tartibda bildirishi mumkinligi, ish tashlashdan avval qanday kelishuv mexanizmlari ishlashi kerakligi, ishchilarning mehnat huquqlarini himoya qilish uchun qanday kafolatlar mavjudligi haqida ham ma`lumotlar berilsa, maqsadga muvofiq bo`ladi. 

So`nggi o`zgarishlar ushbu savollarga aniq javob berishdan ko`ra, birinchi navbatda javobgarlik choralarini kuchaytirishga urg`u bergani mehnat munosabatlari sohasida huquq va majburiyatlar o`rtasidagi muvozanatga ta`sir qilmaydimi?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар