AQSh va O`zbekiston aloqalarining yangi davri ochildi...
Tinchlik korpusi O`zbekistonga qaytmoqda…
2020 yil fevral oyida AQSh va «Tolibon» o`rtasidagi kelishuvga binoan AQSh harbiylarini Afg`onistondan olib chiqib ketishining so`nggi muddati belgilangan edi, ammo tahlilchilar «Tolibon» kelishuvdagi shartlarni bajarmaganini eslatmoqda.
Kelishilgan shartlarga binoan ular «Al-Qoida» bilan aloqalarini uzishi kerak. CNN telekanali ma`lumotiga ko`ra esa joriy yilning noyabr oyi boshlarida AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper Oq uyga maxfiy xabar yuborgan. Unda Esper Afg`oniston taraf shartlarni bajarmaguncha, AQSh o`z harbiylarini qisqartirmasligi kerak, degan. Shundan so`ng, 9 noyabr kuni, Tramp Esperni tvitter orqali lavozimidan ozod qiladi. O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 19 noyabr kuni Pentagonda ayni paytda AQSh mudofaa vaziri vazifasini bajarayotgan Kristofer Miller bilan uchrashdi.
Rost24.uz muxbiri O`zbekiston tashqi ishlar vaziriga AQSh — Afg`oniston — O`zbekiston munosabatlariga doir ayrim savollar bilan murojaat qildi.
AQSh Afg`onistondagi harbiylarini kamaytirsa, bu O`zbekistonning Afg`onistondagi rejalariga qanday ta`sir qiladi? O`zbekiston dengizga chiqish istiqbolini Afg`oniston bilan bog`lamoqda. Oq uyda AQShning Afg`onistondagi harbiylarini kamaytirishi haqidagi xabarlarning yangrashi O`zbekistonni xavotirga soldimi? Bu savollar Markaziy Osiyo bilan qiziquvchi tomonlarni, shuningdek, siyosatshunos va diplomatlarni ham birdek qiziqtirib kelmoqda.
— Afg`onistonda hozir juda katta ijobiy o`zgarishlar jarayoni kechmoqda. Kecha Doxadan bu borada yana bir yaxshi xabar keldi, – dedi Komilov. — AQShning Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod o`zi baho berib, mana shu fikrni bildirdiki, hozirda ikki tomon kelishib, asosiy prinsiplarni ishlab chiqib, hujjat qabul qilishdi. Bu prinsiplar kelajakda tinchlik o`rnatish, muzokaralarda qaysi yo`ldan borish, qanday mavzular, qoida va prosedurada bo`lishi kerakligidan iborat. Bu juda katta yutuq bo`ldi. Chunki hozirgacha faqat mana shu ikki oy mobaynida muzokaralarni qanday boshlash kerak, hattoki muzokara o`tkaziladigan xonaga kim birinchi bo`lib kirishi kerakligi bo`yicha ham fikr almashishdi va bu jarayon juda cho`zilib ketdi. Mana, endi hozirda ular kelishib olishdi va amaliy muzokarani boshlashdi. Bu juda katta yutuq va ijobiy voqea.
Ikkinchidan, AQSh vaqti-soati kelganda bu yil yoki kelasi yil shartnoma asosida Afg`onistondan ketishi kerak edi. Lekin, shunday xavotir bo`lyaptiki, agar AQSh Afg`onistondan to`satdan ketib qolsa, u erda bo`shliq paydo bo`lib qolishi mumkin. Bizning fikrimizcha, AQSh Afg`onistonni tashlab ketmaydi. Chunki Afg`onistondagi tinchlik va farovonlik avvalambor AQShning milliy xavfsizlik manfaatlari uchun nihoyatda muhim. 11 sentyabr voqealari ekstremizm masofa tanlamasligini ko`rsatgan.
— Sizning 19 noyabrda AQShga qilgan tashrifingizda AQSh Tinchlik korpusining O`zbekistonga qaytishi haqida ham muzokaralar bo`lgani aytildi. Tinchlik korpusi O`zbekistonga qaytadimi?
— Tinchlik korpusi vakillari O`zbekistonga keladi.
— 2021 yilda O`zbekiston va AQSh strategik dialogi uchrashuvi Toshkentda o`tishi kutilmoqda. Unda qanday masalalar ko`riladi?
— Bu yangi anjuman, yangi uchrashuv va yangi tadbirdir. U oldingi dialoglarga qaraganda keng doirada o`tkaziladi, va albatta, kun tartibi ham o`zgaradi. Unda uzoq muddatli strategik masalalar ko`rib chiqiladi va o`ylaymanki, kelajakda AQSh va O`zbekiston aloqalari kuchayishiga o`z hissasini qo`shadi. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning AQShga qilgan tashriflari bois strategik hamkorlikning yangi davri ochilgan.