Vazirlar Mahkamasi e`tiboriga
Vatan uchun tik turib jon berganlarga “O`zbekiston Qahramoni” unvoni berilishiga nima to`sqinlik qiladi?
Abdulla Qodiriy, Cho`lpon, Abdurauf Fitrat... Bular "O`zbekiston Qahramoni" unvoniga arziydimi, yo`qmi? Albatta, bu biz xulosa qiladigan masala emas.
Lekin mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan shu jadid bobolarimizga ushbu unvon berilsa yaxshi bo`lardi. Bu mukofot faqat tiriklarga beriladi, degan qoida bo`lsa, istisno tariqasida, albatta.
Qolaversa, nomlari zikr etilgan bobolarimiz merosi va jasorati oldida tirik yurgan ko`pchiligimiz pesh emasmiz. Aynan ular peshonasida miltiq tiralib turgan bo`lsa-da, millatning bugungi ozodligini, tilini va o`zligini qattiq turib himoya qilishgan edi.
Bizning 65 nafar deputatimizga o`xshab tilimizga bepisandlik qilishmagan edi... Ular ozodlik uchun bilvosita jonlaridan kechgan, o`limni bo`yniga olib shu Vatan, millat hurligini himoya qilgan va buni tik turib mustabidlar yuziga aytishdan qo`rqmagan edi...
To`g`ri, ular bugun oramizda yo`q, biroq bugun biz kuylayotgan istiqlol g`oyalari yoki mintaqa integrasiyasi, buyuk millat va davlat g`oyalarini aynan shu jadid bobolarimiz shakllantirishgan, tomirlarimizda oqayotgan qonga singdirib ketishgan edi.
Amerikalik muarrix Edvard Ollvort “Turkiston” atamasi joriy qilinishini jadidlarning keyingi avlodlarga ta`sir ko`rsatgan intellektual xizmati, deb hisoblaydi.
Tarixchi yana qayd etadiki, o`sha mustabidlikning olatasir zamonlarida ham kommunistik mafkura tomonidan etnik jihatdan betaraf kishilarni yaratishga urinishlar bo`lganiga qaramay, XX asrning 80-yillarida ham o`zbeklar uchun SSSRga umumiy tegishlilikdan farq qiluvchi Vatan tushunchasi mavjud edi.
Mamlakatda O`zbekistonga nisbatan “ona yurt” atamasi ishlatilar, bu SSSR davridagi maktab darsliklaridagi katta harf bilan yoziladigan “Vatan” tushunchasidan farq qilar edi.
Bu, albatta, o`sha qaramlik davrlarida ham xalqimiz qalbida erkka, ozodlikka bo`lgan talpinishning mudom “o`lmagani”ni anglatadi. Hech shubhasizki, bu tuyg`u millatparvar bobolarimizning benazir xizmati mahsuli, desak hech adashmagan bo`lamiz. Shu ma`noda, ularni har qancha sharaflasak arziydi.