Aktrisa hikoyasi: pandemiya meni esankiratib qo`ydi

05.07.2021 20:05

“Yalmog`iz kampir” obrazi pandemiya sharoitida sahnada yaratgan ilk rolim bo`ldi. 20 yillik faoliyatim davomida doim ijobiy qahramon obrazida o`ynardim. Salbiy qahramon rolida o`zimni birinchi marta sinab ko`rdim, juda ham yoqdi!

Ma`lumotnoma: Men Nafosat Pozilova Respublika Yosh tomoshabinlar teatrida 2001 yildan buyon ishlab kelaman. Ushbu ijodiy dargohda ishlayotganimga bu yil 20 yil to`ladi.

Bolalarni juda ham yaxshi ko`raman, ular bilan ishlash juda ham maroqli. Teatr jamoasi ilk kelgan kunimdayoq meni quchoq ochib kutib olishgan. Yillar davomida biz bir oila kabi ishlab kelish bilan birga, qancha-qancha obrazlarni jonlantirishda bir-birimizga tirgak ham bo`lamiz.

Pandemiya meni sarosimaga tushirdi

Pandemiya davrida to`g`risi bitta men emas ko`pchilik qiynaldi. Pandemiya odamni esankiratib qo`ydi. Biz ijodkorlar esankirab, ijoddan to`xtab qoldik.

O`tgan yili 15 martda teatrimiz yopildi. O`sha kuni xomush, xafa bo`lib uyga qaytdim. O`sha kunlari “Zolushka”, “Shum bola”, “Sohibjamol va Maxluq” spektakllarini

qo`yishimiz kerak edi, biletlar sotilib bo`lingandi. Endi nima bo`ladi? Qachon ishga tushamiz? Hech kim, hech narsa bilmaydi.

Spektakllarimiz qo`yilmaydigan bo`ldi. Chunki, har doim biz sahna tomoshalari ko`rsatib bolalar bilan muloqotda bo`lib turganmiz. Shuning uchun ijodimiz birdaniga to`xtab qolganday bo`ldi. Uch kun uydan hech qaerga chiqmadim, ozgina yig`lab ham oldim.

Mening oilam

Qizim Mohigul yig`laganimni ko`rib ovutishga tushdi, keyin o`zimni qo`lga oldim. Turmush o`rtog`im Baxtiyor Pozilov ham kasbi bo`yicha teatr rejissyori. Ammo ancha yildan buyon o`z mutaxassisligi bo`yicha ishlamaydi. Sakkiz yildan buyon Rossiyada mehnat qiladi. Ikkita qizimiz bor. Kattasi Turkiyada yashaydi, turmushga chiqqan. Kichkinasi Mohigul men bilan birga. Mohigul O`zbekiston davlat drama teatrida ishlaydi, biroq u aktrisa emas, liboschi. Karantin qizim uchun ham og`ir keldi.

Internet va men

Pandemiya davrida internet meni do`stimga aylandi, tinglovchi yagona tomoshabinim desam ham bo`ladi. Internet TVdan ko`ra aktyorlarga mashhur bo`lishda yordam beradi. O`z malakangizni oshirasiz, tomoshabinlarga monolog, she`r yoki nimadir qo`lingizdan kelgan narsani internetga joylab bemalol saytlarga qo`yib shular orqali mashhur bo`lsangiz bo`ladi.

Lekin men mashhur bo`lishga umuman qiziqmayman… to`g`risi qo`limdan kelguncha internetga videolar tashlayman. O`zimizning teatr kanalimizga monolog, she`rlar joylashtiraman. Yagona ovunchog`im esa kitoblar bo`ldi. Uyda javondagi yangi kitoblarni mutolaa qildim, ba`zilarini qayta o`qib chiqdim.

Oylik maoshimizni vaqtida olib turdik. Buning uchun teatrimiz rahbariyatiga rahmat aytaman.

 4 oy o`tib teatrga qaytdik

Nihoyat iyul oyining boshlarida teatrga qaytdik. Spektakl repetisiyasiga chaqirgan kuni o`zimni baxtiyor his qildim. Ishga yurib emas, balkim uchib bordim. Teatrga kirdimu o`zimga yoqimli va tanish muhitga tushdim, atrofimda ustozlarimiz va hamkasblarmiz portretlari va burchakda jilmayib turgan o`zimni rasmimga ko`zim tushdi, jilmaydim, mana yana keldim Nafosat dedim unga qarab…

Hamkasblarimiz bilan quchoq ochib ko`rishdik, hammamiz yig`ladik.

Pandemiya sharoitida bizning ijodiy jamoamiz “Uchar kema” va rus tilida “Bremenskie muzkant” spektakllarini tayyorladi va ularni onlayn platformaga joyladik. Keyinchalik pandemiyadan qaytganimizdan keyin bu spektaklni premera qilib, Debyut-2021 teatrlar festivalida qatnashdik.

Kattalashtirish uchun tugmachani bosing.

O`z muxlislarim bor

O`zimning muxlislarimga egaman. Teatrda ustozlarimdan ko`p narsa o`rganish bilan birga boshqalarga ham o`rgataman. Agar kimdir “Nimani orzu qilasan?” deb so`rasa, “bolalikka qaytgim keladi”,- degan bo`lardim.

To`g`risi, bolalik bilan vidolashishni umuman yomon ko`raman. Chunki, inson bola bo`lib, hayotga bolalarcha nazar bilan qarasa, maza qilib yashaydi deb o`ylayman…

Kino…

Kinoda o`ynashni orzu qilaman, agar yaxshi tarixiy film bo`lsa. Masalan, Kumushbibiga o`xshagan obrazlar menga juda ham yoqadi, lekin to`g`ri endi yoshim to`g`ri kelmaydi, albatta…

Bolajonlar o`zga bir dunyo

Bolalar jonu dilim! Sahnada o`ynayotganimda doimo ularni chehralariga tikilaman. Agar shovqin solsalar demak, diqqat e`tiborlarini yo`qotyapmiz. Nimanidir noto`g`ri qilyapmiz, nimanidir o`zgartirishimiz kerak. Bolani ishonchini va e`tiborini qozonish oson ish emas, chunki ularni ichki dunyosi kattalarnikidan butkul farq qiladi. Ular zalda qiyqirib kulsalar yoki diqqat bilan bizni sahna o`yinimizni kuzatsalar – bu biz uchun katta baxt…

Ketdim…

Endi uzr, shu joyda siz bilan muloqotni to`xtataman, chunki  bir past o`tib spektakl boshlanadi. Meni, Yalmog`iz kampirni jajji tomoshabinlarim kutmoqda…Ketdim..Ie, voy..supurgi esimdan chiqa qolibdiku….

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар