YoXUD BOSh VAZIR O`RINBOSARI A.ABDUHAKIMOV BOShQARUVIDAGI BIROR BIR TARMOQNING QAYSI BIRI FAVQULODDA RIVOJLANIB KETDI?
O`zbekiston hukumatida bir shaxsning bir nechta rahbar lavozimlarida ishlab kelishi ko`p bora kuzatiladi. Rost24.uz axborot sayti bir vaqtning o`zida bir nechta tarmoqlarni boshqarib kelayotgan rahbarlarning karera pog`onalari va lavozimlari haqida axborot berishda davom etadi.
Aziz Abduqahhorovich Abduxakimov 2008 yildan buyon hukumatdagi yuqori lavozimlarni egallab kelmoqda.
So`nggi kunlarda shaharda velosipedda yurishni targ`ib qilayotgan vazir ayni damda 5 ta va yana bitta qo`shimcha rahbarlik “kreslo”sining “egasi” hisoblanadi.
Birinchi, O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari — Turizm va sport vaziri.
Ikkinchi, O`zbekiston shaxmat federasiyasi raisi.
Uchinchi, Samarqand shahridagi «Ipak yo`li» xalqaro turizm universiteti rektori.
To`rtinchi, «Chorvoq» erkin turistik zonasi direksiyasi direktori.
Beshinchi, O`zbekiston Badminton federasiyasi raisi kabi lavozimlarda faoliyat yuritadi. Shuningdek, qo`shimcha ravishda Bo`stonliq tumanining boshqaruvi ham Aziz Abduhakimovga yuklatilgan.
5+1 ta lavozim — bir kishi uchun ko`plik qilmaydimi? Qiziq bir kunning o`zida amaldor Aziz Abduhakimov 5 ta lavozimdagi idoralariga borib ulgiradimi? Agar har bir lavozimi undan har kuni idorada bo`lishni talab qilmasa, ushbu mansabning bor yoki yo`qligi qanchalar muhim.
Boringki, O`zbekistondagi internet tezligi bilan bu rahbarga lavozimlarini onlayn tizimda boshqarish mumkin bo`lsa, bir vaqtning o`zida 6 tarmoqqa javob berish kishini zo`riqtirib, ishchanligini susaytirmaydimi? Oltita mansabning bitta egasiga beriladigan savollar ko`p. Javoblari berilarmikan...
Aziz Abduhakimov ko`p lavozimda ishlashini quyidagicha izohlagan: “Bu hammasida ishlab hammasidan oylik oladimi, shuncha pulni qaerga ishlatadi”, degan savollar ham bo`lgan. Bitta narsani aytishim mumkin, men faqat bosh vazir o`rinbosari sifatida oylik olaman”, degan u.
Demak, O`zbekistonda maosh olmasdan turib xohlagancha lavozimni egallasa bo`ladi. Unda yana bir tabiiy savol tug`iladi: Agar bitta rahbar oltitalab lavozimni egallab tursa, rahbarlarni o`qitadigan akademiyalar ochib, ularni o`qitish, yangi davlat kadrlarini joy joyiga qo`yadigan agentliklar tuzishdan mantiq bormi o`zi?
Qolaversa, jamoatchilik bu mansabdorni turli tadbir va safarlarda ko`p bora ko`radi. Tadbirlardan ortib yana shuncha tarmoqni egallash, bu sohalarda rivojlanish kuzatilmasligiga olib kelishi ham bor gap.
Aziz Abduhakimov egallab turgan lavozimdagi tarmoqlar boshqalarga nisbatan alohida rivojlangani yoki favqulodda yutuqlarga erishib borayotgani hozircha kuzatilgani yo`q. O`zini reklama qilib suratlarga tushish va aslida odatiy vazifasi bo`lgan ishlarni ko`z-ko`z qilaverish bu o`sha sohaning gullab, javlon urib rivojlanayotganini afsuski bildirmaydi. To`g`ri, birgina “piar”ga ruju qo`yish bu tarmoqlarda rivojlanayotgan bo`lishi mumkin, ammo Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov egallab turgan tarmoqlari oldida hali echimini kutib turgan muammolari bisyor. Bu esa saytimizning navbatdagi mavzusi.
Kuzatishda davom eting. Rost24.uz muxbirlari oltita mansabning bitta egasiga biriktirilgan tarmoqlar ayni paytda qanday rivojlanayotganini tahlil qiladi.