XXXII yozgi Olimpiya o`yinlarini sharmandali boshladik
Bir jamoa bo`lib harakat qilinadigan o`yinlarda jamoadoshlarning bir-birlarini tushunishlari nima uchun muhim?! Albatta, bir-birlari tushunadigan tilda hiyla qilsagina, jamoa g`alaba qozonadi.
Yakkakurashlarda buni sportchining o`zi hal qilishi kerak. Lekin vaqt bilan bog`liq bo`lgan engil atletika, suzish kabi sport turlarida hiyla ishlatib bo`lmaydi. Kuchaytiruvchi gormonal dorilar ham ish bermasligi mumkin. Shu sababdan barcha xalqaro sport tashkilotlari "halol o`yin" mexanizmini ishlab chiqishgan.
Ammo O`zbekiston suzish federasiyasi Tokio yo`llanmasi uchun shu ishni qilgan ko`rinadi. Har holda hindistonlik sportchining noroziligi shundan.
O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi esa suzish bo`yicha lisenzion O`zbekiston ochiq chempionatida sodir bo`lgan vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Nohaqlik qilingandirki, O`zbekiston suzish federasiyasi bosh kotibi Alisher G`anievni vaqtincha o`z lavozimidan chetlatilish talabi qo`yilgan.
Odatda o`zbekistonlik suzuvchilar Olimpiya yo`llanmasini qo`lga kiritishdan boshqa natija ko`rsata olishmaydi. Agar statistika uchun shunga ham g`irrom aralashgan bo`lsa, bu oldinga siljish emas, aksincha, o`z-o`zini aldashdan boshqa narsa emas.
Yolg`onning uchinchi turi – statistika bilan o`zimizni o`zimiz aldashimiz mumkin. Va bunga o`zimiz ishonmagan holda ishonamiz. Ammo bizni yolg`onlarimizga o`zga yurt vakillari ishonishga majbur emas.
Aslida nima bo`lgan edi?
21 aprel kuni hindistonlik sportchi Likit Selvarash Prema yutubda video e`lon qildi. Unda o`zbekistonlik sportchilar g`irromlik yo`li bilan olimpiadaga yo`llanma olgani ma`lum qilingan. Premaning fikricha, mahalliy tashkilotchilar o`zbekistonlik sportchilarning natijalarini sun`iy yaxshilab qo`yish orqali ularga yo`llanmani taqdim etishgan. «Masalan, Aleysey Tarasenkoning 100 metrga erkin usulda suzish bo`yicha natijasi 48,55 soniya deb ko`rsatildi, biroq uning asl natijasi 51 soniya edi», degan Prema va bunga isbot sifatida video ham taqdim qilgan.
Hindistonlik sportchining aytishicha, natijalar asosan final bosqichi bo`lmagan ertalabki bahslarda o`zgartirilgan. Likit Selvarash Prema tashkilotchilarning e`tiborini tortish uchun sobataj uyushtiradi. U 200 metrga brass usulida suzish bahslarida startga chiqmaydi.
Biroq vaziyat boshqa tarafga o`zgaradi. Tashkilotchilar tomonidan mahalliy huquqini talab qiluvchilarga qo`llanadigan USUL ham qo`llanadi. Ya`ni Prema startga chiqmagani uning yaxshi eshitmasligi bilan bog`liq degan tibbiy ma`lumotnoma olishga harakat qilishadi. Aniqrog`i, hindistonlik sportchini qulog`i kar odamligini hisobotda isbotlamoqchi bo`lishadi. Uni hatto hasadchiga ham chiqarishadi.
Alal-oqibat esa bizning o`zimizga xos usul o`zgalarga o`tmay qoladi. Natijada, dunyoga sport bilan emas, sportdagi sharmandagarchilik bilan tanilyapmiz. Bunday olib qaraganda, bu ham tanilishning yaxshigina usuli bo`lsa kerak.